Milliy istiqlolimizning eng buyuk maqsadi – insonga eʼtibor va uning qadrini yuksaltirishdir

Bugungi kunda Vatanimizning har bir goʻshasida bayram shukuhi hukm surmoqda. Mustaqillik bayrami yurtimizda kechayotgan ulkan oʻzgarishlar, milliy taraqqiyot va xalqparvar islohotlarga uygʻun holda tantana qilinmoqda. Xalqimiz mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik shonli sanasini yuksak gʻurur va koʻtarinki kayfiyat bilan nishonlamoqda.
Istiqlolga bagʻishlangan tadbirlar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan bosh gʻoya asosida tashkil etilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Mazkur gʻoya yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining mohiyatini, jahon hamjamiyatida ortib borayotgan obroʻ-eʼtiborini, yurtimizda kechayotgan ulkan yangilanishlar va xalqimizning umummilliy intilishlarini yorqin ifodalamoqda.
Darhaqiqat, soʻnggi toʻqqiz yildagi keng koʻlamli islohotlar natijasida jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy manzarasi tubdan oʻzgarib, yangi mazmun bilan boyimoqda. Aholining turmush darajasi sezilarli darajada oshmoqda. Inson manfaatlari davlat siyosatida eng oliy qadriyat sifatida ustuvor oʻrinni egalladi. Shu asosda Vatanimizning yorqin kelajagi uchun ham mustahkam poydevor yaratilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi milliy istiqlolni mustahkamlash, barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, ilm-fan va madaniyat rivojini taʼminlash hamda mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishda hal qiluvchi oʻrin tutyapti.
Xalqimiz xohish-irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Oʻzbekistonni inson qadri ulugʻlangan ijtimoiy davlatga aylantirishda mustahkam huquqiy asos boʻlmoqda.
Tez oʻzgaruvchan xalqaro kun tartibi, oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan geosiyosiy reallik, turli ziddiyat va nizolar, inqirozlar sharoitida mamlakatni barqaror taraqqiyot sari boshlash — juda katta siyosiy yetakchilik mahoratini talab etadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ana shunday siyosiy lider sifatida bugun xalqaro miqyosda eʼtirofga sazovor boʻlmoqda.
Turli manfaatlar toʻqnashuvi sharoitida Oʻzbekiston Prezidentining vazmin, bir vaqtning oʻzida pragmatik siyosati, samarali va intensiv diplomatik muloqotlari, yuqori surʼatdagi faoliyati natijasida mamlakatimiz barcha sohada katta marralarni zabt etmoqda. Ijtimoiy davlat tamoyili asosida bunyodkorlik, ishlab chiqarish, sanoat, investitsiya, taʼlim kabi ustuvor yoʻnalishlarda muntazam oʻsish koʻrsatkichlariga erishilmoqda.
Samarali iqtisodiy islohotlar — xalqimiz farovonligini taʼminlamoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barqaror taraqqiyotning mustahkam asosini yaratgan. Aholi farovonligi oshmoqda. Shu maʼnoda, tadbirkorlik uchun qulay va barqaror shart-sharoitlar yaratish, biznes vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali aholi turmush darajasini yuksaltirish — Prezident Shavkat Mirziyoyevning serqirra faoliyatida ustuvor yoʻnalishlardan sanaladi.
Prezidentimizning har yili ishbilarmonlar bilan uchrashib, sohadagi dolzarb masalalarga yechim topish amaliyoti oʻz samarasini bermoqda. Shu yil 20-avgust kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi ochiq muloqot ham xususiy sektor rivojini ragʻbatlantirish orqali mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarmoqda. Alohida eʼtirof etish kerakki, ijtimoiy-iqtisodiy nuqtayi nazardan muhim hujjatlarni ishlab chiqishdan avval davlat rahbari, albatta, soha vakillari bilan uchrashadi. Farmon va qarorlar ochiq muloqotlar, maslahatlashuvlar asosida qabul qilinmoqda. Bu mamlakatimiz yetakchisining oʻziga xos xalqchil va samarador boshqaruv uslubidir.
20-avgust kungi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon tadbirkorlikka oid yangi tashabbuslarni jadallik bilan hayotga tatbiq etish imkoniyatini kengaytirdi.
Shu maʼnoda, tadbirkorlar uchun zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlar, tashqi iqtisodiy faoliyatda qulayliklar yaratish, turizm sohasini rivojlantirish dasturini joriy qilish, soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish kabi muhim yoʻnalishlarda amalga oshiriladigan vazifalar alohida qayd etildi.
Prezidentimiz Investitsiya kodeksini ishlab chiqish taklifini berdi. Bu nihoyatda dolzarb, bugungi kun uchun juda muhim toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan yagona hujjat boʻladi. Mazkur qonunni qabul qilishda Qonunchilik palatasi, albatta, faollik koʻrsatadi.
Ochiq muloqotda koʻtarilgan dolzarb masalalar va bildirilgan tashabbuslarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, sohadagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish, tadbirkorlarni oʻylantirayotgan masalalar yechimini qonunlarda aks ettirish boʻyicha parlament quyi palatasi tomonidan amalga oshiriladigan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalarimiz tomonidan doimiy parlament va deputatlik nazorati oʻrnatiladi.
Umuman aytganda, ochiq muloqotda ilgari surilgan gʻoyalar va takliflarni, shuningdek, Prezidentimizning Farmonida belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga izchil tatbiq qilish Qonunchilik palatasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishiga aylanadi. Bu esa iqtisodiy islohotlar samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy parlamentarizm taraqqiyotining yangi davri
Oʻzbekistonda siyosiy modernizatsiya jarayonlari aynan xalqimizning xohish-istagi bilan uygʻun holda amalga oshirilayotgani uchun ham muvaffaqiyatli kechmoqda. 2024-yil 27-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovining yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablari asosida boʻlib oʻtgani mamlakatimiz parlamenti faoliyatida sifat bosqichini boshlab berdi. Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil noyabr oyidagi yangi shakllangan parlament palatalarining majlislaridagi nutqlari Qonunchilik palatasiga oʻziga xos yondashuvlarni olib kirdi.
Mamlakatimiz Prezidenti Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi siyosiy yoʻlida milliy parlamentarizm rivojiga katta eʼtibor qaratmoqda. Bu boradagi tashabbuslari demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlisning rolini yanada kuchaytirishda muhim omil boʻlmoqda.
Oʻtgan yil noyabr oyidagi yangi shakllangan parlament palatalarining majlislaridagi nutqlarining ahamiyati va mohiyatidan kelib chiqilib, mazkur nutq Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma sifatida qabul qilindi.
Ushbu tarixiy nutqlar parlament aʼzolariga taqdim etilgan juda boy va qimmatli dasturiy hujjat vazifasini oʻtamoqda.
Hozirda davlatimiz rahbari ilgari surgan gʻoyalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Yangi shakllangan Qonunchilik palatasining ishini har tomonlama samarali tashkil qilishning barcha huquqiy, tashkiliy-amaliy chora-tadbirlari koʻrildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar faolligi oshmoqda. Parlament nazorati tobora taʼsirchan boʻlib boryapti. Qonunchilik palatasi faoliyatiga yangi amaliyotlar joriy etilmoqda.
Oʻtgan davrda qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor berildi. Jamiyatimizdagi dolzarb muammolarga huquqiy yechim topish, xalqchil qonunlar qabul qilish va qonun loyihalarining sifatini yaxshilash borasida izchil ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, kelgusi besh yilda yangi qonunlar ustida ishlashni belgilab olish maqsadida Oliy Majlis palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturi qabul qilindi.
Qonunchilik palatasi va hukumat oʻrtasidagi hamkorlikning yangicha tizimi yoʻlga qoʻyildi. Unga koʻra, tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar quyi palata qoʻmitalariga biriktirildi, ushbu masalalarga sohalar boʻyicha vazir oʻrinbosarlari masʼul etib belgilandi.
Parlamentimizda ilk bor Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi tuzildi. Bu esa yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, har bir qoʻmita tomonidan ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari izchil yoʻlga qoʻyildi.
Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha, Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha, Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha parlament komissiyalari tuzildi. Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh faoliyat boshladi.
Qonunchilik palatasi gʻoyalar generatori, sogʻlom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanmoqda. Buni parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etuvchi “Taraqqiyot bloki” hamda muxolifat fraksiyasi tuzilgani misolida ham yaqqol koʻrishimiz mumkin. Ushbu amaliyotlar parlamentda siyosiy xilmaxillik, masalalarni erkin va ochiq muhokama qilish kabi demokratik tamoyillar mustahkam oʻrin egallashini taʼminlamoqda.
Oʻtgan davrda koʻrilgan choralar natijasida qonun ijodkorligi, parlament nazoratini amalga oshirish, deputatlarning saylov okruglaridagi ishlarini yangicha shaklda samarali tashkil etish, murojaatlar bilan ishlash, xalqaro parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish kabi yoʻnalishlaridagi ishlari yangi bosqichga koʻtarildi. Milliy parlamentarizm taraqqiyotining yangi davri boshlandi.
Hayotiy va xalqchil qonunlarni qabul qilish — asosiy vazifa
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizdagi keng koʻlamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi koʻp jihatdan huquqiy tizimni jadal rivojlantirishga, qonun ijodkorligi jarayonining sifati bilan chambarchas bogʻliqdir.
Shu maʼnoda, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning ogʻirini yengil qilishga qaratilishi kerak”.
Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi juda muhim. Qonunchilik palatasi faoliyatida mazkur masala ustuvordir.
Qonun ijodkorligida ushbu jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlar qabul qilinmoqda.
2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ayni paytda bu borada faol saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Qonun loyihalarining sifatini taʼminlash maqsadida 67 ta ilmiy-tadqiqot instituti va tahlil markazi bilan memorandum imzolanib, hamkorlik rejalari tasdiqlandi.
Tashabbuskor subyektlar tomonidan qonunlar loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritish va koʻrib chiqish tartibi yanada takomillashtirildi. Bunda qonun loyihalarini quyi palataga kiritishda qonun loyihasining va xalqaro shartnoma matnining huquqiy ekspertizasi natijalari hamda qonun loyihasining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etishga doir talablar belgilandi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga oʻzi kiritgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilinguniga qadar Qonunchilik palatasiga taklif kiritish orqali uni chaqirib olish huquqi berildi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Qonunchilik palatasi tomonidan jami 61 ta qonun (86 ta qonun loyihasini oʻz ichiga olgan) hamda maʼmuriy-hududiy tuzilishga oid 1 ta qaror qabul qilinib, maʼqullash uchun Senatga yuborildi. Taqqoslaydigan boʻlsak, 2024-yilning birinchi yarim yilligida bu koʻrsatkich 48 tani tashkil etgan.
Butun bir sohani tartibga soluvchi hajm jihatdan katta boʻlgan qator yaxlit qonunlar koʻrib chiqilib, qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi, “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi, “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Jumladan, “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun bilan jismoniy shaxslarning ularning xabarisiz kredit bitimlarini tuzish uchun javobgarlik belgilandi. Yaʼni jismoniy shaxslar oʻzlari bilan kredit bitimlarini tuzishga doir taqiq belgilash va uni olib tashlash huquqiga ega boʻldi.
“Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan aholiga videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
“Aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan pensiya yoshiga toʻlgan fuqarolarga ularning murojaatisiz avtomatik tarzda (“proaktiv”) yoshga doir pensiya tayinlanadigan boʻldi.
Bugun norma ijodkorligini amalga oshirishda Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining oʻrni va roli ortib bormoqda.
Yangi tarkibdagi Qonunchilik palatasi ish boshlashi bilan fraksiyalar oʻz partiyalarining saylovoldi dasturlarida belgilangan tashabbuslarni amalga oshirishga faol kirishdi. Ular bu maqsadlarni qonun loyihalari orqali hayotga tatbiq etishga ahamiyat qaratmoqda.
Masalan, “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari tashabbusi bilan “Aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Mazkur hujjat bilan sayilgoh, xiyobon, bogʻ va daraxtzorlar hamda ular joylashgan yerlarni xususiylashtirishni taqiqlash, shuningdek, bu hududlarda bino va inshootlar qurilishini cheklash orqali ushbu maskanlar muhofazasini kuchaytirish choralari belgilandi.
Qonun ijodkorligi faoliyatining har tomonlama kuchaytirilishi va takomillashtirib borilishi — muhim jarayon. Bu davrning oʻtkir talablariga javob beradigan, sifatli, xalqchil hamda amaliyotda samarali va toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlarni qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunchilik palatasi ayni mana shu tamoyilni asosiy mezon sifatida belgilab olgan.
Parlamentning taʼsirchan nazorati natija bermoqda
Prezidentimiz oldingi chaqiriq davridagi tor doirali parlament nazoratidan endi keng koʻlamli, sifatli nazorat tizimiga oʻtish zarurligini taʼkidlagan edi.
Shu bois faoliyatimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biri — ijro hokimiyati faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga masʼullik bilan yondashilmoqda. Bunda parlamentga berilgan vakolatlardan samarali foydalanilmoqda.
Qayd etish kerak, parlament nazoratining eng muhim yoʻnalishlaridan biri mamlakatning bosh moliyaviy hujjati — Davlat byudjetining samarali bajarilishini taʼminlash, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatishdir.
Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasining Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlari yanada kuchaytirildi. Xususan, hukumatning Davlat byudjetiga doir barcha hisobotini quyi palataga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida har olti oyda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan foydalanishi bilan bogʻliq maqsadli indikatorlari bajarilishi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlari, har chorak yakunida Soliq, Bojxona qoʻmitalari va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib borish yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu amaliyot Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilishda qoʻmitalarning rolini yanada oshirishga, birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim jihat — Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjeti, davlat dasturlari ijrosi boʻyicha hisobotlarini, hukumat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqish va maʼqullash, “Hukumat soati” instituti kabi muhim demokratik amaliyotlar parlament hayotida mustahkam oʻrin egalladi.
Bu saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan dolzarb masalalar yuzasidan davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini koʻrib chiqish, odamlarni oʻylantirayotgan muammolar boʻyicha deputatlarning savollariga hukumat aʼzolarining javobini eshitish, davlat organlari rahbarlariga parlament va deputat soʻrovlarini yuborish singari parlament nazoratining taʼsirchan shakllari orqali amalga oshirildi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari majlislarida 17 ta vazirlik, 4 ta agentlik, 4 ta qoʻmita hamda 3 ta tashkilotning maqsadli indikatorlari bajarilishi holati haqidagi axborotlari eshitildi.
Palata majlislarida hukumat aʼzolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish — “Hukumat soati” instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Oʻtgan vaqt mobaynida 4 marotaba “Hukumat soati” oʻtkazilib, ularda hukumatning 4 nafar aʼzosi deputatlarning savollariga javob berdi.
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar, umuman, deputatlar korpusi tomonidan parlament nazoratining barcha taʼsirchan shaklidan unumli foydalanilgani ijro hokimiyatining qonunlar va qonunosti hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishi ustidan taʼsirchan nazorat olib borishga yordam berdi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining turli sohalarida uchrayotgan masalalarga yechim topishda parlamentning rolini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Xalq ishonchini oqlash — eng muhim mezon
Mamlakatimiz Prezidenti “Deputat — bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insondir” deb alohida taʼkidlagan edi.
Prezidentimizning ushbu eʼtirofi deputatlar korpusidan yanada katta masʼuliyat bilan ishlashni, xalqimiz va davlatimiz manfaatlarini taʼminlash borasida tashabbuskor boʻlishni taqozo etadi.
Deputatlarning aholi bilan doimiy muloqoti uchun Qonunchilik palatasi barcha tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Natijada saylovchilarning takliflari bevosita tinglanyapti. Bu takliflar qonun loyihalarida aks etmoqda. Muammolar tizimli hal boʻlmoqda.
Yagona saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiyalar roʻyxati asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning hududlardagi faoliyatini tashkil etish Konsepsiyasiga muvofiq, siyosiy partiyalar roʻyxati asosida (proporsional) saylangan deputatlar hududlarga biriktirilib, ularning saylovchilar bilan uzviy muloqoti yoʻlga qoʻyildi.
Qonunchilik palatasining majoritar tizim asosida saylangan deputatlarining saylov okruglaridagi faoliyatini hamda saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishning ham huquqiy asoslari yaratilgan va bu boradagi amaliyot samarali yoʻlga qoʻyilgan.
Qabul qilingan hujjatlarda deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatini tubdan yaxshilash, muloqotlar muntazamligiga erishish, qonunlarni qabul qilishda jamoatchilik va saylovchilarning keng ishtirokini taʼminlash, islohotlar natijadorligi va aholini qiynayotgan masalalarni hal etishda siyosiy partiyalar fraksiyalarining ishtirokini, mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni kengaytirish, saylovchilar murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan ishlarni yangicha shakllarda yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur vazifalar belgilab olindi.
Deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatlari davomida Qonunchilik palatasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan parlament nazorati tadbirlarida koʻrib chiqiladigan masalalarni atroflicha oʻrganib, joylarda olib borilayotgan ishlarning haqiqiy holatini tahlil qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bu parlament nazorati tadbirlarining samaradorligini taʼminlamoqda.
Fraksiyalar tomonidan partiyaviy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, aniq yoʻnalishlarni belgilab olgan holda joylarda oʻrganishlar olib borildi. Xususan, qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish, fermerlik va klasterlar faoliyatini takomillashtirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish, sifatli ijtimoiy, kommunal va boshqa xizmatlar koʻrsatish, chiqindilarni boshqarish, atmosfera havosi tozaligini saqlash, energiya tejamkor quyosh panellarini oʻrnatish bilan bogʻliq muammolar tahlil qilindi.
Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq, deputatlar oʻz saylovchilari bilan yaqindan muloqot qilish, muammolarini oʻrganish hamda ularga yechim topish maqsadida har oyning oxirgi haftasida saylov okruglariga chiqishlari tashkil etildi.
Prezidentimizning 5-mart kuni boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishidagi dasturiy nutqida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, deputatlar bu muammoga qarshi kurashishda ham tobora faol boʻlmoqda. Soha va tarmoqlarda maʼmuriy-byurokratik toʻsiqlarni hamda korrupsiyaviy omillarni aniqlash, jinoyatchilikning kelib chiqish sabablarini oʻrganish maqsadida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan respublikaning barcha hududida nazorat-tahlil tadbirlari oʻtkazildi.
Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning holati, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishidagi ishlar deputatlarning diqqat markazida boʻldi.
Joylardagi oʻrganishlar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aniqlangan mavjud muammolarning huquqiy yechimini hal etish va qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida deputatlar tomonidan 8 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Deputatlar oʻz saylovchilari bilan yaqindan muloqot qilish, muammolarini oʻrganish hamda ularga yechim topish maqsadida jami 5 marotaba saylov okruglarida boʻldilar.
Saylov okruglarida olib borilgan faoliyati davomida deputatlar tomonidan jami 17 mingga yaqin obyektlar oʻrganildi, 2 mingdan ortiq mahallalarda ochiq muloqotlar oʻtkazildi.
Deputatlar oʻz hududidagi Xalq qabulxonalari bilan mustahkam aloqa oʻrnatgan holda, fuqarolarning qabullarini oʻtkazdi. Ularda 11 mingdan ziyod fuqarolar qamrab olindi. Bugun deputatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan koʻlamdor islohotlarning faol ishtirokchisi va targʻibotchisi boʻlmoqda.
Ochiq parlament: zamonaviy yondashuv, shaffoflik va jamoatchilik muhokamalari
Amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar norma ijodkorligi faoliyatiga ham zamonaviy yondashuv va mutlaqo yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi. Parlament faoliyatida ochiqlik va shaffoflik bosh mezonga aylandi.
Milliy parlament qonun ijodkorligi faoliyatida “qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom maʼnoda xalq boʻlishi shart” degan ustuvor tamoyilni belgilab oldi. Buning yorqin misoli sifatida parlament aʼzolarining muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha bosqichida ularni joylarda fuqarolar bilan keng muhokama qilish, aholining fikr-mulohazalarini bevosita joyiga chiqib oʻrganish va koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarini shu asosda takomillashtirish amaliyoti tizimli yoʻlga qoʻyildi.
Quyi palataning yalpi majlislari, “Hukumat soati” tadbirlarini Qonunchilik palatasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yoritib borilishi xalqimiz, keng jamoatchilik vakillarining palatada qonun loyihalarini muhokama etish va qabul qilish jarayoniga boʻlgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi, homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirish hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihalari aholimizning fikr-mulohazalari hamda takliflari asosida maromiga yetkazildi.
Axborot maydonidagi zamonaviy tendensiyalarga mos ravishda deputatlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oʻz faoliyati haqida saylovchilarni xabardor etish bilan birga, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid muhim masalalar boʻyicha munosabatlarini bildirib bormoqdalar.
Oʻzbekiston — global muloqotda faol va ishonchli hamkor
Parlament diplomatiyasi va parlamentlararo aloqalar tashqi siyosatimizning muhim muloqot vositalaridan biriga aylangan. Parlament diplomatiyasi geografiyasi kengaymoqda.
Oʻzbekistonning jahon miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini yanada oshirish, davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro miqyosda ilgari surilgan muhim tashabbus va Qoyalar ijrosini taʼminlash hamda mamlakatimizdagi demokratik islohotlar haqida jahon hamjamiyatini yaqindan tanishtirishda parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqdamiz.
Qonunchilik palatasining xalqaro hamkorlik aloqalari “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos ravishda sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. Prezidentimizning nutqlari Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalarini rivojlantirish uchun asos boʻlmoqda.
Oʻzbekistonning dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari boʻlgan Parlamentlararo Ittifoq (PI), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi (YXHT PA), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) bilan koʻp qirrali hamkorlik aloqalari izchil davom ettirildi.
Keyingi paytlarda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori oshib, ijobiy imiji shakllanmoqda. Natijada mamlakatimiz global kun tartibini shakllantirish hamda muhim masalalarni hal etishda oʻz oʻrniga ega boʻlib, koʻplab nufuzli xalqaro anjumanlarga ham mezbonlik qilib kelmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yuqori saviyada tashkil etildi. Aytish kerakki, Parlamentlararo Ittifoqning assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida boʻlib oʻtdi.
Assambleya ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur nufuzli tadbirdagi ishtiroki va tarixiy nutqi parlamentlar ishini rivojlantirish, oʻzaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ochganini qayd etdilar.
Yangi tarkibda shakllangan Qonunchilik palatasida xorijiy davlatlar parlamentlari bilan Oliy Majlisning 56 ta parlamentlararo guruhi tashkil etildi.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, parlamentlararo guruhlarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Oliy Majlis bilan Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasida hamda Oliy Majlisning Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy xalq vakillari kengashi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyalari tuzildi.
Bugun mamlakatimizda barcha sohadagi islohotlar chuqurlashib, demokratik yangilanishlar oʻzining sifat jihatdan yangi pogʻonasiga koʻtarilib bormoqda. Bunday oʻzgarishlarning tub ildizi esa davlatimiz rahbari ilgari surgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va soʻnggi toʻqqiz yilda amalga oshirilgan keng miqyosli islohotlardan iboratdir, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar deputatlar korpusidan yanada faol boʻlishni, oʻz faoliyatiga yangicha ruh va mazmun-mohiyat olib kirishni taqozo etadi. Ushbu oliy maqsadni amalga oshirish yoʻlida parlament — keng koʻlamli islohotlarning faol ishtirokchisiga, chinakam xalq uyi va gʻoyalar generatoriga, sogʻlom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanadi.
Nuriddin ISMOILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring