Nukusda “Joʻxori gurtik” kuni koʻtarinki ruhda oʻtmoqda
Qoraqalpoq milliy qadriyatlarini asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish hamda mintaqada gastronomik turizmni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar doirasida jamoatchilik tashabbusi bilan bir necha yildirki 25-fevral — Qoraqalpogʻistonda milliy taomlardan biri boʻlgan (juoʻyeri gurtik) “Joʻxori gurtik kuni” keng nishonlanib kelinmoqda.
Bugun Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti 1-sonli talabalar turar joyida 25-fevral – Joʻxori gurtik kuni munosabati bilan qoraqalpoq xalqining milliy taomi – joʻxori gurtik tayyorlash boʻyicha tanlov tashkil etildi.
– Har yili talabalar turar joyida ushbu bayramni nishonlab, talabalar bilan birgalikda joʻxori gurtik tayyorlab, ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan urf-odatlar, anʼanalar va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz, oʻzaro fikr almashib, tariximiz va madaniyatimiz haqida maʼlumotlar beramiz. Bu bayram viloyatlardan kelgan talabalar oʻrtasida ham katta qiziqish uygʻotadi. Ular qoraqalpoq xalqining milliy taomi joʻxori gurtik va uning tayyorlanishi haqida maʼlumotlarga ega boʻladi. Albatta, bu bayram orqali biz yurtimizning oʻziga xos madaniyati, tarixi, urf-odatlari va milliy taomimizni dunyoga tanitishga hissa qoʻshamiz, – deydi pedagog-tarbiyachi Muhabbat Abdimuratova biz bilan suhbatda.

Tadbirda institutning tegishli masʼullari ishtirok etib, yoshlarimiz orasida shunday milliyligimizni targʻib qilishga hissa qoʻshayotgan talabalar turar joyi jamoasiga va pedagog-tarbiyachilariga minnatdorchilik bildirdi.
Tanlov doirasida talaba-yoshlar birgalikda milliy taom – joʻxori gurtikni tayyorlab, bayram dasturxoniga tortdi. Ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirildi.

Taʼkidlash joiz, 2023-yildan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasida 25-fevral jamoatchilik tashabbusi asosida “Joʻxori gurtik kuni” sifatida xalqimiz orasida keng nishonlanib kelinmoqda.
Albatta, bunday tashabbuslar ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan anʼanalarni kelgusi avlodlarga yetkazish, millatlar oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Maʼlumot uchun: Hozirga qadar “Joʻxori gurtik”ning eng koʻp masalliq ishlatgan holda katta qozonda Nukus shahrida joylashgan Prezident maktabida tayyorlangan. Unda ushbu taomni tayyorlash jarayonida 20 ta kurka goʻshti, 35 kg joʻxori uni va 15 kg bugʻdoy uni sarflangan. Tayyorlangan taom diametri 3,5 x 2,5 metr oʻlchamda tayyorlab olingan “lagan”ga suzilgan.
Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ramazon va tibbiy yondashuv: kimlar ehtiyot boʻlishi kerak?
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring