Muhammadsharif Soʻfizoda kimligini bilasizmi?
XX asrning 60-yillariga qadar oʻzbek jamiyati mahalliy boshqaruvida tavallud sanalari reestrini olib borish va uni arxivlashtirish jarayoniga befarqlik, loqayd munosabat kuzatiladi. Hozir ham qaysi oʻzbek xonadonidan soʻrasangiz, kimningdir tavallud yili yoki kuni, ism sharifi notoʻgʻri yozilgani haqidagi maʼlumotni aytishadi. Masalan, bizning padari buzrukvorimiz Qoʻymurod ota aslida 1929-yilda tugʻilgan. Biroq Mamatvali bobomiz baxtsiz hodisa tufayli ikki oyoqlaridan ajralganidan keyin sarson-sargardonlik paytida otamizning tavallud sanasi aniq yozib qoʻyilmagan. Faqat harbiy xizmatga chaqirilganida tavallud yili 1936-yil deb koʻrsatilgan. Bu maʼlumot pasportga ham koʻchib oʻtgan.
Bunaqa chalkashliklar shoir va yozuvchilar tarjimayi holida ham uchraydi. Deylik, Odil Yoqubov 1928-yil tugʻilgan boʻlsa-da, frontga joʻnash ishtiyoqi sabab bu sanani bir yoshga kichraytiradi. Shuning uchun ham Odil Yoqubov tugʻilgan yil turli manbalar va darsliklarda goh 1927, goh 1928 tarzida koʻrsatiladi. Taniqli munaqqid Olim Oltinbek “Rauf Parfi qachon tugʻilgan?” nomli maqolasida shoir tavallud sanasi bilan bogʻliq rasmiy maʼlumotlardagi chalkashliklar xususida batafsil mulohaza yuritadi. Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun ham ramziy ravishda 10-aprel sifatida belgilangan.
Muhammadsharif Soʻfizoda tugʻilgan yilni belgilash masalasida ham jamoatchilik hali-hamon biror toʻxtamga kelmagani bundan-da ajablanarli. 1934-yilda shoir tavalludining 65-yilligi, 1969-yilda 100-yilligi, 1989-yilda 120-yilligi bir guruh tashabbuskor ziyolilar tomonidan nishonlangan boʻlsa-da, marhum akademik Naim Karimov oʻzining “Soʻfizoda qachon tugʻilgan?” nomli maqolasida bu sanani 1869-yil emas, balki 1870-yil deb belgilash maqsadga muvofiqligini taʼkidlaydi. Chustlik soʻfizodashunos Husaynxon Orifiy “Erksevar shoir yoxud “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvonining ilk sohibi” nomli maqolasida bu maʼlumotni qoʻllab-quvvatlaydi. Taklifimiz shuki, manbalardagi maʼlumotlarning rang-barangligini hisobga olib, Muhammadsharif Soʻfizoda tavallud sanasining shartli ravishda 1870-yil deb qabul qilinishi har jihatdan oʻzini oqlaydi.
Maʼlumki, Muhammadsharif Soʻfizoda oʻz zamonasida “Vahshiy” adabiy taxallusi bilan mashhur boʻlgan. Albatta, yosh avlodda “Oʻzi maʼrifat uchun kurashgan fidoyi shoir nima sababdan sheʼrlarida “Vahshiy” taxallusini qoʻllagan” degan savol tugʻilishi tabiiy.
XIX asr soʻnggi choragi va XX asr boshlarida Qoʻqon adabiy muhitida satira hamda yumor ruhi nihoyatda kuchli boʻlgan. Sobir Abdullaning “Mavlono Muqimiy” nomli romanida shu davr adabiy jarayonining diqqatga sazovor jihatlari batafsil yoritilgan. Ayonki, Muhammadsharif Soʻfizoda kabi devqomat va doʻlvor tabiatli shoirning achchiq kulgiga yoʻgʻrilgan ayovsiz tanqid ruhiga toʻyingan sheʼrlari Qoʻqon adabiy muhiti zabardast vakillarida ajib taassurot uygʻotgan. Shoir feʼl-atvoridagi qaysarlik va qatʼiyat, ijodidagi ayovsiz satira ruhiga munosib taxallus tanlash masalasida oʻsha adabiy davralarda bir qarorga kelingan boʻlishi mumkin. Taxallus tanlash bobida ustasi farang boʻlgan Qoʻqon adabiy muhiti oʻzi tanglayini koʻtargan shoirga “Vahshiy” taxallusini berishi – mantiqan inkor etib boʻlmaydigan voqea.
Bugungi oʻquvchi XX asr boshlarida adabiy muhitga oʻz ovozi bilan kirib kelgan ijodkorlar hayoti va ijodini oʻqib-oʻrganish jarayonida Muhammadsharif Soʻfizodaning birinchi “Oʻzbekiston xalq shoiri”, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor boʻlganidan xabardor boʻladi. Shoirga bu unvon 1926-yil berilgani haqidagi maʼlumot esa uning shuurida javobsiz savollar tugʻdiradi: “Muhammadsharif Soʻfizoda yoki Hamzaga berilgan unvon nima sababdan biz ardoq bilan oʻrganayotgan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon kabi atoqli siymolarga ravo koʻrilmagan?”
Oʻquvchida tugʻilajak savolga joʻyali javob topish maqsadida shaxsiy kutubxonamizdagi, ijtimoiy tarmoqlardagi, shu jumladan, vikipediyadagi maʼlumotlarni oʻrganib chiqdik. Ularga qaraganda, hozirgacha 32 nafar ijodkor “Oʻzbekiston xalq shoiri”, 28 nafar ijodkor “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoni bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston xalq shoirlari qatoriga Gʻulomjon Roʻziboyev, Nazirjon Akbarov, Yunusqori Yusupov kabi sanʼatkorlar ham qoʻshib yuborilgan. Ayni chogʻda, roʻyxatdan Muhammadsharif Soʻfizoda va Rauf Parfi oʻrin olmagan. Oʻzbekiston xalq yozuvchilari roʻyxatida Hamza Hakimzoda Niyoziy nomi mavjud. Lekin Erkin Aʼzam nomi koʻrinmaydi. Oʻylaymizki, vikipediyadagi bu noaniqliklar jonkuyar mutasaddilar tomonidan tuzatib qoʻyiladi.
Koʻrinib turibdiki, xalq shoirlari va yozuvchilari roʻyxatida Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Usmon Nosir nomlari yoʻq. Gʻafur Gʻulom, Oybek, Uygʻun, Abdulla Qahhor kabi XX asrning 30-yillarida faol ijod qilgan qalamkashlar faqat 60 yillik yubileylari munosabati bilan tegishli unvonlar bilan mukofotlangan. Ilk bor Muhammadsharif Soʻfizoda va Hamza Hakimzoda Niyoziy 1926-yilda taqdirlangan rasmiy unvonga toki oʻtgan asrning 60-yillarigacha boshqa bir shaxs loyiq topilmagan. Bunga sabab sifatida XX asrning 30-50-yillaridagi shaxsga sigʻinish va qatagʻon jarayonini koʻrsatish mumkin. Har bir jon tahlikada yashagan mashʼum repressiya davrida mutasaddilar biror ijodkorni tegishli unvon bilan siylashga jazm etolmagan. Balki shuning uchundir Muhammadsharif Soʻfizoda birinchi “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga ega boʻlgani uzoq vaqt unutildi. Nihoyat, kech boʻlsa-da, adolat tiklandi. Maʼrifatparvar shoir “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvonining birinchi sohibi sifatida tilga olinmoqda.
Muhammad VALI,
adabiyotshunos.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring