Namanganda oʻqituvchilarga attestatsiyada yordam berayotgan “bunker” fosh etildi

20:23 20 Noyabr 2025 Jamiyat
275 0

Foto: DXX

Namangan shahrida taʼlim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan tashkil qilingan “bunker” fosh etildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Maʼlum qilinishicha, DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Namangan shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Tadbir davomida Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari, Namangan davlat texnika universiteti boʻlim boshligʻi hamda ushbu boʻlim mutaxassisi va boshqalar oʻzaro til biriktirib, malaka toifalarini belgilash uchun oʻtkazilgan attestatsiya imtihonlari doirasida test sinovlarini topshirishlarida pedagog oʻqituvchilarga moddiy manfaat evaziga “bunker” orqali masofadan turib yordam bergani aniqlangan.

“Bunker” sifatida foydalanilayotgan xonadon koʻzdan kechirilganida, ushbu manzilda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar oʻqituvchi borligi aniqlanib, noutbuk, 30 dona har xil turdagi eshitish moslamasi va yashirin kameralar, 8 dona Wi-Fi router va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Maʼlum boʻlishicha, maktab direktori oʻrinbosari va boshqalar imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishga ishontirgan holda, viloyatdagi pedagog oʻqituvchilarning maʼlum bir qismidan 1,3-1,5 ming dollardan talab qilib, joriy yil sentyabr-oktyabr oylarining oʻzida 25 ming dollar miqdorida pul mablagʻi yigʻib olgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlanishicha, Davlatobod tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari hamda “bunker”ni boshqarayotgan, 2001-yilda tugʻilgan fuqaro muqaddam aynan shunday jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?