«Ohangaronsement»da sanoat klasteri ishga tushirildi

17:45 15 Aprel 2021 Klaster
1702 0

«Yevrotsement grup» xoldingi tarkibiga kiruvchi «Ohangaronsement» AJ negizida qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha sanoat klasteri tashkil etildi. Klaster doirasida bir qator loyihalar amalga oshirilgan. “Quruq” usulda yiliga 3 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega sement yangi zavodi, yiliga 100 ming kub metr yuqori markali beton va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatga ega boʻlgan yangi liniya, yiliga 4 ming tonna olovga bardoshli gʻisht ishlab chiqarish yangi liniyasi shular jumlasidandir. Klasterni rivojlantirishga kiritilgan jami investitsiyalar 200 million dollarni tashkil etadi.

Klasterning asosiy loyihasi – zamonaviy “quruq” usulda sement ishlab chiqaruvchi zavod boʻlib, uni qurish uchun maqsadli bayonnoma 2017-yil 15-fevral kuni «Yevrotsement grup» AJ va «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi oʻrtasida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatlararo oʻzaro iqtisodiy hamkorlik boʻyicha komissiya yigʻilishi doirasida imzolangandi. Modernizatsiya va sanoat qurilish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum esa 2017-yil 5-aprel kuni Moskva shahrida Rossiya va Oʻzbekiston davlat rahbarlari va Bosh vazirlari huzurida imzolandi. Loyiha ikki tomonlama hamkorlikning muhim qismiga aylandi va 2019-2024-yillar davomida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik dasturining istiqbolli loyihalari roʻyxatiga kiritildi.

2018-yilning oktyabr oyida maydoni 10 gektarni tashkil etadigan qurilishiga tamal toshi qoʻyildi. Yangi texnologik liniya qurilishi amaldagi korxona hududida mavjud infratuzilmalardan maksimal darajada foydalangan holda barpo etildi. Eʼtiborlisi, olib borilgan izlanishlar natijasida 2021-yilning 28-yanvar kuni klinker kuydirish sexida aylanma pech ishga tushirildi va birinchi klinker olindi, 12-fevral kuni esa birinchi marta yuqori sifatli 500 markali portlandsement olindi.

— Yiliga 3 million tonna quvvatga ega yangi yuqori texnologiyali sement ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi mavjud “hoʻl” usulda mahsulot ishlab chiqaruvchi zavodning atrof-muhitga taʼsirini yaxshilash boʻyicha navbatdagi investitsiya rejasini amalga kiritishda qoʻl keladi, — deydi «Ohangaronsement» korxonasi bosh direktori Gennadiy Kulikov. — Yiliga jami 5 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy majmua xalqaro standartlarga zamonaviy talablariga javob beradi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, ushbu zavod hozir Markaziy Osiyoda eng yirigi va MDHdagi eng zamonaviy korxona hisoblanadi. Ishlab chiqarishi toʻliq avtomatlashtirilgan. Energiya resurslarini tejab qilib, barcha boʻlinmalariga 85 ta yangi filtr tizimlari oʻrnatilgani tufayli atrof-muhitga kam taʼsir koʻrsatadi.

Dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchi brendlaridan keltirilgan zamonaviy ishonchli “beshinchi avlod” uskunalari bilan jihozlangan.

Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер