Misrda Qatar delegatsiyasi YTHga uchradi, 3 diplomat halok boʻlgan

12:32 12 Oktyabr 2025 Dunyo
334 0

Misrda Qatar delegatsiyasi ishtirokida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasida kamida uch nafar diplomat halok boʻlgan. Bu haqda Qatarning Qohiradagi elchixonasi maʼlumot berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, hodisa Gʻazo sektoridagi mojaroni hal etish boʻyicha muzokaralarda qatnashgan Qatar delegatsiyasi aʼzolari bilan sodir boʻlgan. Muzokaralar oʻtkazilayotgan Sharm ash-Shayx shahridan 50 km uzoqlikda roʻy bergan voqea oqibatida qatarlik uch nafar diplomat — Abdulla bin Gʻonim al-Xayrin, Hasan al-Jobir va Saud bin Tamir as-Saniy halok boʻlgan, yana ikki kishi tan jarohati olgan.

Biroq Times of Israel nashri bilan suhbatlashgan manba bu maʼlumotni rad etgan. Uning qayd etishicha, halok boʻlganlar diplomatlar emas, balki xavfsizlik va protokol xizmatining xodimlari boʻlgan.

Misr rasmiylari hodisa sabablarini aniqlash boʻyicha tergov boshlagan.

Qatar elchixonasi qurbonlarning diplomat ekanini tasdiqlab, hodisa tufayli yana ikki kishi jarohat olgani, ular hozir Sharm ash-Shayxdagi shifoxonada tibbiy yordam olayotganini maʼlum qildi.

Elchixona oʻz bayonotida halok boʻlganlarning oila aʼzolariga samimiy taʼziya izhor etgan va yaralanganlarga salomatlik tilagan.

“Qatar Davlati Elchixonasi marhumlarning oilalariga chuqur hamdardlik bildiradi, Yaratgandan ularni rahmatiga olishini va jarohat olganlarni tez shifo toptirishini soʻraydi”, deyiladi bayonotda.

Masraviy axborot portali maʼlumotlariga koʻra, avtohalokat Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abduraxmon Ol Soni ishtirokidagi kortej tarkibida sodir boʻlgan. Ular Isroil va HAMAS oʻrtasidagi bilvosita muzokaralarda vositachi sifatida qatnashgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?