Minorai Kalonning meʼmori kim?

15:22 20 Fevral 2025 Madaniyat
998 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Koʻhna Buxoroni Minorai Kalonsiz tasavvur etish mushkul. Shaharga kelgan sayyoh borki, unga hayrat bilan boqadi. Dafʼatan odamning xushbichim qomatini eslatadigan bu obida haqida koʻp va xoʻp yozilgani bejiz emas. U hamda Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi joylashgan hudud yaxlit holda Poyi Kalon meʼmoriy ansambli deb ataladi. Bu goʻsha “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 8 moʻjizasi” roʻyxatidan oʻrin olgan.

Minorai Kalon (Katta Minora) soʻnggi qoraxoniy hukmdor Arslonxon farmoniga muvofiq, 1127-yilda qurib bitkazilgan. Balandligi 47,5 metr, diametri 9 metrda iborat, 105 pillapoyali bu obida oʻz vaqtida Arslonxon minorasi deb ham atalgan. Mutaxassislar Minorai Kalonga Buxoro meʼmorchiligining oʻziga xos qomusi, deya taʼrif beradi. Bosqinlaru istilolar va tabiiy ofatlar oqibatida shahar oʻzining oʻnlab meʼmoriy yodgorliklaridan ayrilib mushtipar onadek boʻzlab qolgan pallada Minorai Kalonni qurayotgan meʼmor oʻsha obidalardagi naqshlardan nusxa olgan. Mahobatli minoraga sinchiklab tikilgan kishi bu naqshlarning betakrorligini, oʻziga xosligini koʻradi. Darvoqe, uning meʼmori kim? Mutaxassislar bu savolga allaqachon javob topgan. Minorada arab yozuvida bitilgan “Amali Usto Baqo” yozuvi bu masalaga oydinlik kiritadi.

Xalq orasida minora bilan bogʻliq afsona-yu rivoyatlar koʻp uchraydi. Shulardan birida aytilishicha, hayotdan koʻz yumayotib Usto Baqo oʻzini minora yaqinida dafn etishlarini vasiyat qilgan ekan. Bu qabr hozirgacha saqlanib qolgan, degan taxmin bor. Chunonchi, minoraning kunbotar tomonida joylashgan hovlilardan birida qadimiy qabr bor. Uni Minorai Kalonni qurgan meʼmorning daxmasi, deb faraz qilishadi. Lekin bu haqida shu paytgacha aniq tarixiy maʼlumot yoʻq.

— Bu hovli bizga bobomdan meros, — deydi qadimiy qabr saqlanayotgan xonadon sohibi Boburjon Mirzayev. — Bolaligimiz shu xonadonda kechgan. Ayni paytda hovlidan oilaviy mehmonxona sifatida foydalanyapmiz. Duogoʻy insonlar uchun eshigimiz hamisha ochiq.

Aytish kerakki, Buxoroning tarixiy qismida joylashgan masjid-u madrasalar, savdo toqi, karvonsaroylar, qadimiy hovlilar va hatto koʻchalarda koʻplab aziz-avliyolarning qabrlarini koʻrish mumkin. Ularga yurtimiz tarixining ajralmas bir boʻlagi sifatida qarab kelinmoqda. Shu nuqtayi nazardan Boburjon Mirzayevning qadimiy qabrni alohida bir uy qurgan holda yogʻin-sochindan, tashqi taʼsirlardan asrab-avaylab kelayotgani tahsinga loyiq.

Bundan ikki-uch yilcha muqaddam “Xalq soʻzi”dagi chiqishlarimizdan birida taʼkidlaganimizdek, 2027-yilda Minorai Kalonning barpo etilganiga 900-yil toʻladi. Shu munosabat bilan yurtimiz meʼmorchiligi tarixi, imoratsozlikning sharqona anʼanalari, qadimiy yodgorliklarni konservatsiya qilish tajribasiga bagʻishlab Buxoroda xalqaro anjuman oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Bunday xayrli ishlar yosh avlodning ne-ne kechmishlarning tilsiz guvohi sanalgan Minorai Kalon tarixi hamda uning ijodkori toʻgʻrisidagi bilim va tasavvurlarini boyitadi. Tarixning oʻqilmagan sahifalarini ochishga turtki beradi. Qolaversa, turizm ravnaqiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер