Mehnatimning qadrlanishi meni juda ruhlantirdi
Bugun hayotimdagi eng unutilmas kun boʻldi. Muhtaram Yurtboshimiz ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda kamtarona mehnatimni yuksak eʼtirof etdi.
Bundan uch yil muqaddam baxtsiz hodisa sabab ikkala oyogʻimdan ayrilgan edim. Bir yil mobaynida toʻshakda qoldim. Oʻsha paytlari ogʻir ruhiy holatni boshimdan kechirdim. Keyingi taqdirim nima boʻlishi haqidagi savol meni qiynardi.
Inson har qanday ogʻir sharoitda qolmasin, yashash uchun kurashish, buning uchun oʻzida kuch topishi lozim. Uch nafar farzandim kelajagi uchun ham tik turishim kerak edi. Yaqinlarim va qoʻni-qoʻshnilarimning koʻmagi, muruvvatpesha insonlarning begʻaraz yordami, daldasi meni hayotga qaytardi.
Xalqparvar mamlakatimiz siyosatining bosh mezoni — “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini roʻyobga chiqarayotgani, inson manfaatlari har narsadan ustunligini hamda aholining manzilli ijtimoiy himoya qilinishi aynan, mening hayotimda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Yaratilgan teng imkoniyatlar, munosib hayot kechirishim uchun yaratilgan zarur sharoitlar salohiyatimni roʻyobga chiqardi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Ayol kishi oʻzining koʻylagini oʻzi tiksa tikuvchiga ketadigan chiqim tejaladi. Hunarli boʻladi. Qishloq sharoitida qizlar oʻrganishi kerak boʻlgan eng zarur yumush bu — tikish-bichish. Tikishni bilsa, hayotda qiynalmaydi. Birovning bitta koʻylagini tiksa oʻz choʻntagida beminnat puli boʻladi.
Yoshligimdan tikish-bichishdan xabarim bor edi. Bu hayotimga qoʻl keldi. Imtiyozli kredit evaziga bitta zamonaviy tikuv mashinasini xarid qildim. Dastlab oʻzim ish boshladim. Uyimda moʻjaz sex tashkil qildim. Qisqa vaqtda olti nafar ayol bilan ishladik. Tikuv dastgohlarni ham koʻpaytirib bordik. Kambagʻal oila sifatida roʻyxatga turuvchi xotin-qizlarni mahalla koʻmagida jalb qilib, ularga hunar sirlarini oʻrgatib ham kelyapman. Bugun 60 nafardan ortiq shogirdim bor. 40 nafar shunday roʻyxatda turuvchi ayol oʻzlari mustaqil faoliyat olib boryapti. Oʻndan ortiq chevar seximda doimiy ishlaydi.
Men bugun eng baxtli ayolman. Davlatimiz rahbarining “Mana shunday irodali, matonatli insonlarni hammaga oʻrnak qilib koʻrsatsak, ular bilan har qancha faxrlansak arziydi”, degan taʼrifi meni yanada ruhlantirib yubordi. Ayniqsa, yigʻilishda menga “Mardlik” ordeni tantanali topshirilgani hayotga boʻlgan mehrimni, oʻzimdagi ishonchni yanada orttirdi. Ayollari qadr topayotgan yurtda yashayotganimdan baxtiyorman.
Dilorom YULDASHEVA,
“Mardlik” ordeni sohibi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring