Navoiy viloyati hokimi olimpiada yoʻllanmasi sohibiga ikki xonali uy sovgʻa qildi
2020-yil sarhisobi boʻyicha sport sohasi hamda Oʻzbekiston yoshlari forumi doirasida yuqori natijalarni qayd etgan navoiylik yoshlar viloyat hokimi tomonidan taqdirlandilar.
2020-yil 25-dekabr kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Humo arena”da respublikamiz yoshlari bilan uchrashuvi chogʻida har yil oʻz sohasida faol boʻlgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash taklifi bildirilgan edi.
Shu munosabat bilan kuni kecha Navoiy shahar “Yoshlar” markazining katta majlislar zalida viloyatda 2020-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan bajarilgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda festivalda faol ishtirok etgan iqtidorli yoshlar, yuqori natijalar qayd etgan sportchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar Navoiy viloyati hokimi tomonidan ragʻbatlantirildi.
2020-yil 18-25-dekabr kunlari Oʻzbekiston yoshlari forumi doirasida oʻtkazilgan “Yoshlar festivali”da qirqqa yaqin loyiha va tadbirlar tashkil etilib, tanlov va musobaqalar oʻtkazildi hamda bir qator yoshlar, jamoalar gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar.
Shu bilan bir qatorda, viloyatda sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Hokim kubogi” sport musobaqalari ham tashkil etildi.
“Hokim kubogi” va festival doirasida tashkil etilgan kibersport, “Shunqorlar” oʻyinlari, basketbol, voleybol, mini-futbol, stol tennisi, badminton, shaxmat-shashka hamda velosport musobaqalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yoshlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda Navoiy viloyatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qoʻshgan hissalari uchun “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyasida Mahmud Togʻayev, “Eng yaxshi ayol murabbiy” nominatsiyasida Farida Togʻayeva, “Sport fidoiysi” nominatsiyasida marhum Ibodulla Rahmonov, “Eng yaxshi sport targʻibotchisi” nominatsiyasida Tohir Abduraxmonov, “Eng yaxshi sport tashkiloti” nominatsiyasida Navoiy olimpiya zaxiralari kolleji, “Ayol sport fidoiysi” nominatsiyasida Larisa Kim, “Eng yaxshi jamoa” nominatsiyasida Navoiy viloyati voleybol jamoasi, “Eng yaxshi sport homiysi” nominatsiyasida Navoiy kon metallurgiya kombinati maxsus sovrinlar bilan mukofotlandi.
Marosimning eng kulminatsion nuqtasi – suzish boʻyicha Oʻzbekiston ochiq kubogida 1-oʻrinni egallab, Tokio olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan hamda 2020-yil yakunlariga koʻra, Navoiy viloyatida “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan Xurshid Tursunovga ikki xonali uyning kalitini topshirish jarayoni boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring