Namanganda natijadorlikni yanada oshirish vazifalari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabr kuni Uychi tumanida Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Hududda amalga oshirilgan salmoqli ishlar iqtisodiyot rivoji va aholi farovonligida namoyon boʻlmoqda. Soʻnggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushgan. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra koʻpayib, 1 mingdan oshgan.
Mehnatga layoqatli aholini 82 foizi kichik biznes va tadbirkorlik orqali roʻzgʻor tebratayapti. Aholining real oʻrtacha daromadi 3 barobar oshdi. Muhimi, bunday oʻzgarishlarni Namangan ahli oʻzining kundalik hayotida his qilayapti.
Yigʻilishda bu surʼatini davom ettirib, natijadorlikni yanada oshirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Xususan, yil yakunigacha 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish vazifasi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari mahallalarni obod qilish boʻyicha muhim tashabbusni ilgari surdi. Unga koʻra, yurtimizda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi amalga oshiriladi. Ushbu dasturga Fargʻona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi 4 tadan, qolgan hududlardagi 2 tadan tuman, shuningdek respublika boʻyicha eng “ogʻir” 328 ta mahalla kiritiladi.
Qisqa vaqt ichida Namanganda kambagʻallik 2,5 barobar kamaygan. Tadbirkorlik loyihalari koʻpaygani, oʻrtacha oylik oshgani hisobiga ikki yilda migratsiyadagi 62 ming odam qaytgan.
Islohotlar shtabiga viloyatdagi xushmanzara joylar boʻyicha master-reja ishlab chiqib, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi. Pop, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi, Uchqoʻrgʻon va Chustdan oʻtgan daryo va soy oʻzanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis obyektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Bugungi kunda viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarmi toʻqimachilik sohasiga toʻgʻri keladi. Namanganlik tadbirkorlar brend bilan ishlash boʻyicha respublikada yetakchi.
Investitsiya olib kelish va brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun bir oyda viloyatda alohida loyiha ofisi ochiladi. Xalqaro sertifikat olgan tekstil korxonalari 50 taga yetkaziladi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha Varshava va Londonda kamida 1 ming kvadrat metrli savdo uylarini tashkil qilish topshirildi. Umuman, viloyatda bu yil toʻqimachilik mahsulotlari eksportini 500 million dollarga yetkazish, ikki yilda 1 milliard dollarlik 25 ta yirik loyihani ishga tushirish mumkinligi qayd etildi.
Yil boshidan buyon viloyatga 1 million 200 ming xorijiy, 2 million mahalliy sayyoh kelgan, turizm eksporti 200 million dollardan oshgan.
Shunga mos ravishda turizm infratuzilmasini ham rivojlantirish kerak. Lekin Namangandagi eng jozibali hududlardan biri – Chortoq tumani imkoniyatlari toʻliq ishga solinmayapti. Turistlar uchun onlayn maʼlumot olish, joyni oldindan band qilish, madaniy hordiq chiqarish kabi oddiy xizmatlar ham yoʻlga qoʻyilmagan.
Shu bois Chortoq butun yil davomida xizmat koʻrsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantirilishi aytildi. Bunday loyihalar infratuzilmasi uchun 50 million dollar ajratiladi.
Jahon banki bilan Oʻrta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida bu yil “Furqat” bogʻi rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi. Chortoqsoy boʻylab 11 kilometr uzunlikda piyodalar va velosiped yoʻlaklari quriladi.
Jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirgʻoqlarini 7 kilometri betonlashtirilib, 30 gektar yer foydali maydonga aylantiriladi. Bu yerdagi koʻp yillik bogʻlar bilan uygʻun holda sanatoriy tipidagi yirik servis obyektlari barpo etiladi.
“Chortoq” suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va koʻngilochar maskanlar tashkil qilinadi. Pop tumanidagi Arashan koʻli atrofida 1 ming 200 gektar maydonda yiliga 1 million sayyohni qabul qiladigan yirik turizm majmuasi barpo etiladi.
Soha uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi oʻquv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qoʻshma fakultet tashkil qilinadi.
Prezidentimiz ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Uychi, Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bogʻlovchi asosiy yoʻl tirband boʻlib kelayotgan edi. Shu bois, 63 milliard soʻm hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi koʻprik qurilmoqda.
Shuningdek, Qoradaryo ustidagi 63-yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bogʻlovchi 180 metrli eski koʻprikni rekonstruksiya qilish boshlandi. Buning natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yoʻlga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqarib, tirbandlik kamayadi. Ushbu koʻpriklar kelgusi yilda ishga tushiriladi.
Viloyat markazini poytaxt bilan bogʻlaydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan “Pungon-Namangan” yoʻlining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yoʻl 246 million dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi.
Viloyatdagi 30 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagani, tarmoqlarning 21 foizi taʼmirtalab ekani koʻrsatib oʻtildi. Kanalizatsiya bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ham murojaatlar koʻp.
Shuning uchun bu yil viloyatda suv tizimini yaxshilashga 800 milliard soʻm ajratildi. Mutasaddilarga yil yakunigacha 130 kilometr suv va kanalizatsiya tarmogʻi, 11 ta suv inshooti qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirish vazifa qilib qoʻyildi.
Namangan shahri aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlovchi 70-yil oldin qurilgan “Kurashxona” suv inshooti bugungi kunda 50 foizdan kam quvvatda ishlamoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bu inshoot rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Yaqinda Namangan aholisi bir millionli shaharga aylanadi. Bu sharoitda bogʻchalarni koʻpaytirish juda dolzarb ekani taʼkidlandi.
Bu borada tadbirkorlarga bir qator yengilliklar eʼlon qilingan edi. Ulardan unumli foydalanib, Namangan shahrida bu yil 5 ming, keyingi yil 15 ming oʻrinli bogʻcha tashkil qilish muhimligi taʼkidlandi. Viloyatdagi 49 ta texnikumda xorijiy standartlar va dual taʼlim joriy etilishi aytildi.
Soʻnggi uch oyda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 3 mingga yaqin muhtoj insonlarga qarab turish xizmati yoʻlga qoʻyildi. Natijada bu bilan band boʻlgan 350 kishi ishga joylashgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga endilikda demensiya va Parkinson bilan ogʻrigan odamlar uchun ham qarab turish xizmatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
– Bugun sizlar bilan shahar va tumanlarni rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash boʻyicha yangi marralarni belgilab oldik. Agar bir birlashsak, bundan ham katta natijalarga erisha olamiz. Ishning koʻzini biladigan, tadbirkor va mehnatsevar namanganliklar bilan viloyatni yurtimizning eng obod va farovon hududlaridan biriga aylantiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda belgilangan vazifalar boʻyicha hudud va tarmoqlar rahbarlari axborot berdi, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari bilan muloqot boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring