Nurotada 300 MVtlik quyosh elektr stansiyasini robotlar barpo etmoqda
Nurota tumanining Dehibaland mahallasi hududida amalga oshirilayotgan yirik quyosh elektr stansiyasi loyihasi hudud energetika tarmogʻida yangi bosqichni boshlab beradi.
Xitoyning “China Energy Investment Corporation” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan ushbu stansiya 300 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi hamda 150 MVtli energiya saqlash tizimini oʻz ichiga olib, hududning barqaror energiya taʼminotiga xizmat qiladi.

- Yana bir muhim jihati ushbu stansiya qurilishi natijasida bir qator dehibalandlik yoshlar oʻz ish oʻrniga ega boʻlishadi, — deydi mehnat faxriysi Berkin Qulmanov. — Shu sabab yoshlarimiz hozirdanoq oʻquv kurslariga jalb etilmoqda.
Olti yuz gektar hududni egallagan stansiya qurilishlarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ommaviy ochiq eshiklar kuni hamda zamonaviy texnologik qurilish namoyishi boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat hokimligi masʼullari, mahalliy aholi vakillari, nuroniylar va yoshlar hamda Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan investorlar, muhandis va texnik mutaxassislar ishtirok etdilar.

Taqdimotda ushbu loyihaning hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qoʻshadigan hissasi, muqobil energiya manbalarini keng joriy etishdagi ahamiyati hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashdagi oʻrni haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, tadbirda loyiha doirasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, ularning samaradorligi, amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlar hamda keyingi bosqichlarda bajarilishi rejalashtirilgan vazifalar yuzasidan batafsil axborot berildi.

Loyihaning investitsiya salohiyati va asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari alohida taqdimot orqali namoyish etildi. Ushbu loyihaning oʻziga xos jihatlaridan biri — ilgʻor avtomatlashtirilgan texnologiyalarning keng qoʻllanilishidir. Xususan, quyosh panellarini oʻrnatishga moʻljallangan robotlashtirilgan tizimlar orqali yuqori aniqlik, samaradorlik va xavfsizlik taʼminlanmoqda.
Taqdimot ishtirokchilari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring