Oila qo‘rg‘oniga darz ketmasin

14:45 12 May 2018 Jamiyat
5595 0

Oila — kishi tafakkuri, ma’naviyati shakllanadigan, uning jamiyatdagi o‘rnini belgilab beradigan, qolaversa, qadriyatlarni asrdan-asrlarga olib o‘tishda bosh omil hisoblanuvchi muhim ijtimoiy muhitdir.

Yurtimizda oilalarni mustahkamlash borasidagi davlat siyosatining afzalligi shundaki, davlat oilani o‘ziga xos suveren tuzilma sifatida qadrlaydi, uning ichki ishlariga aralashmaydi, lekin muayyan sabablarga ko‘ra, oilada ba’zi qiyinchiliklar, muammolar yuzaga kelgan bo‘lsa, oila a’zolari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat qilish orqali o‘z manfaatlarini muhofaza etishlari, zarur hollarda esa davlatning madadidan bahramand bo‘lishlari mumkin.

Oila masalasi davlatimizning doimiy e’tiborida. Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi barcha sohadagi davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, Davlat dasturida og‘ir maishiy sharoitlarda yashayotgan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilayotgan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan qator tadbirlarning belgilangani xalqimizning o‘lmas qadriyatlariga xosdir. Quvonarlisi, joriy yilda ham aholining turli qatlamlari uchun arzon hamda sifatli uy-joylar qurishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholi, ayniqsa, yosh oilalar, eski uylarda yashovchilar va boshqa toifadagi fuqarolarning ehtiyoji muttasil oshib borayotganidan kelib chiqib, arzon hamda sifatli uy-joylar qurish ko‘lami 1,5-2 barobar oshirilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida xotin-qizlar turmushini yaxshilash, jamiyatimiz tayanchi bo‘lgan oilani mustahkamlash borasida mamlakatimiz oldida turgan eng muhim vazifalar, bugun hamda kelgusida qilishimiz lozim bo‘lgan ishlar aniq, lo‘nda belgilab berilgan.

Mazkur hujjatga muvofiq, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollarni ish bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloqlarda yashayotgan yosh qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkil qilinishi nur ustiga nur bo‘ldi.

Bu haqda gap ketganda, bir jihatga to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Onalik hamda bolalikni ijtimoiy muhofazalash borasida maqtovga arzigulik ishlar amalga oshirilganiga qaramasdan, oila va turmush munosabatlarida, ota-onalarning farzand tarbiyasi masalasida befarqligi holatlarining hali ham mavjudligi, albatta,  achinarlidir. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlarning 39 ming 327 nafar ota-onasiga nisbatan choralar ko‘rilgan. Respublikamiz bo‘yicha ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslar 2016 yilda 16673 tani, 2017 yilda 12932 tani tashkil etgan bo‘lib, 3741 ta kamaygan. Sud organlariga ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida materiallari taqdim etilgan ota-onalar soni 2016 yilda 88 tani, 2017 yilda 64 tani tashkil qilib, avvalgidan kamaygan bo‘lsa-da, bu raqamlar har birimizni chuqur o‘yga toldiradi.

Ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lganlarning farzandlari davlatimiz qaramog‘ida — Mehribonlik uylari hamda Bolalar shaharchalarida tarbiyalanmoqda. Bunday bolalar soni 2016 yilda 536 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilda 677 nafarga yetgani, kamayish o‘rniga 141 nafar ortgani tashvishlanarli hol, albatta. 2017 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 34 mingga yaqin bolalar farzandlikka berilgan.

Mamlakatimiz aholisining deyarli yuz foizi oilalarga birlashib yashaydi. Oilaga birlashish an’anasi, avvalo, nikoh, to‘y-tantanalardan boshlanadi. Bu tadbir orqali oila qurilganini yaqinlarga ma’lum qilib, o‘z orzu-havaslarini ro‘yobga chiqaradilar. Afsuski, bugungi kunda ayrim hududlarda ba’zi kimsalarga ergashib qarzga botib, kimo‘zarga to‘y qilayotgan ota-onalarning ko‘payib borayotgani, oqibatda oilaviy halovatini yo‘qotayotgani butun jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Achinarlisi shundaki, to‘ydan hech qancha vaqt o‘tmasdan, sodir bo‘layotgan oilaviy mojarolar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda aynan shu masalaga borib taqaladi. Haddan ziyod ko‘payib ketayotgan va asosan, ayollar tomonidan “o‘ylab topilayotgan” yangicha, to‘ydan oldin hamda keyingi turli-tuman tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilayotgani bot-bot takrorlanmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, har yili 300 mingdan ortiq nikohlar rasmiylashtiriladi. Shu bilan birga, 25 — 30 mingta nikoh bekor qilinadi. Xususan, 2017 yilda 306,2 ming nikoh rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 31 ming 930 ta ajrim qayd etilgan, ya’ni 2016 yildagiga nisbatan 8,1 foiz ko‘pdir. Birgina poytaxtimiz misolida oxirgi ikki yilda oilaviy ajrimlarning 20 — 25 foiziga aynan to‘y-hashamlarimizdagi ortiqcha dabdababozlik, soxta obro‘ ketidan quvish, shu bilan birga, yoshlarning mustaqil hayotga tayyor emasligi, ularda mehr-muhabbat va sadoqat tuyg‘ularining shakllanmagani sabab bo‘lmoqda.

O‘zbek oilasi o‘zining chuqur ma’naviy-iqtisodiy poydevoriga ega. Biz bu poydevorni yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘rishimiz lozim. Buzg‘unchilik, behayolik, befarqlik razolatiga botgan “ommaviy madaniyat” girdobidan yoshlarimizni asrab, milliy qadriyatlarimizga asoslangan an’analarimizni, urf-odatlarimizni, ma’naviy merosimizni ular qalbiga singdirishimiz darkor. Toki, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onimizga aslo darz ketmasin.

Gavhar ALIMOVA,
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash 
masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?