Oliy Majlis Senatida xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi

05:15 16 Aprel 2022 Siyosat
3760 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2022-yilning 15-aprel kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Komissiya raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Komissiya aʼzolari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlis kun tartibi doirasida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining nizomi, 2022-yilgi ish rejasi, Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish Dasturini tasdiqlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil mart oyida xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha qabul qilingan farmon va qarorlari ijrosining borishi muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, sogʻligʻini saqlash, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida 2022 – 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur tasdiqlandi.

Ushbu yoʻnalishda yagona yondashuv asosida vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tuzildi.

Mazkur faoliyatni quyi tizimgacha yoʻlga qoʻyish maqsadida mahalliy Kengashlarda hududiy komissiyalar tashkil etilishi belgilandi.

Komissiya asosiy vazifalari qatorida xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, gender tenglik va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi hamda monitoringini olib boradi.

Shu bilan birga, Komissiya Milliy dastur va uni amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda tegishli vazirlik va idoralarga, hududlarga koʻmaklashadi va qatʼiy nazorat oʻrnatadi.

Majlisda Komissiyaning faoliyatini tashkil etish boʻyicha Nizom va uning 2022-yilgi ish rejasi muhokama etildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida hamda Milliy dasturda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha belgilangan topshiriq va vazifalar ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish, tahlil qilib borish, hududiy komissiyalar ishini toʻgʻri va samarali tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida Respublika komissiya aʼzolari hududlarga biriktirilganligi qayd etildi.

Majlisda, shuningdek, davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan dastur loyihasi ham muhokama etildi.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushi 27 foizni tashkil etmoqda. Rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar ulushi esa 10 foizga ham yetmaydi.

Bu borada rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturi ishlab chiqildi. Endilikda mazkur dastur asosida har yili kamida 100 nafar xotin-qiz Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻqitiladi.

Komissiya majlisida 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur ijrosiga ham eʼtibor qaratildi. Dasturda ijro muddati kelgan bandlar boʻyicha masʼul vazirlik va idora rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Ushbu yoʻnalishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda tezkor choralarni koʻrish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Komissiya majlisida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?