Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishda davom etadi — Adliya vazirligi

Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda endilikda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmaydi, degan mazmunda xabar tarqaldi va qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Adliya vazirligi ushbu holat boʻyicha quyidagilarni maʼlum qildi.
"Birinchidan, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunda ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtirilishi nazarda tutilgan. Yaʼni, mazkur Qonunda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi shartligi haqida talab mavjud emas.
Ikkinchidan, qanday hujjatlar jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmasligi qonunchilikda avvaldan belgilab qoʻyilgan. Prezidentining 2021-yil 15-martdagi qaroriga koʻra quyidagi hollarda loyihalar jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmaydi:
– favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha cheklovchi tadbirlarni belgilashga qaratilgan loyihalar;
– yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi loyihalar;
– tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishni nazarda tutmaydigan loyihalar.
Uchinchidan, qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotgan norma yangilik emas. Chunki, Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 30-bandiga ushbu masala yuzasidan 2021-yil 16-avgustda tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan.
Toʻrtinchidan, regulation.gov.uz portali loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishning yagona manbai emas. Bundan tashqari loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarning rasmiy veb-sahifalari va jamoatchilik.uz portaliga ham loyihalar joylab borilishi lozim.
Masalan, 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun 2022-2026.strategy.uz veb-sayti, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz portallariga joylashtirilgan.
Shuningdek, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq davlat hokimiyati
va boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborot jumlasiga kiradi. Demak, tashkilotlarning oʻzlari ishlab chiqqan loyihalarni rasmiy veb-sahifalarida eʼlon qilib borish majburiyati qonun darajasida mustahkamlangan.
Beshinchidan, loyihalarning jamoatchilik muhokamasiga manzilli yondashuv xorijiy davlatlarning tajribasida ham qoʻllanib kelayotgan amaliyot hisoblanadi.
Taʼkidlash lozimki, Belorussiya va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati belgilab berilgan.
Xususan, Belorussiyaning “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish shartlariga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan qonunchilik hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi lozim boʻlgan loyihalardan biri sifatida koʻrsatilgan.
Oltinchidan, norma ijodkorligi nuqtayi nazaridan pishiq boʻlmagan loyihalarning portalga joylanishi keng jamoatchilikda norozilik va rezonanslarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, soʻnggi vaqtlarda ishlab chiquvchilar tomonidan boshqa vazirlik va idoralarning vakolatlari, vazifalari va javobgarligiga taalluqli boʻlgan loyihalarni ishlab chiqish holatlari uchrab turibdi.
Bu, oʻz navbatida, tegishli vazirlik va idoraning huquqiy holati va imkoniyatlarini toʻla baholamagan holda sifatsiz, puxta ishlanmagan hamda belgilangan tartibda kelishilmagan holda fuqarolar, tadbirkorlik faoliyati subyektlariga majburiyatlar yuklovchi, ularning faoliyatida byuroktratik toʻsiqlarni vujudga keltiruvchi loyihalarning ishlab chiqilishiga olib kelmoqda.
Koʻrinib turibdiki, loyihalarining jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishida manzilli yondashuv vaziyat va zamon taqozosidir" deyiladi rasmiy munosabatda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
- Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda
- Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring