Namanganda xalqaro zotdor hayvonlar va parrandalar koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda
“Yoshlik baraka” bozori noyob qushlar, vazni ogʻir qoʻylar, zotdor ulovli otlarning kishnashiga toʻlgan. Minglab mehmonlar esa goʻyo tabiatning eng sara namunalarini jamlagan jonli muzeyda boʻlgandek hayajon bilan aylanib yurishibdi.
Yangi Namangan tumanidagi “Yoshlik baraka” bozori hammani bir manzilda jamladi. Ana shu gʻayrioddiy shovqin-suron orasida uchinchi bor oʻtkazilayotgan Namangan xalqaro zotdor hayvonlar va parrandalar koʻrgazmasi boshlandi. U barchada katta qiziqish uygʻotmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov soʻzga chiqib, oxirgi yillarda yurtimizda Prezidentimiz boshchiligida turizm va chorvachilik yoʻnalishlariga qaratilgan eʼtibor tufayli xalqaro miqyosdagi tadbirlar soni keskin ortganini taʼkidladi. Uning taʼkidlashicha, bu koʻrgazma faqatgina mahsulotlar namoyishi emas, balki tadbirkorlar, fermerlar va investorlar uchun hamkorlik imkoniyatlari, kelajak rejalari va yangi gʻoyalar maydoni sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyatda chorvachilik yil sayin jadal rivojlanmoqda. Joriy yilning oʻzida qoramol bosh soni – 12,1 foizga, qoʻy va echkilar – 11,4 foizga, parrandalar – 44,3 foizga oshgani qayd etildi. Ayniqsa, naslchilikka berilgan jiddiy eʼtibor oʻz samarasini yaqqol koʻrsatmoqda.

Koʻrgazmada ham bu raqamlar amaliy isbotini topdi. Maydonda yuzdan ziyod zotdor ot, tuya va qoramollar, noyob qoʻy-echkilar hamda turli tuman parrandalar namoyish etilmoqda. Mehmonlar har bir jonivorning zoti, imkoniyati va qiymati bilan yaqindan tanishmoqda.
Bu yilgi koʻrgazmaning eng koʻzga koʻringan kulminatsion nuqtasi 70 ming dollarlik uloqchi ot hamda 5 ming AQSH dollar baholangan Arashan zotli qoʻy boʻldi. Ularning tashqi koʻrinishi, zot xususiyatlari va jismoniy imkoniyatlari koʻpchilik mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Tadbir xalqaro statusga ega boʻlgani bois, unda qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistondan ham chorvachilik sohasi vakillari qatnashmoqda. Ular ham oʻzining eng sara zotdor hayvonlarini olib kelib, tajriba almashmoqda va hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqda.

Kun davomida oʻtkaziladigan tanlovlar yakunida turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi. Ularga maxsus diplomlar va qimmatbaho esdalik sovgʻalari taqdim etiladi.
Namanganda oʻtayotgan bu koʻrgazma nafaqat chorvachilar, balki turizm, tadbirkorlik va investorlar uchun ham ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Yuzlab zotdor hayvonlarning bir joyda namoyish etilishi, xalqaro tajriba almashuvi va soha rivojiga qaratilgan yangi gʻoyalar barchasi tadbirning ahamiyatini yanada orttiradi.
Ulugʻbek Roʻzimatov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring