“Neftchi” PFK: yangi mavsum taqdimoti ezgulik ayyomi sifatida tashkil etildi

10:37 25 Fevral 2026 Sport
676 0

Oʻtgan yili qariyb chorak asrlik tanaffusdan soʻng oltinchi marotaba mamlakat chempioni boʻlgan Fargʻonaning “Neftchi” futbol jamoasi yangi mavsum uchun har tomonlama puxta hozirlik koʻrmoqda.

Yangi futbol mavsumi oldidan uyushtirilgan taqdimot marosimi Fargʻona viloyati hokimligi hamda “Neftchi” professional futbol klubi rahbariyati tashabbusi bilan nogironligi boʻlgan bolalar uchun Muruvvat internat uyi hamda Saxovat uyida tashkil etildi.

Dastlab Muruvvat internat uyida bolajonlarga esdalik sovgʻalari ulashildi. Shundan soʻng klubga yangi kelib qoʻshilgan futbolchilarni rasman tanishtirish marosimi oʻtkazildi. Futbolchilar bolalar bilan birgalikda sahnaga chiqib, ulardan oʻz raqami tushirilgan futbolkalarni qabul qilib oldilar. Tadbirning ikkinchi qismi Fargʻona viloyati “Ijtimoiy qoʻllab- quvvatlash markazi“da davom etdi. Samimiy muloqotdan keyin iftorlik dasturxoni yozildi. Nuroniylar va jamoa aʼzolari bir dasturxon atrofida jamuljam boʻlishdi.

Aytish joiz, yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonida yosh va iqtidorli mutaxassis Islom Ismoilov jamoa bosh murabbiyligiga tayinlandi. Shuningdek, jahon futbolida tanilgan Yurgen Gyode yordamchi murabbiy, Antonio Sarioglu jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy, Vitaliy Galat darvozabonlar murabbiyi hamda Fakunda Stik taktik va tahliliy yoʻnalishdagi murabbiy sifatida ish boshladi. Oʻz navbatida bosh murabbiyga yana bir guruh mahalliy mutaxassislar ham koʻmaklashadi.

—Yangi mavsum oldidan chempionlikka erishgan jamoa oʻzagini saqlagan holda 10 nafar mahoratli futbolchilar jalb etildi,—deydi Islom Ismoilov.—Jamoa bilan shartnoma imzolaganlar orasida oʻzbek futboli yulduzlaridan tashqari Braziliya, Xorvatiyadan ham yosh va istiqbolli futbolchilar borligi quvonarlidir.

Mavsumoldi tayyorgarlikning soʻnggi va hal qiluvchi bosqichi hisoblanadigan oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari xorijda tashkil etildi. Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtgan yigʻinda 30 nafar futbolchi ishtirok etgan boʻlsa, ularning 11 nafari yosh iqtidor egalari ekani eʼtiborga molik. Bu jamoada sogʻlom raqobat muhiti hamda mustahkam zaxira shakllanayotganidan dalolat beradi.

Yangi mavsumning dastlabki bahsini “Neftchi” 28-fevral kuni oʻz maydonida oʻtkazib, “Istiqlol” stadionida Muborakning “Mashʼal” klubini qabul qiladi.

—Ramazon oyi munosabati bilan boʻlib oʻtgan bugungi tadbir xalqimizning eng ezgu fazilatlarini namoyon etgani bilan ham gʻoyatda ahamiyatlidir,—deydi futbol faxriysi Tohir Kapadze.—Ishonamizki, ushbu mavsumda sevimli jamoamiz yettinchi bor mamlakat chempionligini qoʻlga kiritish hamda uchinchi marotaba Oʻzbekiston kubogini boshi uzra baland koʻtarish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Qolaversa, uzoq tanaffusdan soʻng Osiyo chempionlar ligasi (elit) musobaqasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishini kutib qolamiz.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер