Navoiyda kichik invaziv gastrostomiya texnologiyasini joriy etish boʻyicha ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi

15:43 26 Yanvar 2026 Jamiyat
477 0

Navoiy shahrida “Kichik invaziv gastrostomiya texnologiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar hamda mahorat darsi boʻlib oʻtdi. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasining Tibbiy-sanitariya boʻlimi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirni Moskva shahridagi V.M. Buyanov nomidagi klinik shifoxonaning endoskopiyachi shifokori Yevgeniy Kudryavskiy olib bordi.

Seminar va amaliy mashgʻulotlar davomida mutaxassis nazorati ostida 3 nafar bemorga gastrostomik trubkalar oʻrnatildi. Tadbir Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, shuningdek, bemorlar uchun xavfsiz va samarali enteral ovqatlantirish usulini amaliyotga joriy etishga qaratildi.

— “Kichik invaziv gastrostomiya texnologiyasi” mavzusidagi seminar va mahorat darsi doirasida Tibbiy-sanitariya boʻlimimizning anesteziologiya-reanimatsiya boʻlinmasi negizida yutish funksiyasi buzilgan, nevrologik hamda onkologik kasalliklarga chalingan, shuningdek, uzoq muddat reanimatsiya sharoitida boʻlgan 3 nafar bemorda enteral ovqatlantirishni xavfsiz, barqaror va samarali yoʻlga qoʻyish taʼminlandi, — deydi TSB endoskopiyachi shifokori Jamshid Abdullayev. — Ushbu amaliyot Navoiy viloyatida ilk bor oʻtkazilib, undan koʻzlangan asosiy maqsad ogʻir holatdagi bemorlarning toʻliq va samarali ovqatlanishini taʼminlash hamda umumiy salomatlik holatini barqarorlashtirishdan iborat.

Qoʻshimcha qilish joizki, ushbu innovatsion metodika endoskopik jarrohlik xavfini kamaytirishi, bemorlarni parvarishlash va ovqatlantirish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, u tibbiyot xodimlarining amaliy koʻnikmalarini oshirish, ilgʻor xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etish hamda bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер