Nobel mukofoti sohiblariga bagʻishlangan kitob taqdimoti
“Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida “Inson. Madaniyat. Tinchlik: madaniyatni anglash va XXI asrda hayotni idrok etish borasida taniqli zamondoshlar bilan suhbatlar” nomli toʻrt jildlik nashrning Nobel mukofoti sohiblariga bagʻishlangan birinchi jildi taqdimoti oʻtkazildi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti taqdim etgan ushbu nashr YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi arafasida tayyorlandi. Tadbirda mazkur universitet hamda viloyatdagi boshqa oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va talabalari, Samarqand viloyati hokimligi masʼullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Keng koʻlamli, toʻrt jilddan iborat ushbu fundamental ilmiy-maʼrifiy loyiha Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Yusuf Abdullayevning masʼul muharrirligida amalga oshirilayotgan boʻlib, unda tinchlik madaniyati va fuqarolik diplomatiyasiga bagʻishlangan mualliflik materiallari jamlangan. Ular zamonamizning dunyoni oʻz ixtirolari, ilmiy kashfiyotlari va madaniy hamda ijtimoiy rivojga qoʻshgan ulkan hissalari bilan yaxshilik sari oʻzgartirgan yirik intellektual shaxslar bilan olib borilgan bevosita suhbatlar, yozishmalar, uchrashuvlar va fikr almashuvlar asosida shakllantirilgan. Har bir suhbatdoshning dunyoqarashi, qiziqishlari, qadriyatlari va hayotga munosabati oʻziga xos. Ularning javoblari, izohlari va fikrlari turfa — xuddi hayotning oʻzi kabi rang-barang va sermazmun.

Loyihaning ishtirokchilari orasida jahon ilm-fani va madaniyatining yirik arboblari, taniqli ziyolilar, yozuvchilar, olimlar, shuningdek, turli mamlakatlardan oddiy insonlar ham bor. Har bir maktub — bu yurakdan chiqqan soʻz, tinchlik, doʻstlik va hamjihatlikka daʼvatdir.
— Mualliflar qariyb qirq yil davomida jahon miqyosida tan olingan fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarining yirik namoyandalari bilan doimiy muloqot va yozishmalarni amalga oshirgan, — deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. — Toʻplamning birinchi jildi mualliflarning 72 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari bilan madaniyat mohiyati va XXI asr dunyosining qiyofasi haqida olib borgan suhbatlari hamda yozishmalarini oʻz ichiga oladi. Unda insoniyat sivilizatsiyasining barqarorligi va istiqboli bilan bogʻliq dolzarb masalalarga oid savollarga javoblar, zamonamizning yetuk intellektual va fikr yetakchilarining eksklyuziv kuzatuvlari, izoh va fikr-mulohazalari jamlangan. Kitobda keltirilgan original xatlar toʻplami oʻquvchiga fan va taʼlim olamining yetakchi arboblari bilan bevosita fikr almashish, ular bilan birgalikda tez oʻzgarayotgan dunyoda madaniyatning mazmuni va missiyasi haqida mushohada yuritish imkonini beradi.

Mualliflik loyihasi — “Tinchlik madaniyati odami” oʻzining gʻoyaviy ilhomi va chuqur maʼnosi bilan “Inson. Madaniyat. Tinchlik” nomli ilmiy-maʼrifiy markaz tashkil etilishiga zamin yaratdi.
Mazkur markaz 2023-yil noyabr oyida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) huzurida tashkil etilgan, 2025-yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida faoliyatini boshladi.
Quvonarlisi shundaki, bugun aynan shu markaz mazmunan yirik, gʻoyaviy jihatdan teran va tarixiy ahamiyatga ega ushbu kitob loyihasining yakuniy bosqichini amalga oshirish markaziga aylandi. Bu nafaqat ilmiy tashabbus, balki Samarqandning global madaniy maydondagi nufuzini yanada mustahkamlovchi maʼnaviy hodisadir.

Tadbir doirasida “Samarqand barcha qitʼalarda”, “Oʻzbekiston va Rossiya madaniyatlari muloqotida Samarqand: meros va zamonaviyat”, “Amerika Samarqan diyonasi” nomli tematik koʻrgazmalar tashkil etildi. Shuningdek, “Samarqand haqida soʻz — 2025” marafonining taqdimoti oʻtkazildi. Ushbu keng qamrovli loyiha Samarqand shahar kuni hamda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga bagʻishlangan.
Tadbir davomida turli tanlov va grant loyihalarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari taqdirlandi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring