Mehnat taʼtili kunlari uzaytirilishi mumkin

22:17 24 Dekabr 2021 Jamiyat
2344 0

Bugun Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining ekspertlar guruhi Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini koʻrib chiqdi.

Unda senatorlar, ekspertlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalarda 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, shuningdek, ish beruvchilar, xususan, qoʻshimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratmasligi taʼkidlandi.

Senatorlar tomonidan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur oʻrganilgani qayd etildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining maxsus qismi mehnat huquqining ayrim institutlariga bagʻishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi yangi normalarni oʻz ichiga olgan.

Shuningdek hujjat bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga avvalgi tartibdagidek 24 kalendar kuni emas balki yigirma yetti kalendar kun yillik uzaytirilgan taʼtil berilishi belgilanmoqda.

Yigʻilishda qoʻmita ekspertlari tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar keng muhokama qilindi. Xususan, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari, mehnat munosabatlaridagi kamsitish omillari, xizmat tekshiruvi hamda jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan berilgan takliflarni tahlil etdi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining qabul qilinishi xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini taʼminlash, ularning ijtimoiy hamkorlikka jalb qilinishi ortishi, mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi shakllarini faol rivojlantirish, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalari, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Ishchi guruh yigʻilishi yakuni boʻyicha qoʻmita xulosasiga taalluqli taklif va tavsiyalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?