Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish ustidan qatʼiy parlament nazorati oʻrnatilishi belgilandi

14:48 21 Oktyabr 2021 Jamiyat
156 0

2021-yil 21-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan ilgari yuborilgan parlament soʻroviga Vazirlar Mahkamasining javobi koʻrib chiqildi.

Majlis davomida hukumatning parlament soʻroviga javobi batafsil muhokama etildi. Jumladan, senatorlar Oʻzbekistonda turizm sohasini tiklash, xorijiy turistlarning mahalliy turistlar bilan almashtirilishini taʼminlash maqsadida soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etish, shuningdek, turizm sohasi uchun subsidiyalar, ssudalar, grantlar shaklidagi moliyaviy yordam koʻrsatishni nazarda tutuvchi qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganini alohida taʼkidladilar.

Qayd etilganidek, 23 ta turistik tashkilotga 289,2 mln soʻm, barpo etilayotgan uch yulduzli 3 ta mehmonxonaga 1,2 mlrd soʻm subsidiya, shuningdek 37 ta turoperatorga 370,0 mln soʻm va 11 nafar tarjimon-gidlarga 55,0 mln soʻm miqdorida grantlar ajratilgan. Bundan tashqari, 50 ta turoperatorga 1,6 mlrd soʻm va 191 ta joylashtirish vositalariga 14,5 mlrd soʻm miqdorida foizsiz ssudalar ajratildi.

Shuningdek, mamlakatdagi bir qator aeroportlarda “ochiq osmon” rejimini oʻrnatish, fuqarolari Oʻzbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkin boʻlgan mamlakatlar roʻyxatini kengaytirish choralari koʻrildi. Turistlar uchun “Uzbekistan/Safe travel GUARFNTEED” sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi tizimi joriy etildi, ilk bor “Fast Track” xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekiston shaharlari oʻrtasida yangi avia va temir yoʻl reyslarini yoʻlga qoʻyish choralari koʻrildi. Ayrim umumxalq bayramlarini nishonlash davrida kamida uch kunlik dam olish kunlari berishni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi.

Shu bilan birga, boʻlib oʻtgan muhokamalar doirasida senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham borligini, ularning bartaraf etilishi esa mamlakatda turizmni tiklash va rivojlantirishga yordam berishini taʼkidladilar.

Xususan, eng yaxshi xalqaro tajriba asosida “Uzbekistan/ Safe travel GUARFNTEED” sanitariya-gigiyena xavfsizligi tizimini yanada takomillashtirish talab etiladi.

Turizm sohasida transport logistikasini rivojlantirish va eng avvalo, qoʻshni mamlakatlardan sayyohlar oqimini koʻpaytirish, hududlarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yer ajratishni soddalashtirish, turistik xizmatlar sifatini oshirish, yangi, istiqbolli bozorlarni topish maqsadida marketing tadqiqotlarini tashkil etish tizimini takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrish zarur.

Bundan tashqari, xorijiy sayyohlar uchun aviachiptalar narxini kamaytirish masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda, bunday chiptalar muqobil yoʻnalishlarga nisbatan oʻrtacha 30-50 foizga qimmat turadi.

Faol muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish ustidan qatʼiy parlament nazorati oʻrnatilishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?