Oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat toʻliq stavkada faoliyat yuritadi

09:50 22 May 2025 Hujjatlar
404 0

Shavkat Mirziyoyev “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar berdi.

Endi oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari va ularga biriktirilgan muassasalar, shu jumladan mahalla tibbiyot punktlari, xizmat koʻrsatayotgan aholi sonidan kelib chiqqan holda yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalar va ularning filiallari sifatida qayta tashkil etiladi.

Yangi tizim doirasida aholiga oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va tashxis xizmatlari koʻrsatiladi. Shuningdek, stomatologiya xizmati autsorsing asosida yoʻlga qoʻyiladi. Fuqarolarga oʻzlariga qulay boʻlgan oilaviy shifokorni erkin tanlash imkoniyati yaratiladi. Bu orqali tibbiy xizmat sifatini oshirish, raqobat muhitini shakllantirish va bemorlarning huquqlarini kengaytirish koʻzda tutilmoqda.

Shu bilan birga, oilaviy poliklinikalarda faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlari faqat toʻliq stavkada ishlaydi. Bunda ularning ish samaradorligi va xizmat sifatiga alohida eʼtibor qaratiladi. Har bir tibbiyot brigadasiga 3 ming nafargacha aholi biriktirilishi mumkin boʻlib, strategik maqsad sifatida 2030-yilga qadar ushbu koʻrsatkich 1,7 ming nafargacha qisqartirilishi belgilangan.

Qolaversa, oilaviy poliklinikadan 10 kilometrdan uzoqda joylashgan mahallalarda yashovchi aholi uchun tibbiyot xodimlari tomonidan sayyor tibbiy xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali olis hududlardagi aholiga ham bir xil darajada tibbiy xizmat koʻrsatilishi taʼminlanadi. Yangi islohotlar mamlakatda tibbiy xizmatlarning sifatini oshirish va aholining salomatligini yaxshilashda muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер