Meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish – bugungi kun talabi

09:08 25 Oktyabr 2023 Jamiyat
239 0

2023-yil 24-oktyabr kuni Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda «Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish” mavzusida seminar oʻtkazildi.

Unda senatorlar, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi vazirliklari mutasaddilari, Oʻzbekiston Fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, ilmiy-tadqiqot institut olimlari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, amaliyotchi mutaxassislar, talaba va magistrantlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda qishloq xoʻjaligida ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, innovatsion texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, agrar sohada bilimlarni tarqatish va innovatsiyalarni joriy qilish bilan bogʻliq xizmatlarni tashkil qilish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkonini beruvchi oʻsimliklarning yangi navlari, ekinlarni parvarishlash hamda mahsulot yetishtirish boʻyicha resurs tejaydigan intensiv agrotexnologiyalar amaliyotga izchil tatbiq qilinmoqda.

Seminar ishtirokchilari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinib, sohada bozor tamoyillari hamda moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilganligi, shuningdek, xoʻjalik yuritishning zamonaviy shakllari klaster va kooperatsiyalar, oilaviy tadbirkorlar tashkil etilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, logistika tizimini kengaytirish orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish tadbirlari amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.

Shu kunga qadar meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini rivojlantirish boʻyicha bir qancha qarorlar qabul qilingan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2022-yil 6-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2023-yil 3-avgustdagi “2023-2026-yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilindi.

Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarga boʻlgan talabini toʻla qondirish, bozorlardagi narx-navolarni barqarorligini taʼminlash, qayta ishlash va eksportbop xajmlarini oshirish maqsadida aniq chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilib, ijrosi taʼminlanmoqda.

Xususan, joriy yilda 12 mln 200 ming tonna yoki oʻtgan yilga nisbatan
1 mln tonna koʻp sabzavotlar, 4 mln 100 ming tonna kartoshka, 2 mln 500 ming tonna poliz, 3 mln 100 ming tonna meva, 1 mln 900 ming tonna uzum yetishtirilgan.

Ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun 2023-yil hosili uchun fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan asosiy, bogʻ-tok qator orasiga va takroriy maydonlarga qariyb 643 ming gektar shundan, 341 ming gektardan ziyod sabzavot, 176 ming gektar kartoshka va 125 ming gektardan ortiq poliz ekinlari ekilgan.

Shu bilan birga, seminar ishtirokchilari tomonidan Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasidagi mavjud muammolarni tahlil qilish asosida ilmiy asoslangan xulosalarga tayangan holda rivojlantirish istiqbollarini belgilash boʻyicha yaxlit tizim yaratishga toʻxtalib oʻtildi.

Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etishni taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Seminar yakunida sohani rivojlantirishga oid tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер