Mutasaddilar har bir loyihani yakuniga yetkazish boʻyicha ogohlantirildi

18:32 09 Aprel 2025 Jamiyat
213 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hozirda suv inshootlari va ularning yerlari turli idoralar balansida turibdi. Shuningdek, 2019-yilda tugatilgan “Suvsoz” balansida 2 ming 800 ta obyekt qolib ketgan. Yana 9 mingta obyektning kadastri yoʻq. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtildi.

Oqibatda bunday obyektlar boʻyicha loyiha qilish va qurilishni boshlash choʻzilmoqda. Mutasaddilarga barcha suv va kanalizatsiya obyektlari hujjatlarini tartibga keltirib, obyektlarni “Suvtaʼminot”ga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish topshirildi.

Hozirda xalqaro moliya tashkilotlari bilan energetika, transport, agrar, kommunal va ijtimoiy sohalarda 20 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar, viloyat hokimlari joriy yil yakunigacha 4,5 milliard dollarlik ishlarni soʻzsiz bajarishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Loyihani asossiz choʻzib, ortiqcha foiz toʻlanishiga yoʻl qoʻygan rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi belgilandi.

Bosh prokuraturaga bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatish topshirildi.

«Xalqaro moliya tashkilotlari ham islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab, joylarga chiqqan holda loyihalarni tezlatish boʻyicha hokimlar bilan faol ishlayapti.

Yanvar mart oylarida Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Fransiya rivojlanish agentligi, Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakillari Qoraqalpogʻiston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoga borib, 200 ga yaqin tadbirkor bilan ishladi.

Qisqa vaqt ichida 1,5 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirishga kelishildi», dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilar har bir loyihani yakuniga yetkazish kerakligi haqida ogohlantirildi.

Umuman, bu amaliyotni tizimga aylantirib, yana kamida 3 milliard dollarlik shunday loyihalarni boshqa hududlarda ham qilish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер