Men ne deyman-u qoʻbizim ne deydi?

18:09 05 Oktyabr 2021 Jamiyat
342 0

Foto: Istam Ibrohimov / Xalq soʻzi

Yaqinda “Xalq soʻzi” gazetasi hamda uning rasmiy saytida Naqshbandiya tariqati kutubxonasi va muzeyi bilan bogʻliq dolzarb mavzuda maqola eʼlon qilingan edi. Maʼlum boʻlishicha, maqola Buxoro viloyat hokimi topshirigʻiga asosan mutasaddilar tomonidan oʻrganilgan. Uning natijasi boʻyicha xat tayyorlangan.

Oʻrganish xatini oʻqib, beixtiyor “Men ne deyman-u qoʻbizim ne deydi?” degan xayol kechadi. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “... Oʻrganish jarayonida haqiqatdan ham mustaqillikning dastlabki yillarida ziyoratgoh hududida, hozirgi “Mir Arab” oliy madrasasi binosi oldida muzey binosi qurilgani va ushbu binoda Naqshbandiya tariqati muzeyi faoliyat koʻrsatgani, bino ichidagi bir xonada kutubxona tashkil etilgani, biroq ziyoratgohda olib borilgan qurilish-taʼmirlash ishlari jarayonida mazkur binoning ziyoratgoh umumiy konsepsiyasiga mos kelmasligi, hozirgi madrasa va unga tutash ayvon hamda qoʻshimcha binolarni toʻsib qoʻyganligi sababli bino buzib tashlanganligi aniqlandi.

Shundan soʻng Naqshbandiya tariqati muzeyi ziyoratgohdagi tarixiy madrasa binosiga koʻchirilgan va hozirda ham oʻz faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Kutubxona esa ziyoratgohdagi hozirda “Mir Arab” oliy madrasasi faoliyat koʻrsatayotgan “Bahouddin Naqshband” YOMM ilmiy markazi binosiga koʻchirilgan va ushbu binoda 2017-yildan beri Mir Arab oliy madrasasi foydalanib kelayotganligi sababli, bino oldidagi ayvondagi xonada madrasa va ziyoratgoh uchun umumiy kutubxona tashkil etilib, bu yerda tashrif buyuruvchi kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

“Mir Arab” oliy madrasasini koʻchirish rejalashtirilgan Buxoro shahridagi sobiq madaniyat kolleji binosida olib borilayotgan taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng, madrasaning joriy binosida Bahouddin Naqshband ziyoratgohi uchun alohida kutubxona tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yuqorida keltirilganlarni inobatga olib, xs.uz sayti muxbiri I.Ibrohimov tomonidan ushbu saytda eʼlon qilingan maqolaga munosabat koʻrinishida raddiya bildirish maqsadga muvofiq.”

Darvoqe, bizga taqdim qilingan ushbu bir yarim betlik maʼlumotnomaning butun boshli bir beti 23-sentyabr kuni xs.uz saytida chop qilingan maqoladan olingan iqtiboslar sharhiga bagʻishlangan. Lekin “xolisona oʻrganish” kimlar tomonidan va qay tarzda olib borildi? Bu savolga javob yoʻq.

-Unutmaslik kerakki, hozirda Mir Arab oliy madrasasi joylashgan inshoot Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi binosi boʻlib, u 2004-yili markaz taʼsis qilingandan keyin qurilgan, - deydi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta xodimi K.Rahimov. - 2017-yilgacha ikki qavatli bu binoda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi, shuningdek, markaz muassisligidagi “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-maʼrifiy jurnali tahririyati, naqshband.uz sayti , “Buxoro xattotlik sanʼatida tasavvuf jilosi” xonalari, arxiv va boshqa xoʻjalik xonalari joylashgan edi.

Davlatimiz rahbari 2017-yil 10−11-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shunga koʻra, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil qilingan Mir Arab oliy madrasasi yangi binoga koʻchib oʻtgunga qadar mazkur inshootda faoliyat olib bormoqda.

Xullas, ayni vaqtda Bahouddin Naqshband majmuasi hududida Bahouddin Naqshband jome masjidi, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi, “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-maʼrifiy jurnali tahririyati, Buxoro viloyat madaniyat boshqarmasiga qarashli Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi huzuridagi Naqshbandiya tariqati muzeyi, Mir Arab oliy madrasasi va uning huzuridagi Tasavvuf ilmi maktabi, shuningdek, 2013-yilda buzib tashlangan, tasavvuf va naqshbandiyaga doir qoʻlyozma manba va asarlarni jamlagan “Naqshbandiya tariqati kutubxonasi”. Bu tashkilotlarning har birida ancha- muncha xodim mehnat qiladi.

Maʼlumotnomada qayd qilinganidek, Mir Arab oliy madrasasi boshqa joyga koʻchirilsa, mutasaddilar markaz binosiga nechta tashkilotni koʻchirishni niyat qilishdi ekan? Qolaversa, bu bino kutubxona va muzey uchun moslashmagan.

– Darhaqiqat, har bir obyektning oʻz joylashuv standarti va meʼyorlari bor, - deya oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashadi Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Shavkat Bobojonov. – Muzey uchun bino qurilganida yoki tanlanganida 6 ta asosiy shartga eʼtibor qaratiladi: yorugʻlik, issiqlik, quruqlik, qorongʻilik, namlik, sovuvchanlik meʼyor darajasida boʻlishi kerak. Afsuski, Naqshbandiya tariqati muzeyi joylashgan hozirgi bino bu talablarga umuman javob bermaydi. Sayyohlarga eksponatlarni tomosha qildirgani ham xijolat chekasan kishi.Chunki ular tor, nimqorongʻi hujralarda joylashtirilgan. Xonalarda havo aylanishi uchun ventelyatsiya, konditsionerlar mavjud emas. XXI asrda yashasak-da, muzeyda internet, telefon aloqa xizmati yoʻq. Xodimlar ish sharoitini-ku aytmay qoʻya qolaylik. Haft qalam uslubida bajarilgan, sangtaroshlikning nozik namunasi sanalgan 500-yillik tarixga ega marmar qabrtoshlar oyoq ostida namoyishga qoʻyilgan.

Vaholanki, muzeyning mustaqillik yillarida sanʼatkorona barpo etilgan va, taassufki, buzib tashlangan binosida noyob eksponatlarning umriga umr qoʻshish uchun zarur barcha qulayliklar bor edi.

– Shogirdlarimiz bilan oʻsha binoni ganchkorlik usulida bezash uchun bir yil mehnat qilgandik,- deya afsus bilan eslaydi tajribali ustalardan biri Alisher Gʻoyipov.- Chunki bizga “Bu inshoot majmuadagi tarixiy obidalardan qolishmaydigan darajada boʻlishi kerak” degan talabni qoʻyishgan edi. Buxorodagi qadimiy uylar suratlarini olib, eskizlar tayyorlaganimiz, ularni arxitektorlarga tasdiqlatganimiz xuddi kechagidek yodimda. Bino qurilishida bizdan tashqari Buxoroning qoʻli gul ustalari – yogʻoch oʻymakori Shonazar Jumayev, shuningdek, usta Sanjar, usta Shariflarning ham katta mehnati singgan. Binoni buzishayotgani bizga juda ogʻir botgan edi. Anchagacha oʻzimga kelolmay yurganman...

Keling, mutasaddilar izohlari boʻyicha “qoʻshimcha binolarni toʻsib qoʻyganligi sababli bino buzib tashlangan” ham deylik. Nega unda sakkiz yildan buyon kutubxona va muzey uchun boshqa bino qurilmadi?

Buzib tashlangan muzey eksponatlari hozir majmuadagi 285 kvadrat metr oʻlchamdagi kichkina Qorixona madrasasiga joylashtirilgan.

– Muzey madrasa binosiga joylashgan boʻlsa, tasavvuf va Naqshbandiyaga doir qoʻlyozma hujjat hamda asarlarni jamlagan respublikada yagona – “Naqshbandiya tariqati kutubxonasi” qayerga ketdi?- deya taajjublanadi K. Rahimov.- Axir qoʻlyozma manbalarni koʻz qorachigʻimizdek saqlash va asrash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilning 24-mayida qabul qilingan“Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori bor.Shuningdek, 2017-yil 11-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Abduxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915-yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700-yilligi nishonlashga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilingan. Davlatimiz rahbarining Naqshband majmuasiga qilgan tashrifi vaqtida bildirgan har bir taklif va tavsiyasi asosida 2018-yili Yetti pir ziyoratgohlarini yanada obodonlashtirish bilan bogʻliq ulkan ishlar rejalashtirildi. Bu boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-mayda farmoyishi qabul qilingan va unga ilova tarzida “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Mazkur “Yoʻl xarita”ning 8-, 11-, 14-bandlarida Yetti pir, ayniqsa, Bahouddin Naqshband majmuasi hududida kutubxona va muzeyni oʻzining tarixiy oʻrnida qayta tiklash boʻyicha Prezident topshirigʻi bayon qilingan.

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, hammasi masala mohiyatini chuqur anglab yetishga bogʻliq. Zero, Bahouddin Naqshband majmuasini Naqshbandiya tariqati tarixi muzeyi va kutubxonasiz tasavvur etish qiyin.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?