“Nasxi Buxoriy” xatini kim ixtiro qilgan?

18:52 18 Yanvar 2024 Madaniyat
883 0

Manbalarda taʼkidlanishicha, yozuvga va kitob koʻchirishga talab va ehtiyojning oshishi tufayli oʻtmishda Xuroson va Movarounnahrda bir necha xattotlik maktablari vujudga kelgan. Hirot, Buxoro, Xorazm, Fargʻona (Qoʻqon), Samarqand va Toshkent xattotlik maktablari shular jumlasidan.

Ular orasida Buxoro xattotlik maktabi alohida ajralib turadi. U XVI–XVII asrlarda taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarildi. Mashhur xattotlar yetishib chiqdi. Buni bir jihatdan mazkur davrda Buxoroda madaniy hayot maʼlum darajada rivojlanish pillapoyasiga koʻtarilgani bilan ham izohlash mumkin. Aynan shu davrda Hirot xattotlari va musavvirlaridan bir qismi Buxoroga keladi. Pirovardida Buxoroning oʻziga xos boʻlgan yangicha kitobat va husnixat sanʼati rivoj topadi.

XVI–XVII asrlarda yashab ijod etgan Buxoro xattotlari oʻziga xos uslub yaratdilar. Tarix sahifalarida Mir Ali Hiraviy Fathobodiy, Mirzo Ismatulloh Munshiy, Sodiq Munshiy Jondoriy, Mir Maʼsum Buxoriy, Avaz Badaliy Buxoriy, Hoji Yodgor, Domlo Bobobek, Abdulmajid Maxdum Buxoriy, Subhonquli, Muhammad Rizo Namadiy, Mirzo Mavlon Buxoriy, Abdulloh Savdo, Abdulvahhobxoʻja, Abdulqodirxoʻja, Mirzo Muhammadjon, Mirzo Isʼhoq kabi zarrinqalam sohiblari – mohir xattotlarning nomlari tez-tez uchrashi buning yorqin dalilidir.

Oʻsha davrda Buxoroda koʻfiy, suls, gʻubor, nasx, nastaʼliq xatlari juda rivojlangan. Shu jarayonda nasx xati asosida “Nasxi Buxoriy”xati yaratiladi. U Mir Ubayd Buxoriy (vafoti 1601-y.) tomonidan ixtiro qilingan. Bu xat nasx xatidan koʻra kattaroq (yirikroq) boʻlib, jozibadorligi va moʻjizakorligi bilan har qanday kishini ham oʻziga maftun etadi.

Manbalarda aytilishicha, Mir Ubayd Buxoriy Muhammad alayhissalomni tushida koʻradi. Paygʻambarimiz Mir Ubaydga qalam hadya etadilar. Xattot uygʻonganida hadya etilgan qalam qoʻlida turganini koʻradi. Oʻsha qalam bilan yoza boshlaganida esa moʻjiza roʻy berib, yangi xat uslubi –“Mir Ubaydiy” vujudga keladi va bu xat “Nasxi Buxoriy” deb atala boshlanadi.

Bu xat tez orada Oʻrta Osiyo, shuningdek, Afgʻoniston shimolida keng tarqaladi. Mazkur xatda Qurʼonni kitobat qilish boshlanadi. Qori Mir Fayz Buxoriy, Qori Abdulvohid Buxoriy, Qori Ahmad Buxoriy, Mirzo Hoshim Xoʻjandiy, Muhammad Ersoriylar “Nasxi Buxoriy” xatida Qurʼon, “Daloil ul-xayrot”, “Farzi ayn” singari kitoblarni, xutbalarni kitobat qilganlar. Mir Ubayd Buxoriy esa shu tariqa ushbu xat ixtirochisi, mohir xattot sifatida tarixda qoldi.

Abdulgʻafur RAZZOQ,

Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi mudarrisi, xattot

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер