“Ogʻir kunda qoʻllaganlarni unutmaysiz...”
Kun boʻyi yolgʻiz uyda bir nuqtaga termilib yotishning azobini tasavvur qila olasizmi? Buni hech kimga ravo koʻrmaymiz, albatta. Ammo bolalikdan toʻshakka mixlanib qolgan inson qalbiga quloq tutsangiz, buni naqadar azobligini tushunasiz.
Akbarali katta oilada besh aka-ukaning eng kichigi. Kenjatoy qadrdon xonadonni shodon kulgilariga toʻldirib, chopqillab yurolmadi. Uning oyoqlari majolsiz boʻlib, shifokorlar tugʻma nogironlik tashxisini qoʻyishdi. Shu tarzda Akbarali uzoq yillar tuzalmas dard bilan kurashdi. Mahalladoshlarining gʻamxoʻrligi, yaqinlarining mehri, eʼtibori kuch-quvvat baxsh etib, yashashga boʻlgan ishtiyoqini soʻndirmadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida u istiqomat qiladigan “Oqtepa” mahallasidagi saxovatli insonlar koʻmagida ushbu oilaga ikki-uch xonali shinam uy qurib berildi. Xonadonning tashqi qismi taʼmirdan chiqarildi, hovli atrofi obodonlashtirildi. Oʻgʻli Olloberdining sunnat toʻyi oʻtkazildi. II guruh nogironi boʻlgan Akbarali Mamasoliyev bilan birga, ikki nafar voyaga yetmagan farzandiga ham doimiy nafaqa tayinlandi. Mahalladoshlar har bir bayramda oziq-ovqat mahsulotlari, turli sovgʻalar bilan yoʻqlab turishadi. Ammo xalqimizda yaxshi bir gap bor: Qoʻldan berganga qush toʻymaydi...
Mahalladagi ijtimoiy xodim Gavharoy Uzoqova xonadondagi holatni yaxshilab oʻrgangach, bu oilani barqaror daromad manbai bilan taʼminlash zarurligini tushundi. Oila sohibiga kompyuter jamlanmasi olib berildi. Katta yoʻl boʻyida joylashgan uyining tashqi tomonidan darcha ochilib, paynet xizmati tashkil etishga koʻmaklashildi.
Qish mavsumi uchun koʻmir zaxirasi yaratilib, elektr taʼminoti uzluksizligini taʼminlash maqsadida naqd pul shaklida bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi.

—Quvonarlisi, bunday eʼtibor va ragʻbat tufayli oila boqimandalikdan qutuldi, — deydi G. Uzoqova. — Endilikda kuniga eng kamida 50-60 ming soʻm daromad bor. Muhimi, Akbarali uyida oʻtirib ishlaydi. Hozirda qisqa muddatli onlayn kurslarda oʻqitish orqali Akbaralini qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish faoliyati boʻyicha bilimini oshirish harakatidamiz.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Buvayda tuman boʻlimi tomonidan Akbaraliga qoʻltiqtayoq sovgʻa qilingach, u mustaqil ravishda harakatlanmoqda. Avval kunning asosiy vaqtini nogironlar aravachasida oʻtkazgan inson uchun bu juda quvonarli. Ayni paytda u har kuni ertalab mahalladagi 41-umumtaʼlim maktabining oʻquvchisi boʻlgan qizi Oishaxonni oʻqishga kuzatish uchun koʻchaga chiqadi. Boʻsh vaqti boʻlganida ikki yoshli oʻgʻlini oʻynatadi.
— Maktabda aʼlo baholarda oʻqib, kelajakda shifokor boʻlmoqchiman, — deydi Oishaxon.— Yaxshi odamlar borligi uchun dadam yurib ketdi, uy vazifalarini tayyorlash uchun endi mening ham darsxonam bor. Yaqinda ukam mahalladagi bogʻchaga qatnay boshlaydi.
Oila bekasi Raʼnoxonni ham ushbu maktabga texnik xodim sifatida ishga joylashtirishga kelishib olindi. Oʻgʻli bogʻcha yoshiga yetgach, ishga chiqadi. Bu ham oila uchun yana bir qoʻshimcha daromad.

Buvayda tumani markazidan 15 km olisda joylashgan mazkur mahallada aholining asosiy daromad manbai – dehqonchilik. Oqtepaliklar ham boshqa mahallalarda yashovchilar singari koʻproq sholichilik bilan shugʻullanadi. Keyingi yillarda hunarmandchilik ham jadal rivojlanmoqda. Hududda bunyodkorlik ishlari koʻpligi inobatga olinib, homiylar koʻmagida Akbaraliga qurilish jihozlarini kunlik ijaraga berish xizmatini yoʻlga qoʻyishga yordam berish koʻzda tutilgan.
Ayni paytda mahalladagi 1046 ta oilada 3,5 mingdan ziyod aholi yashaydi. Mahallada 61 nafar nogironligi bor shaxs boʻlib, “mahalla yettiligi” har biri bilan alohida ishlash orqali doimiy daromad manbaiga ega boʻlmoqda. Maqsad yaqin istiqbolda Oqtepani kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishga qaratilgan.
— Oilamiz chinakam quvonch, baxt nimaligini his etdi, — deydi Akbarali.—Hayotimizda farogʻatli kunlar boshlandi. Ogʻir kunlarda qoʻllaganlarni hech qachon unutmaysiz, albatta. Bu dunyoda yaxshilar bor yaxshiyam...
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring