MDHga aʼzo davlatlar Adliya vazirlari kengashining XVII majlisida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri ma’ruza qildi

17:39 23 Sentyabr 2023 Siyosat
497 0

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan MDHga aʼzo davlatlar Adliya vazirlari kengashining XVII majlisi doirasida Oʻzbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov ma’ruza bilan chiqish qildi.

Vazir o‘z ma’ruzasini boshlar ekan yigʻilganlarga minnatdorchilik bildirib, davlat miqyosidagi bu kabi tadbirlar oʻzaro hamkorlikni yanada yuqori choʻqqilarga koʻtarishi va davlatlar rivojiga ulkan hissa qoʻshishini ta’kidladi. Shunigdek, oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan tub islohotlarda Adliya vazirligi tomonidan qilinayotgan ishlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, advokatura va jismoniy shaxslarga huquqiy yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Sohaga zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi advokatlik tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyatini tugatish, malaka imtihoniga ariza berish, shuningdek, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyani elektron shaklda berish imkonini berdi. 

Vazir yangi qabul qilingan “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga ham to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur qonun davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslar doirasini kengaytiradi. Shuningdek, qonunda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reestrini yuritishning ochiq va shaffof mexanizmlarini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Maʼruza chogʻida vazir davlat xizmatlari sohasi “Davlat xizmatlarini koʻrsatishda fuqarolar manfaatlari birinchi navbatda” tamoyili asosida  rivojlanayotganini ham taʼkidladi. 309 turdagi xizmat ko‘rsatuvchi 346 ta zamonaviy davlat xizmatlari markazlari tashkil etilib, 2023-yil oxirigacha koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari turlarini 350 taga, 2024-yil oxiriga qadar esa 450 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Oxirgi 5 yil davomida aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilinadigan 120 ta hujjatlar va ma’lumotnomalar bekor qilindi, 200 dan ortiq tartib-taomil soddalashtirildi.
Subyektlar faoliyatini litsenziyalash, faoliyatga ruxsat berish va u to‘g‘risida xabardor qilish imkonini beruvchi “litsenziya” axborot tizimi yaratilib, mazkur tizimda 115 ta davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan “saytdan ilovaga” tamoyilini keng joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilib, 2022-yil 1-avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsiy identifikatsiyalashning “Mobile-ID” tizimi joriy etildi.

Maʼruza davomida vazir qonunchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni malakali huquqiy qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekistonning huquqiy davlat maqomini yanada yuqoriga koʻtarish maqsadida zarur shart-sharoitlar yaratilib, ulkan ishlar amalga oshirilganini taʼkidladi.

Xususan, tartibga soluvchi taʼsirni baholash tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish tufayli tadbirkorlik subʼyektlari va aholiga 603,3 million AQSh dollari miqdorida asossiz xarajatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan 150 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bartaraf etildi.

Vazir oʻz soʻzini yakunlar ekan, Oʻzbekiston barcha sohalarni yanada takomillashtirish va raqamlashtirishga, shuningdek, ushbu yoʻnalishda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер