Sobiq deputat Dusovga nisbatan ochilgan sud ishi vaqtincha toʻxtatilgan

15:50 28 Sentyabr 2020 Jamiyat
1606 0

Oliy sud Xalq taʼlimi vazirligining Q.Dusovga nisbatan daʼvo arizasi boʻyicha yuritilayotgan fuqarolik ishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

"Daʼvogar – Xalq taʼlimi vazirligi javobgar – Qobul Dusovga nisbatan tashkilotning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisidagi daʼvo ariza bilan fuqarolik ishlari boʻyicha Chirchiq tumanlararo sudiga murojaat qilgan.

Ushbu daʼvo ariza ish yurituviga qabul qilinib, hozirgi kunda fuqarolik ishi qoʻzgʻatilgan.

Dastlabki sud majlislarida fuqarolik ishi boʻyicha taraflarning bayonotlari, guvoh koʻrsatmalari olinib, sudning 2020-yil 23-sentyabr kunidagi ajrimiga koʻra fuqarolik ishi yuzasidan sud-lingvistika ekspertizasi tayinlanib, uni oʻtkazish Chirchiq davlat pedagogika instituti zimmasiga yuklatilgan va fuqarolik ishi ish yuritishdan toʻxtatilgan.

Mazkur fuqarolik ishi ekspertiza xulosalari olinganidan soʻng tiklanib, sudda koʻrilishi davom ettiriladi.

Shu oʻrinda ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab boʻlgan ushbu fuqarolik ishi boʻyicha oʻtkazilayotgan sud jarayonini yoritayotgan ayrim jurnalist va blogerlar eʼtiborini Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasi (ommaviy axborot vositalari erkinligini suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmasligi) ning talablariga yana bir bor qaratmoqchimiz.

Unga koʻra, muayyan ish boʻyicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yoʻl bilan taʼsir koʻrsatish taqiqlanadi.

Shuni yodda tutish kerakki, sud – mustaqil hokimiyat. U kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmaydi. Sud faqat qonunga tayanadi, dalillarga asoslanadi.

Bosh qomusimizning 112-moddasida: “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi”, deb qayd etilgan.

Albatta, demokratik huquqiy davlatni soʻz erkinligi, yaʼni fikrlar xilma-xilligi tamoyilisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Taraqqiy etgan davlatlarda soʻz erkinligi va fikrlar xilma-xilligi taraqqiyotni harakatga keltiruvchi muhim kuch sifatida yuksak qadrlanishi ham shundan. Bu muhim omillar esa, oʻz navbatida, qonun ustuvorligi tamoyiliga boʻysunadi.

Biroq, soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligini xayolga kelgan gapni aytish, birovni haqorat qilish, shaxs qadr-qimmati va shaʼnini yerga urish qabilida tushunish kaltabinlikdan boshqa narsa emas.

Soʻz erkinligi yuksak masʼuliyat va madaniyat belgisidir. Bu tamoyilga hamisha hurmat bilan munosabatda boʻlish talab etiladi.

Mamlakatimizda sudlar ochiq-oshkor (yopiq sud majlislari bundan mustasno) faoliyat yuritadi. Sud jarayonlarida har kim bemalol ishtirok etishi mumkin.

Ammo baʼzi jurnalistlar va blogerlar sud jarayonida ishtirok etarkan, hali sud hukmi yoki qarori oʻqib eshittirilmay turib, bu haqda taxminiy munosabatlarini saytlarida eʼlon qiladi. Bu ham – sudga, sudyaga bosim oʻtkazishning bir koʻrinishidir.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimizki, sud ishiga asossiz aralashish, sudyani hurmat qilmaslik mavjud qonunlarga bepisandlik sifatida baholanishini unutmang", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?