Milliy gvardiya xodimi odam savdosi sabab 5 yilga qamaldi

Arxiv foto
Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “ye”, “z” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan Rashid Omontoshevga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Bu haqda Oliy sud rasmiy sayti xabar bermoqda.
R. Omontoshev Milliy gvardiyaga qarashli Toshkent viloyati Qo‘riqlash boshqarmasida nazoratchi vazifasida ishlagan. Oliy ma’lumotli, oilali, ikki nafar farzandning otasi bo‘lgan.
2022 yilning avgust oyida R. Omontoshev “Telegram” messenjerida berilgan e’lonni o‘qib qoladi. Unda poytaxtdagi xonadonlardan birida massaj xizmati ko‘rsatilayotgani haqida ma’lumot berilgan edi. Rashid e’londagi qizni ko‘rib, yoqtirib qoladi va u bilan tanishishga qaror qiladi. Ertasi kuni e’lon bo‘yicha o‘sha xonadonga borganda eshikni e’longa qo‘yilgan rasmdagi qiz emas, boshqa biri ochadi. O‘zini “Zarina” deb tanishtirgan, keyinchalik haqiqiy ismi ma’lum bo‘lgan Farzona rasmdagi qiz opasi Sevara ekanini, u hozir uyda yo‘qligini aytadi.
Ammo R. Omontoshev qiz reklamaga boshqa rasmni qo‘yib, odamlarni aldagan, degan fikrga boradi va jahl otiga minadi. Farzonaga o‘zini ichki ishlar tizimida xodimlarning faoliyatini o‘rganuvchi shaxsiy xavfsizlik xizmati xodimi, deb tanishtiradi. Hududda ishlayotgan profilaktika inspektori yoki boshqa biron-bir ichki ishlar xodimining noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlar bor-yo‘qligini so‘raydi.
Shundan so‘ng Farzona opasi Sevaraga qo‘ng‘iroq qiladi va u bilan gaplashishini so‘raydi. R. Omontoshev Sevaraga o‘zini ichki ishlar tizimida shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha xodim deb tanishtirib, Ichki ishlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida ma’lumot berib tursa, o‘zining himoyasi ostiga olishi, fohishalik bilan shug‘ullanishiga xalaqit beradigan ichki ishlar xodimlaridan qo‘riqlashini aytadi. Sevara o‘zini hech kim bezovta qilmayotganini bildiradi. Shundan keyin Rashid S. Yoqubova bilan tanishib, gaplashib yuradi.
Bir gal uchrashganlarida Sevara R. Omontoshevga yashash va ijara haqi uchun pul topishga qiynalayotganidan yozg‘iradi, moddiy ahvolini yaxshilab olish uchun Turkiya davlatida yashovchi xolasining oldiga ketmoqchi ekanini aytadi.
– Xorijda yaxshigina pul topishning imkoni bor, – deydi R. Omontoshev unga javoban. – Senga yordam beraman. Madina ismli tanishim Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida fohishalik bilan shug‘ullanadi. Xohlasang, uning oldiga yuborishim mumkin…
Bir necha kundan so‘ng S. Yoqubova Rashidning taklifiga rozi ekanini aytadi. Anchadan beri juvonni qarmog‘iga ilintirish payida yurgan R. Omontoshev uchun ishqiy maqsadini amalga oshirishda bu ayni muddao bo‘lib tuyuladi. U S. Yoqubovani o‘zi bilan tog‘li hududga dam olish uchun borishga undaydi. Ammo erkakning taklif va talabini turli bahonalarni vaj qilgan juvon rad etadi. Bundan g‘azablangan R. Omontoshev juvonni qo‘rqita boshlaydi.
Po‘pisadan vahimaga tushgan opa-singil R. Omontoshevdan qutilsak, degan maqsadda yashash joyini o‘zgartiradi. Biroq R. Omontoshev ularning yangi ijara uyini ham topib boradi.
– O‘sha senga aytgan tanishim Madina xorijda fohishalik bilan shug‘ullanib, yaxshigina pul topibdi, – deydi u bir safar kelganida. – Yaqinda Toshkentga qaytib, uy olmoqchi emish.
Ijarada yashash uchun uy axtarib yurish joniga tegib ketgan Sevara bu gapni eshitgach, Madinaga havasi kelib ketadi. Oradan bir necha kun o‘tgach, R. Omontoshev S. Yoqubovaga qo‘ng‘iroq qilib, xorijga chiqish uchun fuqarolik pasporti olishni buyuradi. Tez orada viza bilan aviachipta tayyor bo‘lishini aytib, buning uchun Madinaga 2 ming 600 AQSH dollari berishi kerakligini uqtiradi.
– Keyinchalik ishlab topgan pulingning ellik foizini Madinaning opaxoni bo‘lgan uy egasiga berasan, qolgan ellik foizi o‘zingniki, – deydi R. Omontoshev. – Seni Dubayga jo‘natganim uchun menga ham 2 ming AQSH dollari yuborishing kerak.
Bo‘lib o‘tgan ana shu suhbatdan so‘ng Rashid juvonga tanishining telefon raqamini beradi, “Telegram” orqali u bilan gaplashib olishi lozimligini aytadi. S. Yoqubova Madina bilan bog‘lanib, u yerdagi tartib haqida so‘raganida Rashidning aytganlariga aynan o‘xshash javob oladi.
S. Yoqubova obdon o‘ylab ko‘rib, R. Omontoshev o‘zini fohishabozlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga sotib yuborayotganini tushunib yetadi va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoraga ariza bilan murojaat qiladi. Shu orada R. Omontoshevning xorijdagi tanishi S. Yoqubovaning nomiga viza hamda “Toshkent – Dubay” yo‘nalishi bo‘yicha uchuvchi samolyotga chipta olib, ularni “Telegram” orqali yuboradi.
Odamfurushlik ortidan boyish ilinjida yurgan R. Omontoshev 2022 yilning 29 oktyabr kuni tonggi soat beshlarda S. Yoqubovani Toshkent xalqaro aeroportidan Dubay shahriga kuzatib qo‘yayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring