«Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻlining qurilishi qanday ahamiyatga ega?

Maʼlumki, 2-fevralda Toshkent shahrida Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri X.Atmar, Pokiston bosh vazirining savdo, sanoat va investitsiyalar boʻyicha maslahatchisi A.R.Dovud ishtirokida «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻlining qurilishi boʻyicha tashkil etilgan birinchi uchtomonlama yigʻilish boʻlib oʻtdi. Mazkur loyihaning ahamiyati haqida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markaz rahbari Baxtiyor Mustafayev oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:
"Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor" temir yoʻlining qurilishi boʻyicha Afgʻoniston va Pokiston hukumatining yuqori darajadagi aʼzolari ishtirokidagi birinchi bor tashkil etilgan uchtomonlama uchrashuv xaqiqatdan ham tarixiy voqea. Sababi Afgʻoniston orqali Pokiston dengiz portlariga chiqish uchun avval ham harakatlar boʻlgan, lekin ularning barchasi bayonot darajasida qolib ketgan. Eʼtiborlisi, Toshkentdagi uchrashuv yakunlari boʻyicha «Mozori-Sharif-Qobul-Peshavor» temir yoʻlini qurish boʻyicha aniq Harakatlar rejasi qabul qilindi.
Bunday muhim amaliy qadam hech shubhasiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Afgʻonistonga nisbatan olib borilayotgan yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona munosabatlarimizning natijasi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bugun Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan siyosiy, iqtisodiy, investitsiya, transport, taʼlim va madaniy sohalarda oʻzaro manfaatlarga asoslangan koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning qatʼiy tarafdori.
Shu munosabat bilan «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻlining qurilishi Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu loyiha nafaqat Afgʻoniston va mintaqa, balki xalqaro xavfsizlikni taʼminlash nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga ega.
Buni bir qancha omillar bilan misolida aytish mumkin.
Birinchidan, bu temir yoʻl qurilishi natijasida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining koʻradigan iqtisodiy naflari.
Xususan, temir yoʻlning ishga tushishi mintaqa davlatlari oʻrtasida savdo aylanmalari hajmining oshishiga va oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga sabab boʻladi. Agar buni davlatimiz misolida koʻradigan boʻlsak, bugun Pokiston va Hindiston bilan bogʻlaydigan toʻgʻridan toʻgʻri yoʻlning mavjud emasligi natijasida Oʻzbekistonning ushbu davlatlar bilan savdo aylanmasi 500 mln. dollardan oshmaydi. Vaholonki Janubiy Osiyo davlatlarining YAIM 3,5 trln. dollarga, aholisining soni esa 1,9 mlrd. kishini tashkil etadi. Yaʼni temir yoʻl qurilishi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning barcha imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻli ikki mintaqa davlatlari oʻrtasida yuk tashishga sarflanayotgan vaqtni keskin qisqartiradi. Yana aniq misollarga tayanadigan boʻlsak, bugun Markaziy Osiyo davlatlarining mahsulotlari Pokistonga oʻrtacha 30-35 kunda yetkazilmoqda. Temir yoʻl qurilishi esa ushbu vaqtni 8-10 barobargacha qisqartirish imkonini beradi.
Qolaversa, bitta 30 tonnalik konteynerning yetkazishga ketgan xarajat 3 barobarga, yaʼni 900 dollardan 300 dollargacha qisqarishi mumkin. Bu nafaqat Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi savdo aylanmasining oʻsishiga olib keladi, balki ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.
Uchinchidan, «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻlining qurilishi Markaziy Osiyo mintaqasini transport va logistika nuqtayi nazaridan jozibador mintaqaga aylantiradi. Tarixdan maʼlumki, Markaziy Osiyo Sharq va Gʻarb bogʻlab turuvchi muhim koʻprik vazifasini oʻtab kelgan. Qolaversa ushbu loyiha Markaziy Osiyo orqali tovar eksport qilayotgan ishlab chiqaruvchilarga muqobil transport yoʻlaklaridan foydalanish imkonini beradi.
Toʻrtinchidan, ushbu loyiha Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishda hech mubolagʻasiz yangi sahifa ochishga xizmat qiladi. «Mozori-Sharif —Qobul — Peshavor» temir yoʻlining qurilishi Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha mintaqaviy va xalqaro darajada yakdil yondashuv – konsensusni mustahkamlashga xizmat qiladi. Sababi temir yoʻl qurilishi Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga jalb qilingan barcha davlatlarning manfaatlariga javob beradi. Xususan bugun Rossiya, AQSH va Xitoyning rasmiy vakillari ushbu loyihani qoʻllab-quvvatlab, uning qurilishida ishtirok etish xohishi borligini bildirishgan.
Yuqoridagi misollardan biz «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻl loyihasining qanchalik beqiyos ahamiyatga ega ekanligini koʻrdik.
Lekin shunday boʻlsada bugun xorijiy rasmiy va siyosiy ekspert doiralarida ushbu loyihaga nisbatan ishonchsizlik va shubha bilan qarash saqlanib qolmoqda.
Asosiy sabab sifatida Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat, geografik jihatdan yoʻlning togʻli hududlardan oʻtishi va moliyalashtirish manbalarining mavjud emasligi aytilmoqda.
Toʻgʻri Afgʻonistonda xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat murakkabligicha saqlanib qolmoqda. Lekin uning asosiy sabablari nima? Eng avvalo ijtimoiy iqtisodiy vaziyatning ogʻirligi, ishchi oʻrinlarining mavjud emasligi, yoki boʻlmasa yoʻl va energetika infrastrukturalarining rovojlanmaganligi emasmi?! Natijada Afgʻoniston aholisi kun kechirishi uchun turli xil diniy ekstremistik oqimlarga va terroristik guruhlarga qoʻshilishga, yoki boʻlmasa narkotik moddalari ishlab chiqarishda va sotishda ishtirok etishga majbur boʻlishmoqda.
Oʻz navbatida «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻl qurilishi natijasida minglab yangi ishchi oʻrinlari yaratiladi, hududlarda yangi yoʻllar va elektr tarmoqlari quriladi. Shu nuqtayi nazardan «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻlining qurilishini nafaqat transport loyihasi sifatida balki Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlashga xizmat qiladigan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga keng imkoniyatlarni ochib beradigan muhim loyiha sifatida qarash zarur.
Ikkinchi sabab, yaʼni texnologik murakkabliklar. Bugun dunyoda temir yoʻl qurilish sohasi juda shiddat bilan rivojlanmoqda, Agar misol keltiradigan boʻlsam dunyodagi eng baland hisoblangan yaʼni dengiz sathidan 5000 metr balandlikda qurilgan Sinxay – Tibet temir yoʻl bundan 15 yil avval Xitoyda qurilgan. Bundan tashqari bugun davlatimiz temir yoʻl qurilishi sohasida oʻziga xos ilgʻor tajribaga ega. Misol tariqasida, «Angren — Pop» temir yoʻlining tarkibiy qismi hisoblangan Qamchiq dovonida 2016-yilda xitoyliklar bilan hamkorlikda qurib bitkazilgan 19,6 kilometrlik tunnelni aytish mumkin. Ushbu tunnel yoʻl qurilishi sohasida murakkabligi jihatidan kuchli 10 talikka kiritilgan loyihalar qatoridan joy olgan.
Yana bir muhim fikrni aytib oʻtmoqchiman. Hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Afgʻonistonda temir yoʻl qurgan yagona davlat hisoblanadi. Xususan, Oʻzbekiston 2010-yil Afgʻonistonda «Hayraton — Mozori-Sharif» yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻlini qurib, foydalanishga topshirgan. Oʻsha vaqt Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bosh vazir sifatida temir yoʻl qurilishga oʻzlari bosh-qosh boʻlgan edilar. Qolaversa, «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻlini qurishda xalqaro ekspertlar va yetuk mutaxassislarning xizmatidan foydalaniladi.
Shu nuqtayi nazardan «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yulining togʻli hududlardan oʻtishi uning qurilishiga toʻsiq boʻladi deb oʻylamayman.
Uchinchidan, moliyalashtirish masalasi. Birlamchi baholarga koʻra «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yoʻlini qurish uchun 4-5 mlrd. dollar atrofida mablagʻ talab etiladi. Albatta, bu Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Pokiston hukumati byudjetiga birmuncha ogʻirlik qilishi mumkin. Lekin masalaning boshqa tomoniga ham eʼtibor berish kerak. Bugun dunyoning yetakchi xalqaro institutlari ushbu loyihani toʻliq qoʻllab quvvatlashmoqda va uni moliyalashtirishga tayyor ekanliklarini namoyon etishmoqda. Bunga yorqin misol sifatida Toshkentdagi yuqori darajadagi uchtomonlama uchrashuvda Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktraviy investitsiya banki, Yevropani rivojlantirish va rekonstruksiya banki, Yevropa investitsiya banki vakillarining ishtirokini aytish mumkin.
Va eng asosiysi meni nazarimda, bu haqda Jahon bankining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk ham uchtomonlama uchrashuvda alohida aytib oʻtdilar, bu bugun Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston davlat rahbarlari oʻrtasida transmintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida kuchli siyosiy iroda, qatʼiyat va shijoatni namoyon etayotganliklari deb uylayman. Davlatlar oʻrtasidagi bunday yakdillik va qarashlar uygʻunligi hech shubhasiz soʻnggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan tashqi siyosatimizning muhim yutugʻi hisoblanadi.
Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasida yagona yondashuvning shakllanishi xalqaro hamjamiyat tomonidan «Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» temir yulining qurilishiga nisbatan katta qiziqish va ishonchning ortishiga sabab boʻlmoqda. Aynan shu omillar mening nazarimda temir yoʻlni qurishda kelajakda mustahkam poydevor vazifasini bajaradi".
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring