Namangan va Fargʻona viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi muhokama qilindi

17:53 20 Dekabr 2023 Siyosat
469 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Maʼlumki, Senat tomonidan respublikamizning tuman va shaharlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining samarali ijro etilishi ustidan parlament nazorati amalga oshirilib, tegishli uslubiy yordam koʻrsatilmoqda. Bu borada olib borilgan oʻrganish natijalari esa Senat majlislarida muntazam ravishda muhokama qilinadi.

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida Namangan va Fargʻona viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari” ijrosi muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, “yoʻl xaritalari” ijrosi doirasida mazkur viloyatlar hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni jadal surʼatlarda rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi Fargʻona viloyatida 5,2 foizga va Namangan viloyatida 7,4 foizga, xizmat koʻrsatish Fargʻona viloyatida 10,1 foizga va Namangan viloyatida 10,1 foizga, qurilish ishlari Fargʻona viloyatida 11,2 foizga va Namangan viloyatida 5,8 foizga oʻsgan.

Investitsiya dasturlari doirasida Namangan viloyatida 705,4 mln dollarlik 1 072 ta hamda Fargʻona viloyatida 518,1 mln dollarlik 1 016 ta loyiha ishga tushirilgan.

Namangan viloyatida 639,5 mln dollarlik va Fargʻona viloyatida 827,8 mln dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Namangan viloyatida 83 ta, Fargʻona viloyatida esa 76 ta obyektlar foydalanishga topshirilgan.

Namangan viloyatida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 80,4 ming va Fargʻona viloyatida 112 mingdan ziyod xotin-qizlarga hamda Namangan viloyatida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 23,2 ming va Fargʻona viloyatida 31,2 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga amaliy yordam koʻrsatilgan.

Majlisda aholini daromadli mehnat bilan band qilish masalasiga ham senatorlar tomonidan alohida eʼtibor qaratildi.

Hududiy bandlik dasturi ijrosi doirasida Namangan viloyatida 541,3 ming va Fargʻona viloyatida 558,6 ming kishining bandligi taʼminlangan.

Yalpi majlisda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlashda ayrim kamchilik va oʻz yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi senatorlar tomonidan aytib oʻtildi.

Xususan, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda tegishli tuman va shahar hokimliklari tomonidan mikromarkazlar va mikroloyihalar tashkil etish bilan bogʻliq masalalar oʻz vaqtida hal etilmaganligi sababli ushbu yoʻnalishda aholi bandligini taʼminlash rejasi Fargʻona viloyatining Beshariq, Furqat va Fargʻona tumanlarida bajarilmagan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan kredit mablagʻlarining oʻzlashtirilishi Namangan viloyatining Yangi Namangan, Toʻraqoʻrgʻon va Kosonsoy tumanlarida juda past.

Energetika vazirligi masʼulligida Quva tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini qoʻshimcha 100 mlrd soʻmga oshirish maqsadida 110 kVa 1,5 km elektr tarmogʻini qurish va “Soyguzar” podstansiyasini modernizatsiya qilish orqali 2 ta yirik transformator oʻrnatish ishlari muddatidan kechikmoqda.

Chortoq tumanida tashkil etilgan kichik sanoat zonasi hududini zarur infratuzilma bilan taʼminlash choralari koʻrilmaganligi sababli ayrim investitsiya loyihalari ishga tushirilmagan.

Ijtimoiy soha obyektlarini isitish tizimi uchun koʻmir yoqilgʻisi zaxirasini yaratish rejasi Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon, Pop va Chortoq tumanlarida va Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida yakuniga yetkazilmagan.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan viloyatlarda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, past quvvatda ishlayotgan sanoat korxonalari bilan ishlash, investitsiyalar jalb qilish, eksport hajmini oshirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash, muqobil energiyani joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatilishi yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar masʼul vazirlik va idoralarga koʻrsatib oʻtildi hamda bu borada qator takliflar bildirildi.

Turizm salohiyati yuqori boʻlgan mahallalarda yoʻl va infratuzilmani yaxshilash, mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini taʼminlashda iqtisodiy kompleks rahbarlarining masʼuliyatini oshirish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlashda subsidiyalash mexanizmidan keng foydalanish shular jumlasidan.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?