Mavlono Muqimiyni hayratlantirgan qishloq

14:05 19 Sentyabr 2020 Madaniyat
301 0

“Ultarma”ga qildim yurush,

Yoʻldosh edi bit chitfurush.

Yetdim jadallab vaqti tush,

Bir dam qiziq bozor ekan.

Muqimiyning “Sayohatnomasi”da Fargʻona viloyatining oʻnlab qishloqlari va u yerda yashovchi insonlarning turmush tarzi, oʻziga xos jihatlari birda quvnoq hazil, baʼzan achchiq kinoya bilan yozilgan. Maqolaga peshlavha boʻlgan ushbu toʻrt satr Bagʻdod tumanining Ultarma qishlogʻi haqidagi ajoyib xotiralarni esga soladi.

Ultarma qishlogʻida shoirga hamroh boʻlgan oʻsha chitfurushning avlodlari bugun ham hunarmandchilik qilib, qora qozonini qaynatadi. Qoʻqon tomonlarda mashhur Ultarma bozori hali ham bor. Narx-navosi hamyonbopligi, roʻzgʻor uchun zarur istagan narsangizni topish mumkinligi, savdolashishning oddiy va chapani usullari saqlanib qolgani uchun bozorga bagʻdodliklardan tashqari, qoʻshni tumanlardan ham koʻpchilik keladi.

Ultarmaliklar tanti, dagari feʼli bilan mashhur. Nuroniylar bagʻdodcha shevada qishloqdan chiqib Qoʻqon xonlarining xos polvonlari bilan kurashda mardu maydon boʻlib yurgan ota-bobolari haqida faxr-iftixor bilan soʻzlashadi. Yaqin yillarda esa Rustam polvon Tojiyev qishloq nomini butun mamlakatga doston qildi. Polvonlar yurtning ori, gʻururi sanaladi.

Tabarruk maskanlar, qadimiy buloqlar qishloq hayoti koʻzga koʻrinmas qandaydir ilohiy rishtalar bilan chambarchas bogʻliqdek taassurot uygʻotadi. Buni qarangki, Qoʻqon shamoli Ultarmani chetlab oʻtadi. Qishloq ahlining dehqonchiligi, uy-joyiga taʼsir koʻrsatmaydi. Erta koʻklamda qoʻshni qishloqlar dehqonlari Qoʻqon shamolidan zada boʻlib, hovli boʻylab yugurgani yugurgan. Bunday paytda yoʻgʻon choʻziladigan, ingichka uziladigan ilik uzildi davridan qutilib, oftobda toblanishni xush koʻradigan ultarmaliklar yalpiz hidli ariqlar boʻyida Fargʻonacha askiya, gurungni qoyillatishadi.

— Ayni paytda qishloqda uchta mahalla boʻlib, savdo va hunarmandchilik, dehqonchilik yaxshi rivojlangan, — deydi Ultarma MFY raisi Muqimjon Erkayev.  — Aholi tomorqalaridagi issiqxonalarda limon yetishtiriladi. Xonadonlarning oʻrtacha 30 foizi limonchilikka ixtisoslashgan. Ultarma yongʻogʻi yurtimiz bozorlarida juda ham xaridorgir. Hamqishloqlarimiz chorhunar, tirikchilik uchun bakor keladigan har qanday ishni uddalab ketishadi. Shu bois Ultarmadan olimlar, ijodkorlar, hunarmandlar, mirishkor dehqonlar koʻp chiqadi. Bolalarimizni ham hayotiy, pishiq-puxta qilib tarbiyalashga harakat qilamiz.

Bagʻdodni butun dunyoda bilishadi, «Bagʻdodda hammayoq tinchmi?» degan mashhur iboraning oʻzi ham bu nom zamirida qandaydir jahongashtalik borligidan dalolatdir. Bugun ham bu yurt farzandlari ona sayyoramiz boʻylab oʻz rizq-nasibalarini terib yurgani bejiz emas.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?