Namanganda hokim yordamchilari pora bilan ushlandi

11:22 05 Dekabr 2025 Jamiyat
105 0

Videodan kadr

Hokimlik idoralari faoliyatida korrupsiya va firibgarlik bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Maʼlum boʻlishicha, Namangan shahridagi MFYlardan birida shahar hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha yordamchisi mazkur mahalladagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonlaridan 8 sotix qismi uchun dalolatnoma rasmiylashtirib, bir yil davomida noturar joy sifatida foydalanib turish va bir yildan soʻng yer toifasi qarorini turar-joy toifasiga oʻzgartirib berishni vaʼda qilib, buning evaziga fuqarodan 6 ming dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokimlik vakili kelishilgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi holat Yangi Namangan tumani mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birida ham kuzatilgan.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastrdagi tanishlari orqali ushbu mahalladagi 12 sotix davlat zaxirasida boʻlgan yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 16 ming dollar talab qilib, oldindan 6 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda ushbu hokimliklar vakillariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?