Non azizdir odamga...

23:03 29 Noyabr 2024 Jamiyat
300 0

1933-yili Rossiyada katta qurgʻoqchilik roʻy berganda rus aholisi Samaradan Toshkentga poyezdlarda koʻchib kelib, yurtimizdan qoʻnim topgan “Ташкент — город хлебный” deb. Keyinchalik 1941– 1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida yana rus aholisi Oʻzbekistonga evakuatsiya qilindi va bobo-buvilarimiz ularni oziq-ovqat hamda kiyim-kechak bilan taʼminladi. Shu voqealarga asoslanib “Sen yetim emassan” kinofilmi ham suratga olindi.

1964-yil SSSRda non tanqisligi sababli ukam bilan Chorsu bozorida navbatda turib oʻzimizning obinon, gijda non va boshqa yeguliklarni sotib olardik. Bu nonlar shirin, arzon, tez aynimaydigan, qotganda ham sifati oʻzgarmas edi. Oʻsha kezlari ishlab chiqarilgan “железнодорожный”, buxanka, baton, bulochka va pryaniklar “Гост стандарт”lari boʻyicha chiqarilar, texnologiyasi saqlanib kelinardi. Baribir oʻzimiznikiga yetmasdi...

Taxminan 1980-yillarda novvoychilikka davlat tomonidan yangi nemis texnologiyasi olib kelindi va avvalgi sinovdan oʻtgan texnologiyani siqib chiqardi. U texnologiya Qozogʻiston uniga moʻljallangan boʻlib, bizning unimiz bu raqobatdan chiqib ketdi. Aynan nemis texnologiyasi boʻyicha chiqarilgan buxanka nonlari jazirama yoz kunlari tez buzilib, yopishqoq va berch boʻlib qolardi. Bu chiqindiga aylangan mahsulotni hatto uy hayvonlariga ham berib boʻlmasdi. Tabiiyki xalqning katta mablagʻi non bilan birga isrof boʻlardi.

Rossiyada 2020-yilda Prezident buyrugʻi bilan chet eldan keltirib olingan oziq-ovqat mahsulotlarini sifati yaxshi boʻlishi, barcha qonun talablariga mos kelishiga qaramay buldozer bilan yanchib, yerga koʻmib yuborishgan. Maqsad — shu va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzimizni yurtdoshlarimiz ishlab chiqarsin deyishgan. Natijada esa Rossiya qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish koʻrsatkichlari boʻyicha dunyoda birinchilar qatorida eʼtirof etiladi.

Mustaqillikdan buyon yurtimizda koʻp oʻzgarishlarga guvoh boʻldim. Ayniqsa, rahmatli birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida xalq farovonligi yoʻlida katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Ulardan soʻng amaldagi davlatimiz rahbari, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bayroqni balandroq koʻtarib, iqtisodiyotimizning yanada yuksalishi, Oʻzbekistonimizni dunyoga kengroq ochilishiga mashaqqatli xizmatlarini ayamay kelmoqdalar.

Bilamizki, hayotimiz va iqtisodiyotimizda ham novvoylik azaldan yuqori ahamiyatga ega, yuksak qadrlanadi. Har bir viloyatning oʻz bugʻdoy uni, tegirmon toshi-yu novvoyxonalari, non yopish usullari va maktablari mavjudligi hech kimga sir emas.

Oʻylaymanki, yaqin kelajakda yurtimiz ham koʻp sohalarda dunyoning manaman degan mamlakatlari qatorida rivojlanadi. Shu bilan birga novvoychilik sohasida ham yutuqlarga erishiladi, mehnatkash xalqimiz olqishiga sazovor boʻladi, jonajon yurtimiz oʻzining shirmoy, taʼmi-yu mazasi boshqa oʻlkalarnikiga oʻxshamagan aziz nonlari bilan dunyoda nom qozonaveradi.

Mirqosim MIRSOBIROV,

Xalq demokratik partiyasi Nuroniylar kengashi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?