Markaziy Qizilqumda yangi istiqbolli kon oʻzlashtirilmoqda

16:48 26 Sentyabr 2023 Jamiyat
713 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Respublikamiz Prezidentining “2022-2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan investitsiya loyihalari roʻyxatida “Aktau” konida uran qazish maydonini qurish loyihasini amalga oshirish vazifasi ham qoʻyilgan. Uch bosqichli loyihaning qiymati   5 mln. dollar boʻlib, uning amalga oshirilishi bilan 100 ga yaqin yangi ish oʻrinlari ochiladi.

Markaziy Qizilqumning shimoliy kengliklari Tomdi tumani hududida ushbu kon hudud geografiyasidan kelib chiqqan holda “Aktau” deb nomlangan. U “Navoiyuran” DK balansidagi yigirmanchi kon boʻlib roʻyxatga olindi. Umumiy maydoni 52 gektar boʻlgan konda hozirda tajriba-sanoat ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblarga koʻra konning zaxiralari 15 yilgacha yetadi.

— Bu yerda 1962-1965-yillarda geologik qidiruv ishlari olib borilgan va uning natijasiga koʻra, “Yuqori Eotsen” gorizonti qumli qatlamining oksidlanish zonasi chegaralarida uran mineralizatsiyasi aniqlangan, — deydi “Navoiyuran” DK “Zafarobod” kon boshqarmasi bosh geologi Murat Mirzayev. — Keyinchalik 2008-2015-yillarda “Aktau” konida “Boʻkantau” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi mutaxassislari tomonidan baholash va qidiruv ishlari olib borilib, yetarlicha boy uran mineralizatsiyasi rivojlanganligi aniqlandi va tajriba-sanoat ishlari boshlab yuborildi. Bu esa korxona xomashyo bazasini sezilarli darajada kengaytirdi.

Tajriba-sanoat ishlarini olib borishning asosiy vazifalari – uran maʼdanlarini yer ostida eritmaga oʻtkazish usuli bilan qazib olish imkoniyatini aniqlash hamda asosiy geotexnologik koʻrsatkichlar qiymatlarini olish va ishlab chiqarish rejimining optimal variantini tanlashdan iborat. Shu asosda “Aktau”da tajriba-sanoat ishlarida burgʻilash va tayyorgarlik ishlari
2021-yilning oʻrtalarida boshlanib, 2022-yil oktyabr oyida koʻzlangan natijaga erishildi. Bugungi kunda tajriba-sanoat ishlari natijasiga koʻra, yer ostida eritmaga oʻtkazish usuli bilan qazib olish imkoniyati juda samarali va unumdor ekanligi ham oʻz tasdigʻini topdi.

Hozirda konda 1 ta mahalliy sorbsion uskunasi ishlab turibdi. Undagi har bir jarayon mutaxassislarning nazoratida. Geotexnologik konlarda fizik-kimyoviy jarayonlar asosan yer ostida olib boriladi. Bunday usul esa geolog, geotexnolog, geofizik kabi mutaxassislardan yuqori bilim va   malaka talab etadi.

— Hozirda konda 7 ta burgʻilash qurilmasi ishlamoqda va tayyor burgʻilangan quduqlarda metall olish uchun passiv oksidlash jarayoni olib borilayapti, — deydi “Navoiyuran” DK geotexnologik boʻlim boshligʻi Anvar Safarov. — Joriy yilning fevral oyida 5-sonli mahalliy sorbsion uskunasi qurilib ishga tushirildi. Kelgusida jami 5 ta mahalliy sorbsion uskunalarning qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda kondagi 95 ta soʻrib oluvchi quduqlarning 50 tasidan uran olinmoqda. 25 tasi uran olish uchun tayyorlash bosqichida boʻlsa, qolgan quduqlar esa ishlab chiqarishda foydalanish uchun topshirish jarayonida. Kon maydoni nafaqat qumliklar, iqlim sharoitlari, balki ruda konlarining 500 metrgacha chuqurligi bilan ham murakkabdir.

Albatta, ishchi-xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ular uchun yetarlicha mehnat sharoitlarini yaratishning ishlab chiqarish samaradorligida oʻz oʻrni bor. Qizilqumning injiq ob-havo sharoitlari eʼtiborga olinib, “Aktau”da zamonaviy ishchilar qoʻrgʻonchasi bunyod etilgan. U 40 kishiga moʻljallangan oshxona, tibbiyot xonasi, ishchilar kiyinish va yuvinish xonalari, dam olish vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun maʼnaviyat va sport xonalari, yozgi dam olish ayvonidan iborat. Qoʻrgʻoncha atrofi obodonlashtirilib, hududda koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi hamda manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Bir soʻz bilan aytganda, istiqbolli konlardan biri boʻlgan “Aktau”ni oʻzlashtirish Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy barqarorligiga munosib hissa boʻlib qoʻshilmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?