Namanganda yana bir anjuman – “Qadimiy sadolar aksi” festivali an’anaga aylanadigan bo‘ldi

Yoshlar ma’naviy olamini boyitish, ularning ajdodlar merosini chuqur o‘rganishi, milliy qadriyatlarga sadoqatini mustahkamlashga xizmat qiluvchi tadbirni o‘tkazish uchun uzoq tarixga ega qadimiy Axsikent shahri yodgorligi tanlandi. Bu, bejiz emas. Zero, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan bu ko‘hna shahar xarobalari nafaqat yurtimiz ahli, balki, butun jahon jamoatchiligi e’tiborini tortgan.
Voqeligi ikki yarim ming yilga borib taqaladigan maskan dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shgan allomalar, xususan, Temuriylar sulolasining zabardast vakili - o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirgan shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburni tarbiyalab o‘stirgan kent sifatida ma’lumu mashhur. Garchi, 1620 yildagi kuchli yer silkinishi gullab-yashnagan Axsi qo‘rg‘onini tamoman vayronaga aylantirgan bo‘lsada uning nomi, ajdodlardan qolgan osori-atiqalar asrlar qa’riga singib ketmadi. O‘z davrida “Farg‘ona shaharlarining onasi”, deb ulug‘langan shahriston xarobalari uzoq vaqtlardan buyon ilm vakillari va sayyohlarni qiziqtirib kelmoqda.
Kechagi shanba Axsikentda olis tarix va yangi zamon yuzlashdi. Viloyat madaniyat boshqarmasi va To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “Qadimiy sadolar aksi” madaniyat festivali bu yerga yaqin atrofdagi qishloqlar ahli, ma’naviyat faollari, umumta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchilari, san’at vakillarini to‘pladi.
- Bugungi tadbir chinakam bayramga aylandi, -deydi festivalga o‘z o‘quvchilarini olib kelgan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 58-umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy –ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Hamzabek Siddiqov. – Tarixchi olimlarning chiqishlari bilan ishtirokchilarning ko‘xna shahar haqidagi tasavvurlari mustahkamlangan bo‘lsa, Zahiriddin Muhammad Bobur va avlodlarining san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan siymolari ajdodlar qiyofasini yoshlar ko‘z o‘ngida gavdalantirdi.
Anjuman doirasidagi badiiy dastur, Axsikentdan topilgan osori-atiqalar, shuningdek, mahalliy aholi ijodi mahsuli bo‘lgan xunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi tadbir mazmunini boyitdi. Ishtirokchilar bu yerda tashkil etilgan osmon ostidagi muzeyga sayr qildilar. Tashkilotchilarning aytishiga qaraganda, Namangan viloyati madaniy hayotidan munosib o‘rin oladigan festival endilikda har yili bahorda muntazam o‘tkazilib, an’anaga aylanadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
- Kitoblar — tafakkur chashmasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring