Obod mahallalar koʻpaymoqda

17:13 31 Yanvar 2025 Jamiyat
122 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda mahalla tizimini isloh etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda zamonaviylashayotgan mahallalar koʻpaymoqda. Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Mustafoyev Paxtakor tumanida boʻlib, aholini qiynayotgan muammolar, tizimda boʻlayotgan oʻzgarishlarga munosabatlari, qanday, nima qilsak mahalla nufuzini yanada oshirish mumkinligi, mahallalarda bajarilishi lozim boʻlgan eng dolzarb vazifalarni belgilab bergandi.

Shundan keyin aholi bandligini taʼminlash va doimiy daromad manbaini yaratish orqali koʻp oilalar kambagʻallikdan chiqarilmoqda. Aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha samarali ishlar olib borilmoqda. Tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan fuqarolarga kredit hamda subsidiyalar olishda hamda zamonaviy asbob-uskunalar va mini-texnologiyalar topishda koʻmaklashilmoqda. Bundan Samarqand mahallasidagi aholi mamnun. Xususan, mahalladagi 36 ta ikki qavatli uylarning aksariyatida taʼmirlash ishlari oʻtgan yili boshlangandi. Ammo toʻrtta uyning old koʻrinishi taʼmirlanmay qolgandi. Ayni paytda ushbu uylarning fasad qismi suvoqdan chiqarilmoqda. Noqonuniy qurilgan yordamchi binolar olib tashlanib, mahalliy sharoitni hisobga olgan holda aholi uchun tandirxona va sanitariya binolari qurilishi koʻzda tutilgan.

Mahallada maktab yoshigacha boʻlgan bolalar uchun 7 ta oʻyin maydonlari qurish ham obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

— Mahallamiz yanada obod boʻlayotganidan xursandmiz. Obodonlashtirish ishlarida aholi istaklari eʼtiborga olinmoqda. Har ikkita uy yonidan hashar yoʻli bilan tandirxona qurilmoqda, – deydi Samarqand mahallasi raisi Abdusamad Farmonov. — Tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish shoxobchalari, ishlab chiqarish korxonalari qurish, bogʻ yaratish uchun yer maydonlari ajratilmoqda.

Ayniqsa, mahallani yashillashtirish, bogʻ va xiyobonlar barpo etilishiga alohida eʼtibor berilmoqda. Mahalla hududidan oʻtgan kanaldan suv chiqarib, koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyati borligini hisobga olgan bunyodkorlar hozirdan xonadonlar yoniga, koʻchalar boʻyiga va xiyobonlar tashkil etilishi moʻljallangan yerlarga manzarali daraxt koʻchatlari ekmoqda. Bunday xayrli ishlar “Suvonobod” mahallasida ham boʻy koʻrsatmoqda. Aholi murojaatidan keyin “Lolazor” koʻchasining 400 metriga shagʻal yotqizilib tekislandi. Hashar yoʻli bilan ariqlar tozalanmoqda. “Dehqon bozori” atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Tumanda qabristonlarni tozalab, tartibga keltirish, koʻchatlar ekish va daraxtlarga shakl berish ishlariga ham katta ahamiyat berilmoqda. Bogʻishamol mahallasi hududidagi “Qoramirzaota” qabristonida tashkil etilgan xalq hashari eʼtirofga loyiq.

“Dilorom” mahallasida 962 ta xonadon uyma-uy yurish orqali “Mahalla yettiligi” tomonidan toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. 186 ta muammosi yoʻq 558 ta moddiy sharoitini yaxshilashga muhtoj, 215 ta oʻrta sharoitda yashayotgan, 3 ta oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan oila mavjudligi aniqlandi. Ular xonadonlaridagi holat oʻrganib chiqildi. Hozirgi paytda 27 ta koʻchalardan chiqindilarni olib chiqib ketish yoʻlga qoʻyildi. 850 ta noqonuniy qurilmalarning 63 tasi bartaraf etildi. 0,8 km uzunlikdagi ariqlar tozalanib, 1250 tonna chiqindilar tashib ketildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер