Oymonand yulduzlar maskani yoxud birgina koʻshkining oʻziga 4 kilodan ziyod tilla ishlatilgan goʻshada boʻlganmisiz?
Buxoro amirlarining Sitorai Moxi Xossa yozgi saroyi XIX-XX asrlar Sharq nafis meʼmorchilik sanʼatidagi noyob tarixiy-meʼmoriy obidalardan sanaladi.
Yozgi saroyning asosiy binolari Buxoroning soʻnggi amiri Mir Sayyid Olimxon hukmronligi davrida qurilgan. Umumiy maydoni 6,7 gektarni tashkil qiladi. Unda qabulxona, mehmonxona, yotoqxona, haramxona, koʻshk, masjid va filxonalar boʻlgan. Saroy ichkarisiga hashamatli qilib qurilgan mahobatli darvozaxonadan kiriladi. Darvozaxona koshin va rangli shishalar bilan zeb berilgan muhtasham toqqa ega. Ikki burchagi koshinli guldastalar qurilgan peshtoq bilan bezatilgan.
Darvozaxonadan tashqi hovli (havli berun)ga kiriladi. Uning uch tomoniga yengil qilib yogʻochdan qurilgan, naqshlar bilan ganchkorlik uslubida bezatilgan chorkunj ustunli ayvonlar joylashgan. Tashqari qism hunarmandlar hovlisi deb ham nomlangan. Dolonning qayrilma yoʻlagidan saroyning asosiy ichkari hovlisi (roʻyi havli darun)ga kiriladi.
Buxoro amirligining Rossiya vassaliga aylangani saroy qurilishi uslubida oʻz ifodasini topgan. Amir Olimxon uni loyihalashtirishda rus muhandislari Margules va Sakovichlar xizmatidan foydalangan. Shu boisdan koʻpchilik binolarning tashqi koʻrinishi yevropacha. Ammo ichki bezaklari milliy uslubda.
Ichkari hovlidagi saroyning asosiy qismi “P” harfi shaklida barpo etilgan. Uning shimol tomonida hashamatli ayvon joylashgan. Ayvon toʻrt arkali, sakkiz yogʻoch ustunli, osti moviy firuza rangda. Ust qismi geometrik girix naqshlar, pasti majnuntollar tasviri bilan bezatilgan. U “Salomxona” deb nomlangan. Har ertalab yotoqxonasidan chiqib koʻrinish berganida, ayvonga yigʻilgan saroy ahli, ulamolar amirga salom berib kutib olishgan. Qabulxona binosining gʻarb tomonida “Oq xona” (Xonai Safed), dahlizxona, xobxona, kutish zali, janub tomonda esa oynavand ayvon “Choyxona”, ziyofatlar zali, mirzaxona va shaxmat zallari joylashgan.
Hovli oʻrtasida doirasimon kichkina favvora oʻrnatilgan. Uni Germaniyadan keltirilgan kerosinda ishlaydigan generator harakatga keltirgan.
1915-1916-yillarda qurilgan “Xonai-Hasht” — sakkiz xonalik koʻshk loyihasiga koʻra, yevropacha koʻrinishda. Uning mehmonxonasi tomi mayda oq tunuka bilan gumbazsimon qilib yopilgan. Arka shaklidagi derazalar tashqaridan qaraganda yevropalik boylarning uylarini eslatadi. Ammo koʻshkka kiraverishdagi ayvonchaning qarama-qarshi devorlari va shifti yuqoriga qarab tarvaqaylab ketgan ajoyib guldastalar bilan bezatilgan boʻlib, chinakam sharqona sanʼat namunasidir.
Koʻshkning markazida sakkiz burchakli “Xonxona” joylashgan. Unda naqqoshlik sanʼatining nozik yechimlarini koʻrasiz. Devor va shiftiga oltin va kumushdan hal berib “kundal” naqshlari tushirilgan. Koʻshkni bezatish ishlariga 4 kilogrammu 250 gramm tilla sarflangan.
XX asr boshlarida Buxoro atrofida “Oymonand yulduzlar maskani” degan taʼriflangan Sitorai Mohi Xossaga oʻxshagan saroylarning bir nechtasi bor edi. Karmanadagi Abdulahadxon, Shirbuddindagi Muzaffarxon yozgi saroylari shular jumlasidan. Biroq bu qarorgohlar eʼtiborsizlik, qarovsizlik qurboni boʻldi. Faqatgina Sitorai Mohi Xossa saroyigina hayot toʻfonlariga bardosh berib, bizgacha yetib keldi. Shu boisdan bu yerdagi har bir osori atiqa boy tarixiy merosimizning ajralmas bir boʻlagi sifatida qadrli. Mana, haram binosini olib koʻring. Uning “xonai kalon”ni, yaʼni katta uyi saqlanib qolgan. Haramda amirning ayollari, enagalar va kanizaklar yashagan boʻlib, ular asosan taxt vorislarini, shahzodalarni tarbiyalash bilan mashgʻul boʻlishgan. Haram binosi ham katta tarixiy ahamiyatga ega. Chunki u Sitorai Moxi Xossa majmuasining ajralmas qismidir. Loyihasi esa noyob. Unda Yevropa va Isfaxon saroylari hamda Buxoro meʼmorchiligining eng yaxshi jihatlari uygʻunlashgan.
Hozir hovlining old va tashqari tomonlari meʼmoriy bezak koʻrinishlarini, bino buzilgan qismini tiklash vazifasi turibdi. Haram – hovlining qiyofasi fotohujjatlar asosida asl holiga keltirilsa va Buxoro etnografiya muzeyi tashkil etilsa, bu qadriyatlarimizni, milliy anʼanalarimizni yanada chuqur oʻrganishga qoʻshilgan katta hissa boʻlur edi. Zero, bu koʻhna goʻsha nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarni ham oʻziga ohanrabodek tortib kelmoqda. Undagi ayrim eksponatlarning nodirligi, kamyobligini esa birgina chinni buyumlar misolida ham koʻrishimiz mumkin. Deylik, Yaponiyadagi ustaxonalarda maxsus tayyorlatib keltirilgan bezakli chinni va fayans guldonlar, devorlariga kunchiqar yurt timsoli sanalgan xrizantema, safora, baxt timsoli – turnalar, yelpigʻich tutgan ayollar, afsonaviy qush va hayvonlar tasviri aks etgan tuvaklar bor. Asosiy qismiga naqshlarni faqat bir usta tushirgan. Boshqacha aytganda, uni Yaponiya muzeylarida ham uchratmaysiz.
Nargiza JUMAYEVA,
Buxoro shahridagi Sitorai Moxi Xossa xalq amaliy
bezak sanʼati muzeyi filiali ilmiy xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring