Nodirbek Abdusattorov “Tata Steel Chess 2025”da yetakchilikni yoʻqotdi

12:39 26 Yanvar 2025 Sport
355 0

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat boʻyicha anʼanaviy “Tata Steel Chess 2025” turniri qizgʻin davom etmoqda. Musobaqaning 7-tur bellashuvlari muxlislarga shiddatli oʻyinlarni taqdim etdi.

“Masters” guruhida peshqadamlik qilayotgan oʻzbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Niderlandiya shaxmatining yetakchi vakili Anish Giri bilan durang oʻynadi.

Bu natija Abdusattorovning umumiy hisobda ochko yoʻqotishiga olib keldi. Hindistonlik yosh isteʼdodli shaxmatchi Gukesh Dommaradju bu imkoniyatdan unumli foydalanib, oq donalarda Pentala Harikrishnani magʻlubiyatga uchratdi va 5 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlikni qoʻlga kiritdi.

Abdusattorov va Rameshbabu Pragnanandha 5 tadan ochko toʻplab, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni band etgan. Ushbu uch shaxmatchi musobaqaning 7 turidan soʻng hali magʻlubiyatga uchramadi. Shuningdek, xitoylik Vey Yi 7 partiyaning barchasida durang qayd etib, musobaqaning eng barqaror shaxmatchilaridan biriga aylandi.

“Chellenjer” guruhida Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan Nodirbek Yakubboyev bu turda turkiyalik 16 yashar iqtidorli shaxmatchi Ediz Gurelga magʻlub boʻldi. Bu Yakubboyev uchun musobaqadagi uchinchi magʻlubiyat boʻldi.

Hozirgacha 3 ochko toʻplagan shaxmatchimiz umumiy jadvalda 10-pogʻonada qayd etilmoqda. Mazkur guruhda chexiyalik Van Nguyen va mezbon shaxmatchi Ervin Lami 5 tadan ochko jamgʻarib, yetakchilik qilmoqda.

Bugun 8-tur oʻyinlari davom etadi. Nodirbek Abdusattorov hozir juda ajoyib oʻyin koʻrsatayotgan Vladimir Fedoseyevga qarshi dona suradi. Yakubboyev esa ruminiyalik Irina Bulmaga qarshi oʻynaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер