Momomning oʻgitlari

13:56 13 Sentyabr 2024 Jamiyat
113 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Oramizda shunday insonlar borki, odamlarga yaxshilik qilishni hayotining mazmuni deb biladi. Oʻzining ezgu amali bilan namuna boʻladi. Sizni qiynayotgan muammo yechilmay qolgudek boʻlsa, halovati yoʻqoladi, bunda oʻzini aybdor sanaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish oʻquv kursi direktori Rayhon Rahimova ana shunday qalbi qaynoq yurtdoshlarimizdan biri. Yaqinda muloqotda boʻlganimizda Rayhon opa oʻzining qalb qoʻrida asrab kelayotgan fikr-mulohazalari, kechinmalari bilan oʻrtoqlashdi:

— Momom katta maktab, tom maʼnoda yaxshi inson edi. Odam oʻzi yaxshilik qilishi bilan birga, boshqalarni ham yaxshilikka chorlashi kerak, derdi hamisha. Garchi xat-savodi boʻlmasada, mahallaning kayvonilaridan edi. Nizoli oilalarni yarashtirish boʻladimi, toʻy-maʼraka, katta-kichik hasharlarmi bari momomning maslahati, yoʻl-yoʻrigʻi asosida tashkil etilardi. Kimningdir boshiga mushkul ish tushgudek boʻlsa, xuddiki oʻzining muammosi kabi yelib-yugurardi. Shundan boʻlsa kerak, momomni tanigan-bilgan kishilar mahallaning Farmonbibisi, deb atar edi.

Ota-onam oddiy, lekin maʼrifatli kishilar. Bizni halol mehnat qilib voyaga yetkazishdi, barchamizni oʻqitib, uyli-joyli qilishdi. Otamning asosiy vaqti ishda oʻtgani tufayli bizning taʼlim-tarbiyamiz bilan onam, ayniqsa, koʻproq momom shugʻullangan. Bolaligimizdan nima yaxshiyu, nima yomon, qaysi ish mumkinu, qaysi biri mumkin emasligini, uvol-savobni oʻrgatdi. Oilamiz juda toʻq yashamagan, ammo och ham qolmagan. Koʻpchilikning rizqi moʻl boʻlishini koʻp bora aytardi momom.

Topganimizni qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ bilan baham koʻrganmiz. Roʻzgʻor yuki asosan otamning zimmasida boʻlsada, onam borini tejab-tergab foydalanishni yaxshi bilardi. Non pishirsa, biror tansiq taom tayyorlasa, albatta, qoʻshniga uzatardik. Birgina bizning uyda emas, barcha xonadonda ana shunday roʻzgʻor tutumi edi. Shuning uchun qoʻni-qoʻshnilar ahil-inoq, yaxlit oiladek yashardi. Eshikka qulf urilmasdi, mahallada urish-janjal, oʻgʻrilik boʻlmasdi.

Baʼzida oʻylab qolaman, zamonaviylashuv taʼsiridanmi yoki odamlarning tafakkuri oʻzgarishidanmi, hayot tarzimizning eng yoqimli bezagi boʻlgan qoʻshnilarning tovoq almashishdek goʻzal odati yoʻqolib bormoqda. Ilgari mahallada oʻtkaziladigan toʻy-tomoshalarni bir-ikki oy oldin eshitardik. Hozirda esa bir-ikki kun qolganida yoki oʻtib ketganidan keyin xabar topamiz. Odamlar orasidan mehr-oqibat qochdimikan…

Momom janjalli xonadonni yomon koʻrardi, oilalar ajrimiga toqati yoʻq edi. Bir kun janjal boʻlgan xonadondan qirq kunlik baraka ketadi, derdi.

Momomdan oʻzgalarning dardi bilan yashashdan charchamadingizmi, deb soʻrardik. Yaxshilik ortida dunyo-dunyo ezgu duolar mujassamligini taʼkidlardi. Birovning hojatini chiqargan kishining niyatlari ham ijobat boʻlishini aytardi. Kimdir uzoq safar yoki biror ishga kirishish oldidan momomdan duo soʻrab kelardi. “Bu kampirning tilida xoli bor”, derdi hamma. Ha, momomning xat-savodi boʻlmasada, ana shunday kayvoni ayol edi.

Umri davomida hayotning achchigʻiyu chuchugi, shodligiyu tashvishlarini koʻp bora tatigan qariyalarimizning qalbi ipak tolalariday nozik boʻladi. Ular bilan muloqotda ehtiyotsizlik yaramaydi, koʻngli tez ogʻriydi. Salgina mehrdan esa koʻngli togʻday yuksaladi.

“Qarisi bor uyning parisi bor”, deydi xalqimiz. Keksalarning tafakkur olami keng. Fikri, aqli, qalb kechinmalari oqayotgan suvday oʻychan. Biz ularni borida qadrlashimiz, hayot saboqlarini oʻrganishimiz, eng asosiysi, duolarini olishimiz shart.

Bolaligimda maktabdan kelasolib, momomning quchogʻiga oʻzimni otardim. Ajin bosgan yuzlaridan oʻpardim, ketmon sopidek tarasha qotgan oyoqlarini silab-silab uqalardim. Har qancha qarshilik koʻrsatmasin, bir tutam oppoq sochlarini tarab oʻrardim…

Momom uzoqdan uzoq duo qilardi meni. Aʼlo baholarda oʻqishimni istardi. Halol mehnatning luqmasini tilardi. Yurtga, elga sodiq farzand boʻlishimni Yaratgandan soʻrardi. Xat-savodi yoʻq, oʻzining tugʻilgan kuni sanasini ham bilmaydigan, hatto nafaqa pulini olib kelgan pochta xodimlarining qogʻoziga imzo qoʻyishni bilmasdan bosh barmogʻini ruchka siyohi bilan boʻyab, barmoq iz qoldiradigan 90 yoshli momom har gal soʻzining oxirida “Bolam, hukumatning oltin roʻyxatiga kirib yurgin”, deb titroq bosgan kaftlarini ajin bosgan yuziga tortardi. Xandon otib kulardim oʻshanda. Omigina momom, hukumatning ham “oltin roʻyxati” boʻladimi, derdim. “Ha, boʻladi, kirgizganida meni eslaysan”, derdi…

***

Yillar oʻtdi, Rayhon opa momosining har bir ezgu tilaklari ijobati yoʻlida intildi, izlandi. Vaqt oʻtishi bilan momosi xat-savodsiz bir omi ayol emas, aslida farishtasifat inson boʻlganini anglab yetdi.

Avvalo, Vatan ravnaqi yoʻlida qilingan halol mehnat ragʻbatsiz qolmasligini bildi. Xuddi momosi aytganidek, hukumatning “oltin roʻyxati” Rayhon opa uchun oʻz sahifalarini ochdi. Davlatimiz mustaqilligining 15 yilligi, 20 yilligi, 25 yilligi koʻkrak nishonlariga sazovor boʻldi. 2007-yilda “Shuhrat” medalini koʻksiga taqdi. Joriy yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Rayhon Rahimova uch marta xalq deputatlari viloyat Kengashiga deputat etib saylanganida, “Faxriy deputat” unvonini olganida, ilmiy ish qilib himoyadan oʻtganida, olima ayol sifatida tan olinganida, sheʼriy kitoblari, ilmiy maqolalari bosilganida “oltin roʻyxat”ning mazmunini chaqdi. Yaxshilik ortida dunyo-dunyo ezgu duolar mujassamligini angladi. Shundan boʻlsa kerak, bugun xuddi momosi singari odamlarga yaxshilik qilishni, ezgulik ulashishni hayotining mazmuniga aylantirgan.

Ha, rostdan ham keksalarning “tilida xoli” bor, duolari ijobat boʻladi. Ularning katta hayot maktabi yoshlarni ezgulikka chorlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер