Nega gazetadan uzoqlashdik?

17:44 07 Noyabr 2024 Jamiyat
490 0

Kundalik matbuot bizga nechogʻlik kerak? Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga oʻtkazilgan saylov natijalari, eng koʻp ovoz olgan nomzodlar roʻyxati bilan batafsil tanishish zarurati tugʻilgan pallada bu savolga yana bir marta javob topgandek boʻldim. Bu roʻyxatni gazetada aniq-tiniq, qayta-qayta oʻqish imkoniyati bemalol. Bugina emas, bosma nashr oʻquvchiga jamiyat hayotiga doir mavzularni chuqur tahlilga asoslangan holda yoritishi, soʻz yuritilayotgan obyekt yoki subyektning faoliyati haqida fikr bera olishi bilan boshqa axborot vositalaridan farqlanadi. Eng muhimi, uyingiz, ishxonangiz yoki oʻqish joyingizda taxlam gazetani vaqtlar oʻtganda ham varaqlab, istalgan maqolaga qayta murojaat qila olasiz. Masalan, bir necha yil oldin nomi ulugʻ bir gazetada milliy qadriyatlarimizning bir boʻlagi – doʻppi haqida chiroyli maqola oʻqigandim. Undagi maʼlumotlar muhimligi uchun oʻsha nashrni saqlab qoʻygandim. Yaqinda oradan olti yil oʻtib qarangki, oʻsha gazeta kitoblarim orasidan chiqdi. Doʻppi haqidagi maqolani yana qiziqish bilan oʻqidim. Mana, gazetaning oʻziga xos tomoni. Oʻsha materialni internetga ham berdik, deylik, nari borsa bir soat “yashaydi”. Undan soʻng oʻrnini boshqa maʼlumot egallaydi.

Biz nega shunday ishonchli va qulay maʼnaviy koʻmakchidan uzoqlashdik? Yaqinda oʻquvchilarim va hamkasblarim oʻrtasida jajji tadqiqot oʻtkazdim. “Qaysi gazetalarni bilasiz (oʻqiysiz emas)” – degan savolni oʻrtaga tashladim. Ayrimlar ikki-uchtagina nashrning nomini sanadi. Vaholanki, bugungi kunda yurtimizda 600 dan ortiq gazeta-jurnal bor. Xoʻsh, gazeta nomini bilmaslik fojiami sizningcha?

Bugungi hayotimizda kattalar ham, yoshlar ham har qanday maʼlumotni osongina internetdan bilib oladi, degan dunyoqarash shakllangan. Yuqoridagi savolga darrov ushbu javobni roʻkach qiladiganlar yetarli. Lekin fikrlash-chi, tahlil-chi? Toʻgʻri, internet materiallari axborotni “issigʻi”da beradi. Ammo ularda gazetadagidek tahliliy, tanqidiy materiallar yetarlicha yoritilyaptimi? Ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilarning aksariyati internetga faqat xabar oʻqish uchun kiradi. Koʻpchilik vaqtini videoxabarlarga sarflaydi.

Tarixdan maʼlumki, jadidlar oʻz harakatlarida millat maʼnaviyatini isloh etish, odamlarni maʼrifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga oʻrgatish va mudroq tafakkurni uygʻotishning eng asosiy omili sifatida matbuotdan foydalangan. Matbuotning kuchi, koʻp narsaga qodirligi undan keyingi yaqin tariximizda ham amalda oʻzini isbotlagan.

Biz qimmatbaho restoranlarda ovqatlanamiz. Yuqori narxda ust-bosh sotib olamiz. Har bir oilada besh-oltitalab foydalanilayotgan uyali telefonni-ku aytmay qoʻya qolay. Shuning oʻziga sarflanayotgan mablagʻ oyiga bir necha yuz ming soʻmgacha borib qoladi. Nega biror bir gazetaga obuna boʻlmaymiz? Farzandining “obunaga pul bering” degan gapi koʻpchilikni chaqib oladi. Darrov qonun-qarorlarni varaqlashga “obuna majburiy emas” degan vajni roʻkach qiladi.

Xoʻsh, vaqtli bosma nashrlar mutolaasiga boshqa davlatlarda qanday qaraydi? Masalan, oʻz qadriyatlarini sevuvchi kunchiqar Yaponiyada aholining 89 foizi muntazam ravishda gazeta oʻqib boradi. Ularning 50 foizdan ortigʻi har tongni gazeta mutolaa qilishdan boshlaydi. Nafaqat uy yoki ishxona balki, metro, avtobus, hatto yoʻl-yoʻlakay ham. Nima, yaponlarda internet yoʻqmi? Bor, faqat asrlik anʼana va qimmatga ega gazetalar qadrini aslo unutmagan.

Toʻgʻri, tanganing ikkinchi tomoni boʻlganidek, gazetadagi maqolalarning ham ijtimoiy yuki boʻlishi, xalqchil tilda yozilishi, oʻquvchiga nimadir bera olishi lozim. Oʻz tamoyiliga sadoqatli tahririyatlarimiz buning uddasidan chiqyapti. Lekin yurtdoshlarimizning koʻpchiligi taniqli xonanda-yu aktyorlarning shaxsiy hayotini bezab koʻrsatadigan ijtimoiy tarmoqlarni koʻzdan kechirish bilan vaqtini yoʻqotayotgani kishini tashvishga soladi. Nima boʻlganda ham gazetalar oʻqib boʻlingach, pistachi xolaning oʻrov ashyosi yoki mevalarga zaxa yetmasligi uchun foydalanilmasa, faqat oʻqish, maʼrifat ulashish uchun yarasa – maʼnaviyatimiz rivojiga foyda boʻladi.

Saidaxon BOLTAYEVA,

Namangan viloyati Chust tumanidagi

2-kasb-hunar maktabi oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер