Namangan davlat universiteti rektori talaba-yoshlar bilan uchrashdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Universitet rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Sobitxon Turgʻunovning “Rektor va yoshlar uchrashuvi” doirasidagi muloqoti zavqli va mazmunli kechdi.
Tadbir avvalida rektor barchani universitet yoshlari erishgan navbatdagi gʻalaba — Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan intellektual olimpiada doirasidagi “Breyn ring” hamda “Erudit kvartet” oʻyinlarida NamDU vakillari yarim finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda poyoniga yetib borayotgan 2023-yil davomida OTM faoliyatida erishilgan yutuqlar atroflicha eʼtirof etildi. Bular orasida eng quvonarlisi, Namangan davlat universitetining xalqaro reytinglardagi dastlabki yutuqlaridan biri — Greenmetric xalqaro reytingida 2023-yil 5-dekabrda eʼlon qilingan “UI Green Metric World University Ranking-2024» natijalariga koʻra 790-oʻrinni, respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida esa ijobiy koʻrsatkichlar boʻyicha 18-oʻrinni egallaganidir. Bu haqdagi sertifikat universitet jamoasi uchun chinakam bayram tuhfasi boʻldi.

Darhaqiqat, universitetda yoshlar bilan muloqot qilish, talabalarni qoʻllab-quvvatlash doimiy anʼanaga aylangan. Rektor rahbariyat talabalarning tashabbuslari va takliflarini amalga tatbiq etishga doimo tayyor ekanligini taʼkidlab, barchani talabalarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Shuni alohida aytib oʻtish oʻrinliki, kelgusi yilda bitkaziladigan zamonaviy yangi oʻquv binosi, bunyod etilayotgan 400 oʻrinli talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishi taʼlim imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Muloqotda soʻzga chiqqan talaba-yoshlar tomonidan koʻplab takliflar oʻrtaga tashlandi. Ular orasida yoshlarning chet tillarini yanada chuqurroq oʻrganishlari uchun oʻquv kurslarini tashkil etish, sohalar boʻyicha rivojlangan xorijiy OTMlardan kuchli mutaxassislarni jalb qilish, talabalarga huquqiy koʻmak berish maqsadida markaz, shuningdek, universitetda ekobogʻ tashkil qilish haqidagi masalalar barchaga manzur boʻldi.
— Yangi oʻquv yilidan jurnalistika yoʻnalishining ochilishi sohaga qiziqadigan yoshlar uchun ayni muddao boʻldi, — deydi birinchi bosqich talabasi Davronbek Doʻstmurodov. — Bugungi uchrashuvda rektorimizga boʻlimimiz uchun zamonaviy studiya ochib berish boʻyicha taklif kiritdik. Bunga javoban kelgusi yili eng zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan studiya ochilishini, unda mukammal ovoz yozish qurilmalari ham boʻlishi, musiqaga qiziqadigan talabalar uchun asbob-anjomlar ham keltirilishini eshitib boshimiz osmonga yetdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Ostonadagi kinoteatrda yirik yongʻin yuz berdi (+video)
- Inson hayotidagi bosqichli davrlar. Qarish jarayoni bir tekis kechmasligi maʼlum boʻldi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Tailand va Kambodja oʻrtasida toʻqnashuvlar avj oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring