“Muammo izlagan odamga har doim muammo topiladi” — Firdavs Abduholiqov sanʼat, madaniyat va uchinchi Renessans haqida
Shu yilning 15-18-dekabr kunlari Toshkent shahrida IV anʼanaviy madaniy meros haftaligi boʻlib oʻtadi.
Ushbu nufuzli tadbir munosabati bilan Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati Boshqaruvi raisi Firdavs ABDUHOLIQOVdan yurtimizda madaniyat va sanʼatni yana-da rivojlantirish, jumladan, xalqimizning madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada mavjud muammolar hamda ularning yechimlari xususida intervyu yozib oldik.
— Mamlakatimizda taraqqiyotning yangi davri boshlandi. Har bir sohada oʻzgarish, yangilanish yuz bermoqda. Ayni paytda talablar ham boshqacha. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati bugungi kunda qanday mezonlar asosida faoliyat yuritmoqda?
— Jamiyatimizda, ongu tafakkurimizda bugun yuz berayotgan yangilanish jarayonlari, shubhasiz, Prezidentimiz boshlab bergan mamlakatimizda yangi uygʻonish davri — uchinchi Renessans poydevorini yaratish tashabbusi va gʻoyasiga tayangan, desak, mubolagʻa emas. Shu maʼnoda, bugungi kunda har bir soha rivojida bir oliy mezon ustuvordir, u ham boʻlsa, Oʻzbekistonni dunyoning mutaraqqiy davlatlari qatoriga olib chiqish, xalqimizning madaniyatini, maʼnaviyatini yana-da yuksaltirish, milliy gʻururini boyitish, farovon va toʻkis hayotga erishish, azaliy orzularini roʻyobga chiqarish.
Xoʻsh, bu ulugʻvor maqsadlarga qanday erishiladi? Tanlagan yoʻlimizdan ogʻishmaslik uchun bizga nima mayoq boʻladi? Yuksak marralarga olgʻa intilishimiz uchun nima kuch, ruh beradi? Bu dolzarb savollarga Prezidentimiz aniq javobni bergan: buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim.
Ushbu yondashuvning naqadar oqilona va odilona ekanini koʻhna tarix necha bir bor isbot etgan. Jumladan, ona tuprogʻimizda yuz ochgan har ikkala Renessans ham mustahkam maʼnaviy-mafkuraviy negizda, birinchi galda yuksak ilm-fan yutuqlari, axloqiylik, adolat, bagʻrikenglik gʻoyalariga sodiqlik asosida yuz bergan. Shu maʼnoda, aytish mumkinki, umummilliy uygʻonishning har ikkalasi poydevorida ham tarix, etnografiya, manbashunoslik, sanʼatshunoslik, numizmatika, arxeologiya singari sohalar yetakchilar qatorida turgan. Misol uchun, xoh birinchi Renessans davrida yashagan Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” yoxud Xorazmiyning «Kitob at-taʼrix» asarlarini olaylik, xoh ikkinchi tamaddunning asoschilaridan biri boʻlgan sulton Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asari yoki Alisher Navoiyning «Tarixi muluki ajam» va “Tarixi anbiyo va hukamo” asarlariga eʼtibor beraylik, ular millatning oʻzligini anglatishga, moddiy va maʼnaviy boyligini asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazishga, milliy gʻururini yuksaltirishga, xalqni ezgu maqsadlar sari ruhlantirishga xizmat qilgan.
Demak, aniq xulosaga kelish mumkinki, aynan madaniy merosni oʻrganish, saqlash va ommalashtirish uchinchi Renessans yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarda ham oʻziga xos lokomotiv boʻla oladi. Davlatimiz tomonidan bugungi kunda ushbu sohalarga berilayotgan eʼtibor esa yana bir bor xalqimiz oldida oʻz tarixiy missiyasini bajarishiga hech qanday shak-shubha qoldirmaydi.
— Shu oʻrinda jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalsangiz. Ular Oʻzbekistonda yangi Renessans poydevorini yaratishdek ulugʻvor tashabbusni hayotga tatbiq etishda qanday ahamiyat kasb etishi mumkin?
— Dunyoda mamlakatlar, elu elatlar bisyor, lekin bizning xalqimizdek boy va betakror madaniy merosga ega xalqlar dunyoda u qadar koʻp emas. Ammo, afsuski, bu nodir xazina turli sabablar bilan butun dunyoga tarqab ketgan. Ularni topish, oʻrganish, imkoni boʻlsa, yurtimizga qaytarish yoki nusxalarini olib kelish, butun jahonga keng namoyish etish jamiyatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning magʻzini tashkil etadi.
2018-yilda tamal toshi qoʻyilgan Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati, avvalo, davlatimiz rahbarining xalqimiz madaniy merosini tadqiq va targʻib etish koʻlamini kengaytirishga qaratayotgan yuksak eʼtibori, bu borada qabul qilinayotgan bir qator farmon va qarorlar ijrosini taʼminlashga koʻmaklashishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Shuningdek, bu borada keng qamrovli tadqiqotlarni olib borishda umumeʼtirof etilgan, xalqaro meʼyorlar, tajribadan oʻtgan metodlarga tayangan holda ish ish olib bormoqda.
Ayni paytda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatlaridan tarix, etnografiya, manbashunoslik, sanʼatshunoslik, sharqshunoslik, numizmatika, arxeologiya singari sohalarda faoliyat olib borayotgan 400 ga yaqin yetuk olimlarni qamrab olganmiz. Bizni bitta umumiy jihat birlashtiradi — Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganishga boʻlgan qiziqish va muhabbat. Jamiyat aʼzolarini saralashda uzoq yillik kuzatuvlarimiz natijalariga tayandik. Eng muhimi, bu olimlarni shu paytga qadar hech kim xalqimizning madaniy merosini oʻrganishga undamagan. Ular oʻz ixtiyori, xohishi va ishtiyoqi bilan ana shu ezgu ishga kirishganlar.
Biz olib borayotgan “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” mega-loyihasi dunyo miqyosida Oʻzbekistonning buyuk tarixi va bebaho maʼnaviy boyligi bilan bogʻliq badiiy asarlar, qoʻlyozmalar va hujjatlarni toʻplash, oʻrganish, nashr etish va hujjatli filmlar yaratishni oʻz ichiga oladi. Loyiha natijasida hozirgi kungacha 20 ta kitob-albom chop etildi va yana 13 tasi nashrga tayyorlanmoqda, 30 dan ortiq hujjatli filmlar suratga olindi.
Bugungi kunda jahonning yetuk olimlari bilan birgalikda amalga oshirayotgan ishlarimiz bebaho madaniy merosimizning bizga, umuman, dunyo jamoatchiligiga nomaʼlum qirralarini kashf etishga xizmat qilmoqda. Misol uchun, Germaniyada saqlanayotgan, Oʻzbekistonga tegishli eksponatlar haqida alohida kitob-albom chop etdik. Aytish joizki, Germaniyada saqlanayotgan har bir kolleksiya oʻziga xos va betakrordir. Ular orasida Samarqanddagi Shohi-zinda meʼmoriy majmuasi hamda Buxorodagi Bayonqulixon maqbarasidan keltirilgan koshin parchalari, X asrga mansub, Afrosiyob xarobalaridan topilgan sopol idishlar, Surxondaryo viloyati hududidan (Chagʻoniyon) topilgan arxeologik topilmalar, Buxoro amirligi davriga oid kashtalar, tikilgan kiyim-kechaklar, mehnat qurollari, zardoʻzlik va uy-roʻzgʻor buyumlari, ot anjomlari, Xiva xonligida yasalgan taqinchoqlarni misol keltirish mumkin. Germaniyada saqlanayotgan Haydar Xorazmiyning uygʻur yozuvidagi «Maxzanul-asror» dostoni, buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulugʻbekning «Ziji Koʻragoniy» jadvali, Alisher Navoiyning “Xamsa”, «Lisonut-tayr», «Mahbub-ul-qulub»,«Xamsatul-mutaxayyirin» asarlari, Husayn Boyqaro devoni ham tadqiqotchilar uchun juda katta xazina boʻla oladi.
Oʻzbekistonga oid nodir bu durdonalar xalqimizda, ayniqsa, yoshlarimizda Vatanimiz tarixidan faxrlanish tuygʻularini kuchaytiradi, shu bilan birga, buyuk oʻtmishimizni yana-da chuqurroq oʻrganishga undaydi. Zero, oʻzligini anglagan xalq va insongina oʻz darajasidan yana yuqorilay oladi. Binobarin, ulugʻ yunon faylasufi Sitseron takidlaganidek, “Tarixni bilmaslik — bir umr goʻdak boʻlib qolmoqlikdir”.
— Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlarga, xususan, madaniyat, sanʼat sohalarida koʻzga tashlanayotgan yangilanishlarga xalqaro hamjamiyat, soha mutaxassislari va ekspertlari qanday baho bermoqda?
— Mamlakatimizda barcha soha qatori madaniyat, sanʼat jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni dunyo jamoatchiligi iliq kutib olmoqda. Bu, yurtimizda ushbu sohalarni zamon talablari asosida rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan tarixiy hujjatlar boʻladimi yoki Prezidentimiz tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani yoki Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkazilishining yoʻlga qoʻyilganimi — barcha qilinayotgan ishlarni xalqaro hamjamiyat, ekspert va mutaxassislar muntazam kuzatib bormoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlangan “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” multimedia loyihasini ham dunyo jamoatchiligi katta qiziqish bilan qabul qildi. Bu Oʻzbekistonning boy madaniy merosini oʻrganish va targʻib etishga davlat miqyosidagi eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yaqqol ifodasidir.
Xususan, YUNESKO bosh direktori Odri Azule xonim bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berar ekan, ushbu fikrlarni taʼkidlaydi: “Madaniy meros — bu avlodlar va zamonlarni bogʻlab turadigan mustahkam rishta. Uni kelajak avlodlarga yetkazish barobarida, butun dunyo ahli bilan ham baham koʻrish mumkin. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonning bu bebaho merosni asrash borasida bor imkoniyatlarini ishga solayotgani nafaqat shu mamlakat uchun, balki butun jahon uchun katta ahamiyatga ega”.
Amerika tashqi siyosati kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi hamda raisi, professor Frederik Starrning mulohazalari ham nihoyatda eʼtiborli: “Hammamiz tariximiz haqidagi tasavvurlarga ega boʻlish qanchalik muhimligini tushunishimiz kerak. Agar odamlar oʻz oʻtmishini bilishmasa, vaqt oʻtishi bilan ajdodlarning buyuk kashfiyotlari unutilib boraveradi. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatning madaniy merosini asrash va yana-da ommalashtirishga katta eʼtibor qaratilayotganidan mamnunman. Bu boshqalar uchun oʻrnak boʻlishi kerak”.
Loyiha ish boshlaganiga uch yildan koʻproq vaqt boʻldi. Shu paytga qadar 20 dan ortiq mamlakatlarda ilmiy ekspeditsiyalarda boʻlib, turli soha vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan suhbatda boʻldik. Ular hayratini yashirmay, mazkur loyihaning dunyoda biror-bir muqobili yoʻqligini eʼtirof etishdi. Oʻz mamlakatida shunga oʻxshash loyihalarni amalga oshirish istagini bildirganlar ham boʻldi.
Oʻtgan yili yurtimizda jamiyatimizning III xalqaro kongressi va Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi baland ruhda oʻtkazildi. Unda qatnashgan dunyo olimlari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspert va mutaxassislar, umuman, keng jamoatchilik mamlakatimizda ushbu sohada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Amalga oshirilayotgan ishlar va ularning ahamiyatini alohida eʼtirof etdi.
Masalan, AQSHdagi Xofstra universitetining Tasviriy sanʼat, dizayn va sanʼat tarixi kafedrasi, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo dasturi rahbari Aleksandr Naymark bu haqda shunday deydi: “Bir necha yil avval Oʻzbekistonda bu mamlakatning madaniy merosini tadqiq qilish bilan shugʻullanadigan yuzlab olimlar jamlanishini tasavvur qilish qiyin edi. Bu men uchun Oʻzbekistonda barcha jabhalarda, jumladan, fan va madaniyat tizimida ham katta oʻzgarishlar boʻlayotgani, bu mamlakat dunyoga yuz ochayotganini isbot etadigan “birinchi qaldirgʻoch” boʻldi. Shubhasiz, bu loyiha Oʻzbekiston madaniyati sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda harakatga keltiruvchi kuchlardan biri hisoblanadi”.
Kongress yakunida dunyo olimlari mamlakatimiz rahbariga murojaatnoma yoʻllab, bu boradagi ishlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va eʼtibor uchun minnatdorlik bildirishdi hamda bundan keyin ham ana shu maqsad yoʻlida birlashib, harakat qilishga tayyor ekanliklarini taʼkidlashdi.
— Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish borasida bugungi kunda qanday muammolar mavjud? Ularni bartaraf etish va kelgusi maqsadlarga erishish uchun nimalar qilish kerak?
— Muammo izlagan odamga har doim muammo topiladi. Hech bir ish oʻz-oʻzidan, muammosiz amalga oshmaydi. Shu paytga qadar Oʻzbekistonda yaratilgan, har xil sabablarga koʻra turli mamlakatlarga sochilib ketgan madaniy boyliklarimiz haqida maʼlumot toʻplashning oʻzi boʻlmasdi. Bu maʼlumotlarni global tarmoq orqali “Google” yoki «Vikipediya»dan osongina yuklab olishning imkoni yoʻq. Shukrki, keyingi toʻrt yilda sohaga munosabat mutlaqo oʻzgardi. Faoliyatimizga keng shart-sharoitlar yaratildi.
Davlatimiz rahbarining qatʼiy irodasi, yuksak bilim va salohiyati bilan mamlakatimiz tashqi siyosatida yuz bergan ijobiy oʻzgarishlar ham Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish borasidagi ishlarimizni keng miqyosda olib borishimizga imkoniyat yaratmoqda.
Dunyoning eng nufuzli muzeylari fondida xalqimizning mehnati va aql-zakovati evaziga yaratilgan minglab durdonalar yashirinib yotibdi. Biz shu muzeylar, kutubxonalar, ilmiy muassasalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlari bilan aloqaga kirishib, ular bilan hamkorlik oʻrnatish uchun harakat qilyapmiz.
Bu borada, albatta, turli vazirlik va idoralarning koʻrsatayotgan yordamini alohida taʼkidlash kerak. Ularsiz biz bunday natijalarga erisha olmasdik. Biz qilgan ishlar hali dengizdan tomchi, xolos. Dunyoning turli hududlarida saqlanayotgan durdonalarimiz haqida yana yuzlab jild kitoblar, filmlar yaratish, qanchadan-qancha ilmiy anjumanlar oʻtkazish mumkin. Bularning barchasi, shubhasiz, bizdan kuchli iroda, mehnat va mashaqqatga hozirlikni talab etadi.
— Bugun boshlanadigan Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi va jamiyatning navbatdagi kongressining avvalgilaridan farqli jihati, oʻziga xosligi nimada? Ushbu nufuzli tadbir keng jamoatchilik uchun qanday yangiliklarni vaʼda qilmoqda?
— Biz oʻtgan yili belgilangan “yoʻl xaritamiz”da juda katta ishlarni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan edik. Afsuski, kutilmagan pandemiya koʻplab rejalarning amalga oshishiga toʻsqinlik qildi. Shu bois, Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligini oldingilaridan farqli oʻlaroq, joriy yilda karantin qoidalariga amal qilgan holda, qisman onlayn koʻrinishda oʻtkazmoqdamiz.
Shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridan karantin choralarini qoʻllagan holda, qirqqa yaqin olimlar va mutaxassislarni chaqirganmiz. Bu yilgi haftalik “Oʻzbekiston madaniy merosi — uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida oʻtadi. Bu gal biz yana bir muhim jihat —Oʻzbekiston kinosanʼatining shonli oʻtmishi va bugungi yutuqlari haqida ishtirokchilarga keng maʼlumot berishni niyat qilganmiz. “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumida chop etilayotgan kitob-albomlarning 20 ta yangi jildi taqdim etiladi. Bir qator koʻrgazmalar, davra suhbatlari, koʻngilochar tadbirlar rejalashtirilgan. Navbatdagi haftalik ham xalqimiz maʼnaviy dunyosining yangi qirralarini kashf etishda muhim qadam boʻlishiga ishonamiz.
Dilshod KARIMOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring