Mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan parlament soʻrovini yuborish masalasi koʻrib chiqildi

13:55 26 Iyun 2025 Siyosat
180 0

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziriga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Senat aʼzolarining joylarda oʻz saylovchilari bilan uchrashuvlarida, shu jumladan sayyor qabullarda, Senatga kelib tushayotgan murojaatlarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda davlat idoralari, korxona va tashkilotlari mehnat qonunchiligiga yetarli darajada rioya etmayotganligi oqibatida soʻnggi vaqtlarda fuqarolar tomonidan eʼtirozlar bildirilmoqda. Shuni inobatga olib, ushbu masala Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan oʻrganilgan.

Jumladan, 2023-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan bandlik va mehnat munosabatlari bilan bogʻliq murojaatlar oʻrganish koʻrsatganidek, ayrim davlat idoralari, korxona va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati qoniqarsizligicha qolmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga mazkur masalalar boʻyicha 167 314 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, murojaatlar soni 2024-yilda (80 816 ta) 2023-yilga (86 498 ta) nisbatan qariyb 6 mingtaga yoki 7 foizga kamaygan boʻlsa-da, mehnatga haq toʻlash hamda mehnat va bandlik sohasidagi boshqaruv bilan bogʻliq masalalarga doir murojaatlar soni oshgan.

2024-yilda sudlarda koʻrilgan ishlar boʻyicha joylarda mehnat qonunchiligiga rioya qilmaslik oqibatida huquqi buzilgan fuqarolar foydasiga ish beruvchilardan 166 mlrd soʻm ish haqi, 22 mlrd soʻm majburiy progul uchun haq, 20 mlrd soʻm maʼnaviy zarar va 17 mlrd soʻm davlat boji undirilgan boʻlib, davlat tashkilotlari va idoralari ayrim rahbarlarining noqonuniy buyruqlari natijasida jami 225 mlrd soʻm miqdorida yoki 2023-yilga nisbatan 86 mlrd soʻmdan koʻp miqdorda zarar yetkazilgan.

Mehnat nizolarining aksariyatini ish haqini undirish, ishga tiklash, pulli kompensatsiya undirish, mehnat taʼtili, ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etganlik bilan bogʻliq nizolar tashkil etgan.

Aholining haqli eʼtirozlari koʻpayishi, adolatsizlik yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Muhokama natijasida mazkur masala yuzasidan parlament soʻrovi yuborish boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер