Nuroboddagi Tim qishlogʻining tarixi chuqur oʻrganilmoqda

13:31 22 Noyabr 2023 Jamiyat
556 0

Samarqand viloyatining Nurobod tumanida joylashgan Tim qishlogʻining tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Qishloqda oʻrta asrlarga oid boʻlgan Arab ota, Oqmachit kabi meʼmoriy yodgorliklar, Qoʻrgʻontepa yodgorligi, qoyatosh suratlari, qadimgi metall konlarining oʻrinlari topilgan.

Tim qishlogʻida joylashgan Arab ota maqbarasining tarixi milodiy 977–978-yillarga borib taqaladi. Demak, qishloqning oʻtmishi yuqorida keltirilgan yillarga toʻgʻri keladi.

2015-yilda Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan tumanda joylashgan arxeologik yodgorliklar roʻyxatga olingan va Nurobod tumani katalogi nashr etilgan. Ushbu katalogda Tim qishlogʻi va unga yaqin boʻlgan Ostonabobo, Sahoba, Changalli, Qoʻchqorli ota va boshqa qishloqlardagi har bir yodgorlikning joylashgan oʻrni, aniq koordinatlari, tashqi koʻrinishi, topografik tarixi, topilgan arxeologik buyumlarning suratlari va chizmalari berilgan.

Samarqand arxeologiya instituti izlanuvchilari tomonidan Nurobod tumanidagi Tim qishlogʻida muntazam ravishda ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Jumladan, 2022-yilda institutning ilmiy xodimlari va mahalliy oʻlkashunoslar, jamoatchi inspektorlar bilan birga olib borilgan tadqiqotlar natijasida Tim qishlogʻi yaqinidagi Quduqchasoy, Tuyatosh kabi soylardan yangi qoyatoshga chizilgan rasmlar roʻyxatga olindi. Ayniqsa, Quduqchasoydagi toshda suvoriy, yovvoyi togʻ echkilari, arxar, turli geometrik belgilar, qadimgi turkiy-run bitiklari uchraydi.

Mazkur rasmlarning koʻpchiligi uzoq yillik tabiat hodisalari taʼsiri natijasida yemirilib, siypalanib noaniq xira holatlarga kelib qolgan. Aniqlangan yozuvlar ustida hozirgi paytda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Quduqchasoydan metall ruda konining oʻrni ham qayd etildi. Ushbu kon atrofidan bronza va ilk oʻrta asrlarga oid boʻlgan sopol idishlar hamda turk-runiy yozuvi kashf etildi.

Shuningdek, Tim qishlogʻi yaqinidagi Changallisoydan qoyatosh suratlari roʻyxatga olinib, ilk oʻrta asrlarga oid boʻlgan xumdonlar oʻrni ochib oʻrganildi. Jumladan, Changallisoyda qayd etilgan xumdonlar ilk oʻrta asrlarga oid ikki yarusli yumaloq shaklda qurilgan boʻlib, olovxona devorlari granit toshlaridan yasalgan.

 2023-yilda Tim qishlogʻi markazida joylashgan Qoʻrgʻontepa arxeologik yodgorligidan mahalliy aholi tomonidan topilgan sopol va metall idishlar Qoraxoniylar davriga oid (XI-XII asrlar) ekanligi isbotlandi. Shuningdek, joriy yilda jamoatchi inspektor Ilhom Botirov bilan birga Nurobod tumani Qoʻrgʻoncha qishlogʻi Gulbuloqsoyining chap tomonida joylashgan Dunyotosh qoyatosh surati tadqiq etildi. Mazkur qoyatosh suratlarida odam, togʻ echkisi, arxar, jayron, ot, tuya, echki, suvoriy otliq, tamgʻa, charogʻon quyosh siymosi tasvirlari borligi aniqlandi.

Vohada amalga oshirilgan izchil va har tomonlama tadqiqotlar jarayonida mazkur qoyatosh rasmlaridan tashqari qadimiy qabriston, qishloq uylari xarobalari aniqlanib xaritada aks ettirildi.

Bundan tashqari mamlakatimizda keyingi yillar davomida moddiy madaniy merosni asrab-avaylashga doir ishlarni samarali tashkil etish, ular bilan bogʻliq mavjud muammoli masalalarni hal etish borasida Tim qishlogʻida joylashgan Arab ota maqbarasi ham soha mutasaddilari eʼtiboridan chetda qolmadi.

Mazkur maqbara restavratsiya, qurilish va taʼmirlash ishlariga muhtoj ekani sababli   Madaniy meros agentligi va Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan Arab ota maqbarasi 2023 – 2024 - yilda restavratsiya va qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshiriladigan madaniy meros obyektlarining manzilli roʻyxatiga kiritildi. Maqbarani taʼmirlash va tiklash ishlariga byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan 500 mln. soʻm ajratish belgilandi.

Ayni paytda mazkur mablagʻlar ajratilgan boʻlib, amalga oshiriladigan ishlarni moliyalashtirish, smeta hujjatlarini tayyorlash jarayoni ketmoqda. Shuningdek, ushbu hududdagi arxeologiya yodgorliklarini 3D panjara bilan oʻrash choralari koʻrilmoqda. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?