Nosfurushdan olingan kitob

16:47 10 Aprel 2020 Jamiyat
2862 0

Illyustrativ foto

...Oʻshanda 1947-yilning bahori edi.Buxorodagi bozorga tushgan yosh tadqiqotchi Saidjon Aliyevning eʼtiborini yoniga ikki – uch kitobni qoʻyib olib, odamlarga nos sotayotgan odam tortib qoldi.Nosfurush chaqqonlik bilan kitob varagʻini yirtar va nosni unga oʻrab xaridorga uzatardi.

Saidjon ijozat soʻrab, kitoblarni varaqladi.Muqovasi qalin, zarhal harflar bilan bitilgan kitobni koʻrganda yuragi hapriqib ketdi.Bu 1583-yilda Mir Husayn al-Husayniy tomonidan koʻchirilgan Buxoro amiri, shoir Ubaydiy qalamiga mansub “Kulliyot” asari edi.Yosh tadqiqotchi nosfurush soʻragan pulni berib, kitobni bagʻriga bosganicha uyiga qaytdi.

Oradan bir yilcha vaqt oʻtgach, “Kulliyot”ni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga topshirdi.Asar yagonanusxa sifatidainstitut qoʻlyozmalar fondidan oʻrin oldi.Adabiyotimiz xazinasi bir nodir asar bilan boyidi.”Kulliyot”ning yana bir ahamiyatli jihati shunda ediki, sheʼrlar oʻzbek, fors – tojik va arab tillarida bitilgandi.Shu tariqa nosfurushdan olingan kitob sharofati bilan XVI asrda yurtimizda uch tilda ijod qilgan zullisonayn shoir kashf etildi.

Shu oʻrinda Ubaydiy haqida qisqacha toʻxtalish foydadan xoli emas.1486 – 1540-yillarda yashab oʻtgan Ubaydiy elparvar, yurt bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan xon va noziktaʼb shoir sifatida tarixda qolgan.U 1533 – 1540-yillarda Buxoro hukmroni boʻlgan.Uning xonligi davrida Zarafshon daryosi ustida Mehtar Qosim koʻprigi hamda shaharda mashhur Mir Arab madrasasi barpo etilgan.Yassaviya va Naqshbandiya tariqatiga eʼtiqod qoʻygan, tasavvufni chuqur oʻrgangan bu ajdodimiz Ubaydiy, Qul Ubaydiy, Ubaydulloh taxalluslari bilan ijod qilgan.Yirik ruboiynavis.Hikmatnavislik borasida Ahmad Yassaviy anʼanasini davom ettirgan.Bizgacha yetib kelgan 220 dan ziyod hikmati shundan dalolat beradi.Qabri Bahouddin Naqshband qadamjosidagi Daxmai Shohon (Shohlar dahmasi)da.

Aytmoqchi, olis 1947-yilda Ubaydiyning nodir asarini nosfurushning qoʻlidan sotib olib, Sharqshunoslik institutiga topshirgan Saidjon Aliyev keyinchalik yirik adabiyotshunos, zabardast murabbiy boʻlib yetishdi.Sadriddin Ayniy, Oybek, Abdurahmon Saʼdiy, Vohid Abdullayev singari adabiyotimiz jonkuyarlari izidan borib, koʻplab asarlar yaratdi.Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU) professori sifatida yuzlab yoshlarga saboq berdi, shogirdlar tayyorladi.82 yoshda vafot etdi.

Darvoqe, Ubaydiyning “Kulliyot”i Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida 8931 – raqami ostida qayd etilgan.Shu asar asosida olimlarimiz tomonidan koʻplab ilmiy – tadqiqot ishlari qilingan.Bu bejiz emas. Ubaydiyning gʻazal va ruboiylari hayotiyligi, mazmundorligi, badiiy jihatdan puxtaligi bois hali – hanuz oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelmoqda.Bunga ishonch hosil qilish uchun uning quyidagi hikmatini oʻqishning oʻzi kifoya:

Sabr etsa kishi, murodigʻa yetgusidir,
Oʻzini sabur ahlidin etgusidir.
Sabr etmakdin anga yetib xurramlik,
Gʻam xayli aning xotiridin ketgusidir.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?