“Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlari — amalda

17:35 15 Sentyabr 2023 Jamiyat
1060 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan joriy yilning iyul-avgust oylari mobaynida Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, viloyat va tuman hokimliklari hamkorligida tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha amaliy ishlar bajarildi. Ilk bosqichda har bir hududdan 1 tadan, jami 14 ta mahallada keng koʻlamdagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlar olib borildi.

Jumladan, jami 5 113 ta xonadonlar xatlovdan oʻtkazilib, mavjud muammolari uyma-uy yurib oʻrganildi. Bunda 711 ta kam taʼminlangan, ehtiyojmand va boquvchisini yoʻqotgan oilalar xonadonlarida mutasaddi tashkilotlarni jalb qilgan holda joriy va kapital taʼmir ishlari olib borildi.

Shuningdek, jami 178 ta koʻchada “Obod koʻcha” mezonini joriy etish va infratuzilmani yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 35,3 km yoʻllar asfaltlandi, 89 km shagʻal yotqizildi, 82,2 km lotok, ariq, kanal, kollektor-zovurlar tozalandi, 3,9 km ichimlik suvi tarmogʻi taʼmirlandi, 82,2 km yangisi yotqizildi, 5 ta suv inshooti oʻrnatildi.

Bundan tashqari, 43 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 4 tasi oʻrnatildi, 42,5 km gaz quvuri taʼmirlandi, 1,2 km yangidan tortildi, 64 ta transformator taʼmirlandi, 12 ta yangisi oʻrnatildi, 1 885 dona simyogʻoch beton ustunlarga almashtirildi, 29,1 km elektr simlar tortildi.

Ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 771 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi, 477 nafar shaxsning oʻzini oʻzi band qilishiga koʻmaklashildi, 199 nafar fuqaroga 1 mlrd. 285 mln. soʻm miqdorida subsidiya, 184 nafar fuqaroga 3 mlrd. 704 mln. soʻm miqdorda kredit olinishiga koʻmaklashildi.

Shuningdek, 28 698 nafar shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, ularning 296 nafarini davolash taʼminlandi, 53 nafarining jarrohlik amaliyoti bepul oʻtkazildi.

Xizmat binosiga ega boʻlgan mahallalardan 2 tasining idorasi kapital taʼmirlandi, 3 tasini qaytadan qurish va binosi boʻlmagan 9 ta mahallaga yer maydoni ajratilib, idorani qurish ishlari tashkillashtirildi. Shuningdek, mahallalar hududida joylashgan jami 58 ta ijtimoiy soha obyektlari xatlovdan oʻtkazilib, ularda aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari koʻrildi.

Davlatimiz rahbarining “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish haqidagi topshirigʻi ijrosini oʻz vaqtida va samarali taʼminlash maqsadida ikkinchi bosqichda joriy yilning IV choragida joylarda 56 ta mahallada namunaviy “Yoʻl xaritasi”da asosida ishlar belgilab olindi.

Mazkur “Yoʻl xaritasi”da mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, hududidagi ijtimoiy soha obyektlari holatini oʻrganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlash kabi sohalarda amaliy chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?