Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri va fraksiyalar rahbarlari “Yoshlar parlamenti” aʼzolari bilan uchrashdi

15:20 17 Avgust 2020 Siyosat
1396 0

Davlat va jamiyat boshqaruvida, qonun ijodkorligi jarayonida, umuman, barcha soha rivojida yoshlarning fikrlari va saʼy-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishlari uchun yoshlarga koʻplab imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, joriy yilning 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga yana-da kengroq jalb etish maqsadida Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida “Yoshlar parlamentlari” tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti”ga bir oy davom etgan saylovlarda mamlakatimiz boʻylab turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 11 mingdan ziyod yoshlar orasidan 250 nafar aʼzo saylandilar. Jarayon demokratik tamoyillar asosida, erkin raqobat muhitida, qizgʻin tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida oʻtkazildi.

Joriy yilning 17-avgust kuni “Yoshlar parlamenti” aʼzolarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri hamda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuvi oʻtkazildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov oʻz soʻzida “Yoshlar parlamenti” ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda yoshlarning ishtirokini taʼminlashga qaratilgan fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismiga aylanayotganini alohida taʼkidladi.

Uchrashuvda Qonunchilik palatasi Spikeri yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligini barcha bosqichlariga jalb etish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish yuzasidan yangi va ustuvor yoʻnalishlarni belgilashda ularning faolligini yana-da kuchaytirish hamda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi.

— Yoshlar parlamenti – shunchaki oddiy tuzilma emas, balki yoshlarimizning siyosiy faolligini taʼminlashga xizmat qiladigan haqiqiy maydondir, — deydi Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov. — Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini boyitish, qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish, qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasida keng targʻib qilishda, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlikning oldini olishda Oliy Majlisga va davlat hokimiyatining boshqa organlariga samarali yordam beradi deb ishonamiz. Shu oʻrinda biz Yoshlar parlamenti faoliyatining natijalaridan foydalanish masalasiga oʻta jiddiy va katta masʼuliyat bilan yondashgan holda, hamkorlik qilishga tayyormiz.

Spiker 12-13-avgust kunlari boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi “Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi nufuzli xalqaro anjumanda “Yoshlar parlamenti” aʼzolarining muvaffaqiyatli ishtirokini, mazkur Forumda Yoshlar parlamenti aʼzolari Muhtaram Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyani qoʻllab- quvvatlaganliklarini alohida eʼtirof etdi.

Tadbirda “Yoshlar parlamenti” aʼzolarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitalari bilan oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularning qonunchilik hamda parlament nazoratini amalga oshirish jarayonlaridagi ishtirokini taʼminlash masalalari bilan oʻzaro fikr almashildi

Yigʻilish davomida viloyatlardan saralab olingan “Yoshlar parlamenti”ning aʼzolari oʻzlarini qiziqtirgan savollar va takliflari bilan faol ishtirok etdilar.

Tadbirda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida “Yoshlar parlamenti” kelgusi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ishlab chiqiladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер