Nyu-Yorkda Vatandoshlar mintaqaviy forumi oʻtkazildi

22:57 26 Avgust 2025 Jamiyat
133 0

Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York shtati Sirakuz shahrida “Vatandoshlar mintaqaviy forumi” oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan ushbu forumda AQSH va Kanadada istiqomat qiladigan 300 ga yaqin vatandoshlar ishtirok etdi.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot oʻrnatish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev doimo taʼkidlaganidek “Qayerda yashamasin, har bir vatandoshimiz – Vatanimizning ajralmas bir boʻlagi, uning maʼnaviy elchisi, iftixori va umididir.”

Ushbu forum ham oʻzbek jamiyati uchun nafaqat maʼnaviy birlashuv nuqtasi, balki amaliyotda yangicha hamkorlik yoʻllarini ochib beruvchi strategik maydon vazifasini oʻtadi.

Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi Qahramon Sariyev nutq soʻzlab, xorijdagi vatandoshlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, tadbirkorlik platformalarini yaratish, jamiyat hayotini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlik, sifatli taʼlim kabi masalalarda oʻzaro fikr-mulohaza almashish maqsadida ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari hisoblangan xorijdagi vatandoshlarning doimiy muloqoti koʻrinishida “Uz Global Think” forumi, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar sohasida davlat siyosati Konsepsiyasining yangi loyihasi, akademik doiradagi shaxslar, ularning hayot yoʻli, muvaffaqiyatlari, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladigan tavsiyalaridan iborat maqolalar joylab boriladigan “Who Is Who” loyihasi xususida maʼlumot berdi.

Forumda xorijdagi vatandoshlarning Oʻzbekiston taraqqiyotidagi roli va hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Vatandoshlarning yanada jipsligini taʼminlash, turli avlod vakillari – talabalar, ishbilarmon-tadbirkorlar, olimlar va boshqalarning vatan bilan bogʻliqligini yanada kuchaytirish masalalarida fikrlar, takliflar oʻrtaga tashlandi.

Forum doirasida turli yoʻnalishlarda maxsus shoʻbalar yigʻilishlari ham boʻlib oʻtdi. Jumladan, “Taʼlim va innovatsion iqtisodiyot” qismida yoshlar salohiyati va taʼlim tizimida hamkorlik masalalari, “Raqamli texnologiyalar va integratsiyalashuv” shoʻbasida axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklar, raqamli xizmatlar va transmilliy integratsiya imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Ijtimoiy taraqqiyot va madaniyat yoʻnalishida milliy merosni asrab avaylash, madaniy aloqalarni kengaytirish, jamiyatda oʻzbeklar imijini yuksaltirish boʻyicha fikr almashildi.

Sirakuz forumi milliy diplomatiya, iqtisodiy hamkorlik, madaniy intellektual quvvatni birlashtirgan muhim voqeadir.

Forum doirasida nafaqat Nyu-York balki AQSHdagi nufuzli oliygohlardan biri hisoblangan Sirakuz universiteti bilan hamkorlikda talabalar almashinuvi, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, professorlar maʼruzalari yoʻlga qoʻyilishi masalalari muhokama qilindi. Bu yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyat, vatanimiz taʼlim tizimi uchun esa tajriba va innovatsiyalar manbai boʻlib xizmat qiladi.

Forum nafaqat diaspora hayotini birlashtirdi, balki Oʻzbekistonning xalqaro siyosiy nufuzini mustahkamlashda muhim qadam boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер