Oddiy muallim

15:10 16 Sentyabr 2024 Jamiyat
136 0

Rayhon ishga otlanayotganda qoʻl telefon ustma-ust jiringladi.

— Ustoz, bayramingiz muborak boʻlsin, “Bilimlar kuni“ bilan chin dildan tabriklayman, — goʻshakdagi jarangdor ovoz muallimani toʻlqinlantirib yubordi. — Tanidingizmi, ustoz, shogirdingiz Muxlisaman. Samarqand tibbiyot instituti talabasiman.

— Nega tanimas ekanman, qizim. Sobiq oʻquvchilarimning ovozini nafas olishidan bilaman. Rahmat senga, oʻqishlaringga omad tilayman.

Ustoz maktabga yurib emas, qanot chiqarib uchib borayotgandek his etardi oʻzini. Qoʻlda guldasta, maktabga oshiqayotgan jajji oʻgʻil-qizlar qoʻlini koʻksiga qoʻyib, “Assalomu alaykum,ustoz!” deb taʼzim qilishardi. Yuzlaridan quvonch va shodlik porlab turgan bolajonlarga boqar ekan, beixtiyor yoshligi, bolalik yillari koʻz oʻngidan oʻta boshladi.

Uning yoshligi Xorazmda oʻtgan. Yangiariq tumanidagi 19-maktabda boshlangʻich taʼlim oldi. Ustozi Zuhra opa juda mehribon, bolajon ayol edi. Mavzularni sodda, ravon tilda shunchalik mahorat bilan ifoda etar ediki, bolalar sehrlanib tinglardi.

Rayhon ustozining yaqin yordamchisi boʻlib, turli tadbirlarning tashkilotchisi va boshlovchisi edi. Yozma ishlarni tekshirishda ham yordamlashardi. Oʻshanda mitti qizaloq qalbida oʻqituvchilikka havas uygʻonib, shu kasbni tanlashga ahd qilgan boʻlsa ajabmas.

Ha, insonning kim boʻlishi, kelajakda qaysi kasbni tanlashiga bolaligidagi orzu turtki boʻlar ekan. Yillar oʻtib Rayhon Davletova Buxoro davlat pedagogika universitetining boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida tahsil oldi. Taqdir taqozosi bilan Jizzaxga kelib dastlab 19-maktabda ishladi, 2023-yildan 30-umumiy oʻrta taʼlim maktabida faoliyat olib bormoqda. Hozir u rahbarlik qilayotgan 2-A sinfda 35 nafar oʻquvchi saboq oladi.

— Avvalo bolajonlar bilan ona-boladek munosabatda boʻlaman, — deydi qahramonimiz. — Har bitta bola oʻziga xos bir olam. Ularning ruhiyatini, qiziqishlarini, layoqatini besh qoʻlday bilish zarur. Har birining koʻngliga yoʻl topish uchun bola tili bilan soʻzlashamiz. Dars jarayonida oʻquvchilarni koʻproq ragʻbatlantirishga harakat qilaman. Sen hammadan zoʻrsan, kuchlisan deb ilhomlantiraman. Chorak yulduzi, maqtov yorliqlari bilan ularni taqdirlayman. Ota-onasiga tashakkurnoma beraman. Oʻquvchilarimning ota-onalari bilan telegramda messenjer guruhi tashkil etganmiz. Videoroliklar orqali ular farzandlari olgan baholar bilan tanishib borishadi. Ertak aytish va oʻyin metodlaridan foydalanaman. “Kitobsevar bolalar”.”Kim tez va maʼnoli oʻqiydi” mavzularida tanlovlar, diktantlar, “Zakovat” intellektual oʻyinlar oʻtkazamiz. Bolalar teatri va muzeylarga, tabiat qoʻyniga sayohatlar oʻgʻil-qizlarning dunyoqarashi, maʼnaviyatini boyitadi. Bunday tadbirlar darslarning qiziqarli boʻlishi, oʻquvchilarning mavzularni yaxshi oʻzlashtirishiga xizmat qiladi.

Muallima salkam oʻttiz yildan buyon faoliyat olib borayotgan boʻlsada, kasbdoshlaridan tajriba oʻrganish, maslahat olishni kanda qilmaydi.”Har kuni darsga bugun ish boshlayotgandek tayyorgarlik bilan kelaman. Kechagi dars bugungidan farq qilishiga, bolajonlar qiziqishini oshirishga harakat qilaman”, deydi qimtinib. “Kamtarga kamol” deganlari shu boʻlsa kerak.

Biz suhbatlashib turganimizda telefon jiringladi. Baland ovoz qulogʻimizga chalindi: “Assalomu alaykum ustoz! Men shogirdingiz Abdushukur Alijonovman. Avval Polsha davlatida, hozir esa Germaniyada diplomatiya sohasida oʻqiyapman. Mening shu darajaga yetishimda sizning xizmatlaringiz katta. Oliy oʻquv yurtini bitirib, yetuk mutaxassis boʻlib yurtimizga qaytishni niyat qilganman. Biz kabi shogirdlarga saboq berishda aslo charchamang!”

Ustoz uchun shogirdining kamolini koʻrishdan ziyod baxt boʻlmasa kerak. Abdushukur sinfning aʼlochi oʻquvchilaridan biri edi. U yuqori sinflarda xorijiy tillarni mukammal oʻrgandi. Ingliz tilidan xorijiy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, 11-sinfni tugatayotganda toʻplagan ballari bilan 30 ta xorijiy va mahalliy oliy oʻquv yurtlariga kirish imtiyoziga ega boʻldi. Bunday shogirdlari juda koʻp.

— Mening oʻqituvchi kasbini egallashimga Rayhon opa sababchi boʻlgan, — deydi hamkasbi Marhabo Gʻaniyeva. — Ustozning dars oʻtish uslubi oʻziga xos, oʻrganishga arziydi. Shu sababli trener oʻqituvchi sifatida boshlangʻich sinf oʻqituvchilariga viloyat miqyosida seminar-trening, mahorat darslari oʻtadi. Yosh pedagoglarga nazariy va amaliy yordam beradi.

Shoir aytganidek, Amir Temur, Alisher Navoiy, Boburga ham saboq bergan oddiy muallim. Ustozga shogirdlar eʼtirofi, kasbdoshlarining ishonchidan ortiqroq ragʻbat yoʻq. Muallim uchun yashashdan maqsad, hayotning mazmuni shu.

Abdusattor SODIQOV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер